Sharq madaniyati va adabiyotining gultoji
Adabiyot va sanʼat — xalqimiz maʼnaviy olamini yuksaltirishda alohida ahamiyatga ega. Bu yoʻlda adabiyot vakillarining ijodini oʻqib-oʻrganish, keng targʻib qilish asosiy vazifamiz hisoblanadi. Xuddi shunday adabiyotimizning yirik namoyandalaridan biri shox va shoir, buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Taʼkidlash joizki, uning hayoti va ijodi asrlar davomida dunyo olimlarining diqqat eʼtiborini tortib kelmoqda.
Quyidagi xorijliklarning fikrlari, dil izhorlaridan ham buni bilib olish mushkul emas.
Xelmut DALOV,
boburshunos olim, adabiyotshunos va tarjimon (Germaniya):
— Sharq mumtoz oʻrta asr mutafakkirlari orasida jahon sharqshunosligida eng erta oʻrganila boshlagan, maʼlum va mashhur boʻlgan, Bobur darajasida shuhrat topgan shaxsiyat juda kam topiladi.
Zahiriddin Muhammad Boburning mumtoz shoir sifatidagi merosini eʼtirof etgan holda shuni taʼkidlash joizki, unga jahoniy shuhrat keltirgan asar «Vaqoye» (Voqeʼalar), keyinchalik “Boburnoma” asarining koʻplab jahon tillariga qilingan tarjimalaridir.
“Boburnoma” asari memuar janrning mukammal namunasi, tarixiy-badiiy manba hisoblanadi. Shuningdek, asar turli tillarda adabiyotshunoslar, tarixchilar, tilshunoslar, sanʼatshunoslar, etnograflar, hayvonot va nabotot sohasi vakillarining tadqiqot manbasiga aylangan.
Mening Boburga boʻlgan muhabbatim aynan “Boburnoma” asari orqali uygʻongan. Oʻtgan yili Germaniyada mening tarjimamda “Boburnoma”ning yangi, toʻldirilgan nashri chop etildi. Oʻz tarjimamda qolgan tarjimalardan farqli oʻlaroq asardagi qahramonlar hayoti va oʻsha davr voqeligini aks ettirishda asl tarixiy haqiqatlarni ochishga harakat qildim. 2022-yil oktyabr oyida Germaniyada mazkur kitobning taqdimotini tashkillashtirdik.
Oʻylaymanki, bu asar Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyatini, ijodini germaniyalik oʻquvchilarga ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kerol ERMAKOVA,
adabiyotshunos va tarjimon (Buyuk Britaniya):
— Bu benazir shaxs 47 yilgina yashab bizga hayot umrguzaronlik qilishda emas, balki insoniyatga nechogʻli foydamiz tegishida, ular uchun nimani meros qoldirishda ekanini anglatgani bilan juda qadrlidir. Uning asarlaridagi yuksak sanʼatkorlik, goʻzal badiiyat, inson shaʼnini ulugʻlash kabi jihatlarini boshqa ijodkorda topish mushkul.
Bu yil mening tarjimamda Karimov fondi tomonidan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Bobur. Yulduzli tunlar” («Babur: Starry Nights») romani chop etildi. Tarjima matni Juli Uikenden tomonidan tahrirlandi. Taniqli oʻzbek rassomi Bobur Ismoilov esa kitob uchun suratlar ishladi. Kitob Fransiyaning nufuzli «Nouveau Monde Editions» nashriyotida nashr qilindi.
Tarixiy roman atoqli shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning dramatik hodisalarga boy qismatidan hikoya qiladi.
Kitob oʻqir ekansiz, XV–XVI asrlarda Markaziy Osiyo va Hindistonda kechgan tarixiy voqealar bilan yaqindan tanishasiz.
Bobur va u bilan bogʻliq asarlarning oʻquvchilarimiz qoʻliga yetib borishi u haqdagi bilimlar oshishi, tasavvurlarning kengayishida muhim rol oʻynaydi, albatta. Shu yoʻlda mening ham bu ishga zarracha boʻlsada nafimiz tekkan boʻlsa, xursandman.
Aviva ROZENTAL,
Smitson Osiyo Milliy sanʼat muzeyi xodimi (AQSH):
— Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini belgilab beruvchi ulugʻ shohlari, buyuk olimlari, yirik adib va shoirlari boʻladi. Iskandari Maqduniy, Suqrot, Arastu, Buqrot, Yevripid, Homer kabilarni eslaganimizda, millatlarning buyuk merosi, madaniyati qanchalar ulugʻvorligi va nafosati namoyon boʻladi. Shubhasiz Zahiriddin Muhammad Bobur ham nafaqat oʻzbek millati, balki dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan shaxslardan biridir. Shoh va sarkarda, shoir va faylasuf Zahiriddin Muhammad Bobur haqida soʻz ketganda uning siyosat, adabiyot, iqtisod, jugʻrofiya bobida avlodlarga qoldirgan buyuk madaniy meroslarini eslash oʻrinli, albatta.
Bobur ijodi, keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan bugungi kunda ham dunyo adabiyotshunoslari, tadqiqotchilar, adabiyot muhiblari hamda keng jamoatchilik orasida alohida hurmatga sazovor boʻlgan.
2021-yilda muzeyimizda Bobur va boburiylar merosi mavzusiga bagʻishlab oʻzbekistonlik va amerikalik olimlar ishtirokida qoʻshma ilmiy-amaliy simpozium tashkil etildi. Koʻrgazmada AQSH muzeyida boburiylar davriga oid saqlanayotgan 20 dan ziyod noyob artefakt namoyish qilindi.
Hozir ham muzeyimizda Bobur hayoti va ijodi, jumladan, boburiylar davri madaniyatini kengroq yoritish borasida ishlar jadal ravishda olib borilmoqda.
Tohir FORUQ,
“Ittihod” gazetasi bosh muharriri (Pokiston):
— «Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq,
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ».
Dunyoda talotoʻplar, urushlar kechayotgan bir paytda toʻsatdan Boburning ushbu misralari yodimga tushadi. U oʻz sheʼrida bu dunyoning oʻtkinchiligini, insondan faqatgina ezgulik va yaxshilikkina qolishini kuyunib yozganday nazarimda. Darhaqiqat, Bobur goʻzal xulq-atvor egasi, taqvo, shijoat, halollik, vafodorlik, sabr-toqat, himmat, adolat, rahm-shafqat kabi xislatlarni oʻzida mujassamlashtirgan edi.
Bu buyuk mutafakkir oliyjanoblikni, odamlar oʻrtasidagi doʻstlikni, oʻz ishiga fidoyilikni, insonning ideallari va ijodiy imkoniyatlariga boyligini ulugʻlagan, fidokorona mehnat qilishga katta hurmat bilan qaragan, inson qadr-qimmatini yuksak qadrlagan. Bobur oʻz asarlarida ochkoʻzlik, sotqinlik, shuhratparastlik kabi – shaxsni tubanlikka yoʻliqtiruvchi salbiy xislatlarni tanqid qiladi, odamlarga, ayniqsa yosh avlodga samimiy maslahatlar beradi.
Zahiriddin Muhammad Boburdagi tabiiy isteʼdod uning har tomonlama rivojlangan va qomusiy bilimlarni oʻzida mujassamlantirgan shaxsiyati, aql-zakovati, insoniy xislatlari va qolaversa ochikkoʻngilligi bugungi kun insonida yuksak maʼnaviy-axloqiy xislatlarni tarbiyalashda zaruriy manba boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Rahmatjon BOBOJONOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring