Serqirra isteʼdod sohibi

22:45 26 Fevral 2024 Jamiyat
49 0

Hayotning qaynoq nuqtalarida axborot izlash, yangiliklarni ommaga haqqoniy yetkazish, xolis munosabat bildirish asosiy vazifasi boʻlgan jurnalistika sohasi vakillari elga tez taniladi.

Shunday ustoz hamkasblardan biri Toʻlqin Siddiqovdir. U umrining deyarli ellik yilini jurnalistika sohasiga bagʻishlagan. “Andijonnoma” gazetasida eʼlon qilingan maqola, reportaj, ocherklari orqali turmushimizda uchraydigan kamchilik va muammolar, ularni bartaraf etish yoʻllarini tilga olgan. Ayniqsa, sport sohasidagi publitsistik chiqishlari bilan nom qozongan. Shaxsiy arxividagi suratlarda oʻnlab nomdor charm qoʻlqop ustalari, ogʻir atletikachilar, kurashchilar, ularning murabbiylari tasvirlangan.

…Tadbirkorlik endi-endi teta-poya boʻlayotgan davr. Erkin faoliyat yuritishda muammolar bisyor vaqt. “Jannat” masʼuliyati cheklangan jamiyat Rossiyadan import qilinayotgan talabgor mahsulot ishlab chiqarishga kirishadi. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning nooʻrin aralashuvi bois korxona toʻxtab qoladi. Shunda gazetada “Jannat”ga hujum” nomli maqola eʼlon qilinadi. Uzoq surishtiruv va ziddiyatlardan soʻng muammo sudda jurnalist va korxona foydasiga hal boʻladi.

Yana bir misol. Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan ot sporti klubining noqonuniy oʻzlashtirilishi yuzasidan yozgan maqolasi boʻyicha ham sudlashishga toʻgʻri kelgan. Aks-sado bergan chiqishlari orasida “Hayoni asrang, qizlar!» nomli maqolasini aytish oʻrinli boʻladi.

Badiiy soʻz ixlosmandlari orasida ham Toʻlqin Siddiqov oʻz oʻquvchilariga ega. “Lahzalarda hayot surati”, “Kunlarning birida” nomli kitoblariga kiritilgan asarlari bilan tanishar ekansiz, muallif turli janrlarda birdek mohir qalam tebratishiga ishonch hosil qilasiz.

Qahramonimizning sheʼriyat bobida ham durustgina tajribasi bor. “Avesto” deya nomlangan katta tennis ishqibozlari klubi tashkil etilgach, Т.Сиддиқов sportning shu turiga atab sheʼr bitadi. Mahalliy bastakorlardan biri uni kuyga soladi. Natijada asar klubning madhiyasi sifatida eʼtirof etilib, turli musobaqalarda ijro etib kelinmoqda.

Darvoqe, keksa jurnalist hozir ham tennis bilan muntazam shugʻullanib turadi. Oq-qora kataklar boʻyicha dona surish borasida esa shaxmatchilarga munosib raqiblik qiladi.

Jamoat ishlarida faol Toʻlqin Siddiqov tahririyat tomonidan tashkil etilgan hamda Xotira va Qadrlash kunida oʻtkaziladigan yengil atletika boʻyicha anʼanaviy estafetani uyushtirishga har yili bosh-qosh boʻlib kelgan. Bu tadbir nafaqat sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sportni ommalashtirish, avlodlar muloqotini mustahkamlashga, balki inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan edi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan turli tanlovlarda bir necha bor gʻolib boʻlgan. Shu oyda 75 yoshini qarshilagan Toʻlqin aka Siddiqov ijoddan toʻxtamagan. Sevimli mashgʻuloti boʻlgan tennisni kanda qilmaydi.

Aʼzamjon QODIROV.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?