Венесуэла президенти Николас Мадуро мамлакат ҳаво мудофаа тизимида Россияда ишлаб чиқарилган 5 мингта зенит ракета мавжудлигини маълум қилди.

12:23 24 Oktyabr 2025 Dunyo
150 0

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakat havo mudofaa tizimida Rossiyada ishlab chiqarilgan 5 mingta zenit raketa mavjudligini maʼlum qildi. Bu bayonot AQSHning Karib havzasida harbiy faoliyati kuchayib borayotgan bir paytga toʻgʻri keldi.

AQSH prezidenti Donald Tramp narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash doirasida hamda Vashingtonning doimiy raqibi Maduro hokimiyatini zaiflashtirish maqsadida Venesuelaga qarshi harbiy harakatlar olib borishini taʼkidladi.

Maduro eʼtirof etgan Rossiya zenit tizimlari AQSHning “Stinger” quroliga oʻxshash boʻlib, qisqa masofada va past balandlikda harakatlanadigan nishonlarni urib tushirishga moʻljallangan. Ular qanotli raketalar, dronlar, vertolyotlar va pastdan uchuvchi samolyotlarni samarali yoʻq qilish qobiliyatiga ega.

“Rosoboroneksport” maʼlumotlariga koʻra, mazkur tizimlar 6 kilometrgacha masofadagi, 3,5 kilometr balandlikdagi nishonlarga zarba bera oladi.

AQSH esa kartellarga qarshi operatsiyalarni kuchaytirish va harbiy qudratni namoyish etish maqsadida Karib dengiziga 4,5 mingga yaqin dengiz piyodalari va harbiylarni joylashtirdi. Ular giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullangani aytilgan qayiqlarga bir necha marta qaqshatqich zarbalar berdi.

Biroq Amerikadagi qator qonunchilar “narko-qayiqlar”ga berilgan zarbalarning qonuniyligiga shubha bilan qaray boshladi.

Oʻtgan hafta Tramp Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuelada yashirin operatsiyalar oʻtkazishga ruxsat berganini maʼlum qildi. AQSH rasmiylarining fikricha, Maduro hokimiyatiga bosimni kuchaytirish orqali uni hokimiyatdan chetlatish rejalashtirilmoqda.

“Biz hozir quruqlikka eʼtibor qaratyapmiz, chunki dengizni juda yaxshi nazorat qildik”, — degan Tramp jurnalistlarga.

Tahlilchilarning fikricha, Vashington oxirgi oylarda Venesuelada harbiy harakatlar uchun zamin yaratishga harakat qilmoqda. Maduro esa bu ayblovlarni rad etib, AQSHning mintaqadagi faoliyatini qoralash, qoʻshinlarni qayta joylashtirish va ichki xavfsizlik kuchlarini safarbar etish orqali qarshi javob bermoqda.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, Venesuelada hozirda 8 milliondan ziyod koʻngilli zaxira askarlar mavjud. Biroq ekspertlar bu raqam hamda qoʻshinlarning tayyorgarlik darajasi haqida shubha bildirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер