Savdo-sanoat palatasi: “Palataga majburiy aʼzolikning joriy etilishi Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid emas”
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi ommaviy axborot vositalarida tadbirkorlarning tashkilotga majburiy aʼzoligi boʻyicha chiqqan xabarlarga munosabat bildirdi.
Dunyoda Savdo-sanoat palatalarini tashkil etishning bir nechta modellari mavjud. Yevropa modeli tadbirkorlarning umummajburiy aʼzoligiga asoslanadi (Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstriya, Turkiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar). Shuningdek qisman majburiy aʼzolik (Yaponiya, Singapur) va ixtiyoriy aʼzolik modellari mavjud (Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston)
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari birlashuvining huquqiy asoslari “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) qonunning 10-moddasida belgilab qoʻyilgan boʻlib, unda uyushmaning maqsadi, xususan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish vakolatlari aniq belgilab qoʻyilgan.
Palata, tadbirkorlar uyushmasi sifatida 1996-yilda tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.07.2017-yildagi 5087-sonli Farmoni bilan Palataning tarkibi va funksiyalari tubdan qayta tashkil etildi.
Palata zimmasiga biznes manfaatlarini huquqiy himoya qilish, uni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarni biznes asoslariga oʻqitish kabi bir qator funksiyalar yuklatilgan.
Belgilangan funksiyalarni bajarib borib, birgina 2019-yilda Palata tomonidan tadbirkorlar ishtirokida 888 ta meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi oʻtkazildi, shundan 521 ta loyihalar biznesni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi aniqlangan; tadbirkorlar manfaatlarida 6,3 trln. soʻmlik 70 mingdan ortiq daʼvo arizalari kiritilgan; Palataning hakamlik sudlari tomonidan 243 mlrd soʻm miqdorida 10,6 mingta daʼvo arizalari koʻrib chiqildi; 184,7 mingta bepul xizmat koʻrsatildi (bu barcha xizmatlarning 94,7 foizi); 130 mln.AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinishiga va 67,7 mln.AQSH dollariga teng mini-texnologiyalar sotib olishga koʻmaklashdi; 75 ta biznes forumlar va koʻrgazmalar tashkil etildi; 15,4 ming fuqarolar va tadbirkorlar biznes asoslari boʻyicha oʻqitildi, ulardan 79 nafari chet elda malaka oshirdi.
Bu Palata xodimlari bajaradigan ishlarning atigi bir qismi. Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha deyarli barcha choralar Palata tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlanadi, uning yagona manbai aʼzolik badallari hisoblanadi. Masalan, bitta biznes-forum kabi bunday tadbirlarni oʻtkazish uchun katta mablagʻ va kuch talab qilinishi mumkin.
Palata kichik biznesni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimida muhim oʻrin egallaydi. Shu bilan birga, unga yuklangan vazifalarni faqat yuqori malakali xodimlarni jalb qilgan holda barqaror moliyaviy holati mavjudligida bajarish mumkin.
“Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi qonun”da (yangi tahrirda) qisman majburiy aʼzolik joriy etilgan. Bugungi kunda Palata aʼzolari 20321 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt (shundan atigi 4575 tasi 2019-yilda aʼzolik badalini toʻlagan) boʻlib, shulardan 15978 — yakka tartibdagi tadbirkorlar, 218 — yirik tadbirkorlik subyektlari, 4125 — boshqa yuridik shaxslardir. Agar mamlakatda 663270 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritayotganligini hisobga olsak, ularning atigi 3,1 foizi Palata aʼzolaridir.
Ushbu qonunning 17-moddasida faqat yirik tadbirkorlik subyektlarining majburiy aʼzoligi nazarda tutilgan. Amaliyotda xam, qonunning ushbu normasi aynan shunday amalga oshiriladi. Mavjud 2313 ana shunday korxonalardan bor yoʻgʻi 218 tasi Palataning majburiy aʼzosi boʻldi, ularning aksariyati davlat ulushiga ega.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida kichik biznes subyektlari: yakka tartibdagi tadbirkorlar; mikrofirmalar va kichik korxonalardir.
Bu qonunning 3-moddasiga binoan tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, oʻzi tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir.
Bundan kelib chiqadiki, yuqorida qayd etilgan kichik biznes subyektlari ham xususiy tadbirkorlardir va qonunda ularga ixtiyoriy aʼzolik belgilab qoʻyilgan.
Shu bilan birga, Palataga qisman majburiy aʼzolikning joriy etilishi Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid emas.
Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasida “Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar hamda boshqa ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarini tuzishning, ular faoliyatining, qayta tashkil etilishi va tugatilishining xususiyatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasining u yoki bu munosabatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonunning normalari qoʻllaniladi” deb belgilangan.
SSPga aʼzolik masalasi maxsus qonun bilan hal qilinganligi sababli, qisman majburiy aʼzolik ushbu qonunning 2-moddasiga zid kelmaydi.
Qonunda “va xususiy tadbirkorlik” soʻzlari chiqarib tashlanishi faqat yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlarning aʼzoligini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, kichik biznes subyektlari uchun esa aʼzolik ixtiyoriy boʻlib qoladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring