“Sharq taronalari”: oʻzbekcha kuylagan yapon qizi

18:16 28 Avgust 2024 Madaniyat
255 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Registonning muazzam maydoni uzra turli tillarda ijro etilayotgan kuy-qoʻshiqlarni ezgulik jarchisi, deyish mumkin.

Dunyoning 80 yaqin davlatidan 400 nafardan ortiq musiqa sanʼati namoyandalari qatnashayotgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali tanlovining dastlabki kunida Bolgariya, Latviya, Sudan, Gretsiya, Hindiston, Qozogʻiston, Eron, Turkmaniston, Yaponiya, Malayziya, Mongoliya, Ozarbayjon vakillari oʻz dasturlarini namoyish etdi.

Yaponiyadan kelgan musiqa oʻqituvchisi Mashu Komazaki dutor chalib, oʻzbek milliy qoʻshiqlarini kuylaganda barcha muxlislar uni qizgʻin olqishladi.

— Oʻzbek sanʼatiga qiziqishim tufayli toʻqqiz yil oldin oʻzbek tilini oʻrganishni boshlaganman, — deydi Mashu Komazaki. — Maqom sanʼatida qandaydir sehr bor. Men ularni tinglab, ijro etganimda rohatlanaman. Dutor chalishni oʻrgandim. Goʻzal Registonda oʻzbekcha kuylab, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldim.

Shuningdek, tanlovning dastlabki kunida Oʻzbekiston vakillari – xonanda Gulchiroy Baxshilloyeva hamda Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri qoshidagi milliy mumtoz ansambli naychisi Toshtemur Shukrullayev ham chiqish qildi. Bu yilgi festival tanlovida hali yana 30 dan ortiq mamlakat musiqiy jamoalari, xonanda va sozandalari oʻz musiqiy dasturlarini taqdim etadi.

Kuni kecha “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY qoshidagi turkiy davlatlar sanʼat universitetlari ittifoqi yigʻilishda Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti ittifoq aʼzoligiga qabul qilindi.

Bugun Oʻzbekiston, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Kanada, Gambiya, Xitoy, Iordaniya va Vengriya mamlakatlari madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, ushbu yoʻnalish oliy taʼlim professor-oʻqituvchilari hamda rektor va prorektorlari ishtirokida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy sozanda va xonandalik yoʻnalishida kadrlar tayyorlash hamda hozirgi globallashuv jarayonida yoshlarning maʼnaviy immunitetini shakllantirish masalalarini muhokama etildi.

— Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Maqom kapsulasi” taqdimoti anjumanning ijodiy choʻqqisi boʻldi, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva. — Maqom kapsulasi ilmiy yangilik boʻlib, unda har bir maqomning ijro vaqti hamda uning inson ruhiyatiga ijobiy taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamlangan “Qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma” ham taqdim etildi.

Festival ishtirokchilari Samarqand shahri va bir qator tumanlarda oʻz konsert dasturlarini jonli ijro etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?