Shavkat Mirziyoyev muhim konsepsiyani tasdiqladi

Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining (keyingi oʻrinlarda – mahalliy Kengashlar) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha vakolatlarining takomillashayotganligi, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilanganligidan kelib chiqib, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini roʻyobga chiqarish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
a) mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish;
b) fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish;
v) hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish va Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman va shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, har bir boʻgʻindagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;
g) hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash.
II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari
2. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
b) Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida quyidagi vakolatlarni Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazish boʻyicha takliflarga rozilik berilsin:
a) davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalarini belgilash;
b) dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini tasdiqlash;
v) ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish;
g) yoʻllarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatib) ruxsat berish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) byudjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy byudjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
b) Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi;
v) mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etiladi;
g) mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi;
d) Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi oʻrinbosari instituti tashkil etiladi.
5. Konsepsiya doirasida quyidagi takliflarni amalga oshirishga rozilik berilsin:
a) viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarligiga nomzodlarni tegishli mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, Kengash sessiyalarida nomzodlar tomonidan oʻz yoʻnalishlari boʻyicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibini joriy etish;
b) mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish boʻyicha “Kengash soati” institutini joriy qilish;
v) mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalarini mahalliy byudjet parametrlarida alohida koʻrsatish orqali mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash shartlarini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat darajasidan past boʻlmagan holda belgilash;
g) mahalliy Kengashlarning Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslar tomonidan odob-axloq normalarini buzganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish huquqini berish;
d) Mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilish jarayonlarining ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqarolarning sessiya ishini bevosita kuzatish imkoniyatini yaratish. Bunda mahalliy Kengash sessiyalarida fuqarolarning sessiya ishiga aralashish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tartibini belgilash.
III. Axborot va dasturiy taʼminot
6. Raqamli texnologiyalar vazirligi bosqichma-bosqich “E-Kengash” elektron platformasini “qulaylik – soddalik – xavfsizlik” tamoyili asosida doimiy takomillashtirib borsin. Bunda “E-Kengash” elektron platformasida quyidagi asosiy imkoniyatlar boʻlishi nazarda tutilsin:
a) mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir hujjatlarni xavfsiz elektron arxiv platformasida (blockchain) saqlash imkoniyatini joriy etish;
b) katta hajmli maʼlumotlar bilan ishlashda jamlangan namunaviy hujjatlar, tahliliy maʼlumot, hisobot va axborotlardan foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali qaror loyihalarini ishlab chiqish jarayonida tezkorlik va qulaylik yaratish;
v) “E-Kengash” elektron platformasini turli tashqi xavflardan himoya qilish, axborot xavfsizligini taʼminlash va kiberhujumlarning oldini olish nuqtayi nazaridan takomillashtirish;
g) “E-Kengash” elektron platformasida hujjatlarni tasdiqlash va imzolashda Kengash raisini biometrik identifikatsiyalash (Face ID) texnologiyalarini joriy etish;
d) sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida mahalliy Kengashlar qaror loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
8. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Konsepsiya doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring