Shavkat Mirziyoyev Norin GESlar kaskadining ishga tushirilgan birinchi elektr stansiyasini borib koʻrdi

19:30 16 Sentyabr 2025 Siyosat
159 0

Norin daryosida “birinchi milliy GES” ishga tushirildi.

Oʻtgan yili 25-mart kuni davlatimiz rahbari Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Bugun ulardan biri – Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida ushbu energetika inshootini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashda strategik yoʻnalish sifatida belgilangan. Oxirgi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda oʻndan ziyod quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, qator hududlarda 450 megavattli gidroelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi.

Hozirda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt boʻladi.

Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u toʻliq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu maʼnoda, uni mamlakatimizdagi “birinchi milliy GES” deyish mumkin.

GES-1-yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard soʻmlik qoʻshimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.

Oʻzbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

GESda suv toʻsish inshooti ham qurildi. Shuningdek, hududda maʼmuriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza qilish va hududni obod qilish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali koʻchat ekish rejalashtirilgan.

Shu jihatlari bilan bu yer nafaqat energetika, balki ekoturizm va rekreatsiya maskaniga ham aylanadi.

Umuman, Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026-yilda ikkinchi va uchinchi, 2027-yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt boʻlib, ularning faoliyatida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi.

Energetika tizimidagi bunday yirik loyihalar aholini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash, sanoat tarmoqlarini uzluksiz ishlatish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер