Shaxmatchilarimiz “Grand Swiss Tournament” xalqaro turnirida munosib ishtirok etmoqda

16:21 02 Noyabr 2021 Sport
1053 0

Аyni kunlarda Latviyaning Riga shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli “Grand Swiss Tournament” xalqaro turniri davom etmoqda. Kecha musobaqa doirasida 5-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

5-tur bahslarida hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda mezbon shaxmatchi Nikita Meshkovni mag‘lub etdi. Shuni ta’kidlash kerak, Meshkov FIDE reytingida Sh.Vohidovdan yuqorida turadi.

Qolgan uch nafar shaxmatchimiz esa durang qayd etdi. Jumladan, Nodirbek Abdusattorov oq donalarda harakat qilgan bo‘lishiga qaramay, rossiyalik taniqli shaxmatchi Daniil Dubov bilan murosa ko‘chasini tanladi.

Javohir Sindarov esa qora donalarda Xitoy vakili Jianchao Jou bilan durang qayd etdi. Va nihoyat so‘nggi vakilimiz Nodirbek Yoqubboyev ham ukrainalik Pavel Eljanov bilan yarim ochkodan bo‘lishib oldi.

5-turdan so‘ng hamyurtlarimiz orasida eng yaxshi natijani Nodirbek Abdusattorov qayd etib turibdi. U 3 ochko bilan 18-48-o‘rinlarni egallab turibdi.

Yoqubboyev 2,5 ochko jamg‘argan bo‘lsa, Sindarov hisobida 2 ochko mavjud. Shamsiddin Vohidov kechagi g‘alabadan so‘ng o‘z ochkolarini 1,5 taga yetkazib oldi va umumiy jadvalda yuqorilashga muvaffaq bo‘ldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?