Shavkat Mirziyoyev ertaga Surxondaryoga boradi

12:03 31 May 2021 Siyosat
1324 0

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati tomonidan brifing tashkil etildi.

Tadbirni Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari — Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov olib bordi va ommaviy axborot vositalari xodimlariga davlatimiz rahbari ishtirokida hafta davomidagi rasmiy tadbirlar xususida qisqacha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan hafta muhim rasmiy tadbirlarga boy boʻldi. Prezidentimiz huzurida maktabgacha taʼlim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari oʻrta taʼlimni tugatayotgan bitiruvchilarga tabrik yoʻlladi. Bu 438 ming nafar oʻgʻil-qiz uchun kutilmagan sovgʻa, har biriga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik belgisi boʻldi.

Oʻsimliklarni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari oʻtgan hafta Rossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar. Uchrashuv juda samarali boʻldi. Rossiya tomoni tibbiyot sohasida ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlatimiz rahbarining barcha takliflarini qoʻllab-quvvatladi.

Shuningdek, koʻp qavatli uy-joylar qurish va ularga xizmat koʻrsatishni yaxshilash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

— Xabaringiz bor, kecha Seul shahrida “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” xalqaro sammiti boshlandi. Bu dunyo liderlari ishtirokidagi juda muhim tadbir. Sammitning birinchi kuni doirasidagi muhokamalarda Oʻzbekiston Prezidenti bilan bir qatorda BMT Bosh kotibi, Koreya Respublikasi, Fransiya prezidentlari, Buyuk Britaniya Bosh vaziri va boshqa yetakchilar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini faollashtirish boʻyicha fikrlarini bildirdilar. Ular sammit ishtirokchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi. Sammit natijalari asosida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yengib oʻtish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi, — dedi Sh. Asadov.

Shu bilan birga, brifingda oʻtgan haftada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan hujjatlar mohiyati xususida ham maʼlumot berildi.

Oʻz navbtida, joriy haftaning muhim rasmiy tadbirlari anonsiga toʻxtalib oʻtildi.

— Bu haftada ham tadbirlarimiz juda koʻp, — dedi Prezident matbuot kotibi. — Bugun Prezidentimiz huzurida turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti boʻladi. Birinchi va ikkinchi iyun kunlari davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi rejalashtirilgan. Juma kuni esa yer hisobi va davlat kadastrlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlishi moʻljallangan.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga Sh. Asadov javob qaytardi.

Rahim ShERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?