Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi - Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston va Turkmaniston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.
Doʻstlik, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
2024-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida oʻzaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda va kooperatsiya chuqurlashmoqda. Birgalikda “Shovot - Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasida tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklik, muhim forum va anjumanlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo plyus” formatida oʻtkaziladigan sammitlar hamda Toshkent shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan eʼlon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida oʻtkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring