Shaxmatchilar qishlogʻi

10:10 14 Noyabr 2025 Jamiyat
142 0

Boyovut tumanidagi Tinchlik mahallasi shaxmatchilar qishlogʻi sanaladi. Negaki, mazkur qishloqda shu sport turiga qiziquvchilar koʻp. Zero, shaxmat oz emas, 20 ga yaqin oila aʼzolarining doimiy mashgʻulotiga aylangan. Eʼtiborlisi, mahallaning shaxmat boʻyicha oʻz chempionati ham bor. Ushbu musobaqa yilda bir emas, har haftaning shanba yoki yakshanba kunlari tashkil etiladi. Gʻoliblarga beriladigan hech bir sovrini yoʻq ushbu bahsda sovgʻa emas, oʻzaro tajriba almashish, mahoratni oshirish eng katta natija hisoblanadi. Bu musobaqalar oʻziga xos shaxmat darsi ham sanaladi.

Mazkur mahallada shaxmatning keng koʻlamda rivoj topishida ustoz murabbiy, FIDE ustasi, “Shuhrat” medali sohibi, rahmatli Mamatqul Xaylayevning oʻrni beqiyos. U Toshkentda, institutda oʻqigan 90-yillarda shaxmat kitoblari va jurnallarini oʻqish barobarida bevosita shaxmat oʻynash bilan shugʻullandi. Oʻsha vaqtlarda shaxmatga oid jurnallar va kitoblar asosan rus tilida edi. Bu esa Mamatqul Xaylayevning kelgusida oʻzbek tilidagi “Shaxmat saboqlari”, “Shaxmat” , “Shaxmat. FIDE qoidalari”, “Shaxmat alifbosi” kabi qoʻllanmalari, kitoblarini yaratishiga turtki boʻldi. Mamatqul Xaylayev shaxmat boʻyicha taniqli va bilimdon sport jurnalisti ham edi. Yaʼni u “Sport” telekanalining “Shaxmat saboqlari” va “Shaxmat durdonalari” koʻrsatuvlarining ajoyib boshlovchisi sifatida el eʼtiborini qozongandi. Shaxmat bilimdoni Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi ham boʻlgan. U boshchilik qilgan oʻsmirlar va qizlar terma jamoamiz 2008-yil Fransiyaning Parij shahrida, 2012-yil Braziliyada oʻtkazilgan jahon chempionatlarida, 2014-yil Vengriyaning Budapesht shahrida oʻtgan Oʻsmirlar oʻrtasidagi butunjahon shaxmat olimpiadasida gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olgan. Qisqa umri davomida mamlakatimizda shaxmatning rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan Mamatqul Xaylayevning tugʻilib oʻsgan qishlogʻida yaratgan shaxmat boʻyicha mahorat maktabi bugungi kunda ham oʻzining katta samarasini bermoqda.

Binobarin, koʻp yillardan buyon va hozirda ham Tinchlik mahallasidan koʻplab iqtidorli shaxmatchilar yetishib chiqmoqda. Xususan, Anvar Xaylayev, Jamshid Shodiqulov kattalar birinchi ligasi musobaqalarida sport ustaligiga nomzod, Elbek Jumanov esa FIDE sport ustasi hisoblanadi. Mirjalol Qosimov, Otabek Xaylayev, Abdugʻani Ochilov esa respublika va xalqaro miqyosdagi koʻplab turnirlarda sovrindor boʻlib kelmoqda. Albatta, bu borada Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, taniqli shaxmatchi Sarvinoz Qurbonboyeva erishgan yutuqlarni alohida eʼtirof etish oʻrinlidir. Zero, 21 karra Oʻzbekiston chempioni, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori, xalqaro ayollar grossmeysteri Sarvinoz Qurbonboyeva ham Tinchlik mahallasida tugʻilib oʻsgan. Shu manzilda shaxmat boʻyicha mahoratini oshirgan sportchidir.

Bugungi kunda Tinchlik mahallasining Malika Jumayeva, Lazizbek Shavkatov, Hojiakbar Alijonov, Iroda Jumayeva, Zafar Otabekov, Humoyun Saparov kabi yosh shaxmatchilari borki, ular respublika va xalqaro miqyosdagi turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Eʼtiborlisi, ushbu sport turi bilan shugʻullanayotganlar juda yosh sportchilar ham bor. Masalan, 5 yoshli Kamola Mamatqulova Sirdaryo viloyati chempionatida qatnashdi. Tengdosh raqibi boʻlmagani bois oʻzidan katta 7 yoshli shaxmatchi qizlarga qarshi dona surishiga toʻgʻri keldi. U oʻz iqtidori va mahorati bilan barchani qoyil qoldirdi. Yakuniy natijalarga koʻra mazkur musobaqada ikkinchi oʻrinni egallab, Oʻzbekiston chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

– Mahallamizda yaratilgan shaxmat mahorat maktabi shu sport turi boʻyicha mutaxassis boʻlishimning asosiy omili boʻldi, – deydi Guliston shahridagi xususiy maktablardan birining shaxmat murabbiyi Samandar Jumayev. – Qishlogʻimizdan yetishib chiqqan shaxmat murabbiylari koʻp. Demoqchimanki, bevosita mohir shaxmatchilar bilan birga shaxmat sporti boʻyicha malakali mutaxassislarimiz ham koʻpaymoqda. Ishonchim komilki, kelajakda mahallamizdan jahon chempionlari ham yetishib chiqadi.

Ahmadali ShERNAZAROV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?