Saudiyada Ukraina taqdiri muhokama qilinmoqda

14:00 18 Fevral 2025 Dunyo
377 0

Bugun AQSH va Rossiya vakillari Saudiya Arabistonida Ukrainadagi urushni tugatish masalasini koʻrib chiqmoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ushbu muzokarasi Tramp va Putinning uchrashuvini taʼminlab berishi mumkin.

Qayd etish kerakki, oʻtgan hafta Tramp maʼmuriyati Ukraina va Yevropasiz urushni hal qilishga kirishganidan keyin Yevropa davlatlari dushanba kuni Parijda favqulodda muzokaralar oʻtkazgandi.

Xabar qilinishicha, Fransiyadagi uchrashuv mavzusi Yevropa qoʻshinlarini Ukrainaga joylashtirish va mintaqa ittifoqchilarining mudofaa xarajatlarini koʻpaytirish boʻlgan. Shuningdek, qitʼaning milliy xavfsizligi uchun muhim masalalar muhokama qilindi.

NATO kotibi Mark Ryutte Parij muzokaralari Yevropa rahbarlari uchun tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlashda strategiya tuzish uchun imkoniyat yaratganini maʼlum qildi. Kotibning aytishicha, Ukraina tinchligini taʼminlashda mamlakatga tinchlikparvar kuchlar ham joylashtirilishi mumkin. Bu jarayonga Amerika ham qoʻshilishi muhim sanaladi. Shundagina Putin qaytib tajovuz qilmaydi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Parij sammitidan keyin Makron bilan suhbatlashib, Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini talab qilgan. Tramp maʼmuriyati vakili Pit Xegset Ukrainaning NATOga aʼzoligini soʻroq ostiga olishi, Yevropa xavfsizligi endi Amerika uchun ustuvor emasligini aytganidan buyon mintaqa tashvishga tushib qoldi. Tramp va Putin suhbati esa “dard ustiga chipqon” boʻldi.

Undan tashqari juma kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq soʻzlagan AQSH vitse-prezidenti DJ Vens Yevropa vakillarini soʻz erkinligini taʼqib qilishda ayblagan.

Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining Rossiya va Yevroosiyo boʻyicha katta xodimi Nayjel Gould-Devisga koʻra, Tramp hokimiyati jarayonni tezroq hal qilish asnosida shoshqaloqlik qilmoqda va bu bir qator zaif nuqtalarni ochib beradi. Bildirilishicha, ushbu harakat natijasida Putinning qoʻlida ekspluatatsiya qilish uchun koʻp imkoniyatlar toʻplanib qoladi.

Zelenskiy “Ukrainasiz Ukraina haqida” tamoyiliga rozi emas. Agar Vashington Kiyevga xavfsizlik kafolatini bersa, Zelenskiy Qoʻshma Shtatlarni qiziqtirayotgan noyob yer minerallariga kirishga ruxsat beradi.

Maʼlumotlarga koʻra, Trampning Rossiya-Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog payshanba kuni Ukrainaga tashrif buyuradi va Zelenskiy uni frontdagi askarlar bilan uchrashtirmoqchi. Shunda u haqiqiy vaziyatni oʻz koʻzi bilan koʻradi.

Ayni soatlarda Saudiyada AQSH va Rossiya rasmiylari oʻrtasida muzokaralar davom etmoqda. CNN tomonidan Rossiya murosaga kelishga tayyormi yoki yoʻqmi, degan savolga Lavrov muzokaralarga jiddiy yondashish kerakligini aytgan, xolos.

Shuningdek, Zelenskiy bugun ertalab Turkiyaga yetib borgani maʼlum qilindi. Hozircha boshqa tafsilotlar maʼlum emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?