Senatda “Ona tilim – faxrim”  nomli adabiy kecha oʻtkazildi

18:11 19 Oktyabr 2023 Madaniyat
577 0

Joriy yilning 19-oktyabr kuni   Oliy Majlis Senatida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda   Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan  “Ona tilim – faxrim”  nomli adabiy kecha oʻtkazildi.

Tadbir davomida maktab jamoasi va oʻquvchilari parlament faoliyati, xususan, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoni bilan yaqindan tanishdi hamda senatorlar bilan oʻtgan jonli muloqot natijasida siyosiy bilim va koʻnikmalarini yanada boyitdilar. 

Unda oʻzbek tiliga oid ilmiy izlanishlar, lugʻatlar yaratish, xorijiy tillarning tilimizga va aksincha, oʻzbek tilining oʻzga tillarga taʼsiri haqida soʻz yuritildi. Soʻnggi yillarda oʻzbek tili va adabiyotini taraqqiy ettirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi. 

Oʻz navbatida, oʻquvchilar tomonidan mavzuga oid badiiy dastur namoyish qilindi. Ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar, hikmatli soʻzlar va qoʻshiqlar ijro etildi. 

Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir davomida drama toʻgaragi aʼzolari ham oʻzlari tomonidan tayyorlangan “Qasamyod” spektaklini ishtirokchilar eʼtiboriga havola etdi. Ushbu spektaklda XX asr boshlarida oʻzbek tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan jadidlar obrazi gavdalantirildi hamda bunda oʻquvchilarning oʻz rollarini mohirona ijro etishi tomoshabinlar qalbida jadidlarga nisbatan muhabbat va faxr tuygʻusini yanada mustahkamladi.

Qiziqarli muloqot davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?