Senat qoʻmitasi Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʻsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilishni qoʻllab-quvvatladi

18:19 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
196 0

Foto: Akmal Muhammadov, “Xalq soʻzi”

24-oktabr 2023-yil Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasida Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. “Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʻsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Anqara, 2023-yil 16-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun shular jumlasidandir.

Qoʻmita majlisida senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʻzolari, hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda bitimning asosiy maqsadi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʻzo-davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashishga yoʻnaltirilgan xalqaro moliya tashkiloti shaklida Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish ekanligi taʻkidlandi.

Bitim Turkiy investitsiya jamgʻarmasining maqsadlari, vazifalari, vakolatlari va tarkibini belgilaydi.

Senatorlar mazkur kelishuvning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonga iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash imkonini berishini alohida taʻkidladilar.

Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?