“Saodat” jurnali 100 yoshda

17:36 15 Dekabr 2025 Jamiyat
258 0

Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi” majmuasida oʻzbek ayollarining ulugʻvorligi, nafosatiyu adabiy maydondagi intilishlarini ifodalab kelayotgan “Saodat” jurnalining 100-yilligiga bagʻishlangan maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchi-shoirlar, davlat tashkilot va idoralari xodimlari, yosh ijodkorlar hamda jamoatchilik vakillari jam boʻldi.

Tadbir avvalida yigʻilganlar eʼtiboriga tahririyatning bosib oʻtgan shonli yoʻlini aks ettirgan videolavha havola etildi. Shundan soʻng bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova soʻzga chiqib, jurnalning mamlakatimiz ijtimoiy-maʼrifiy hayotini mustahkamlash, ayollik olami va oila shaʼnini asrash, shuningdek, adabiy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazishdagi ahamiyati borasida soʻz yuritdi.

Yurtimizda ayol qadr-qimmatini yanada oshirish, ayniqsa, ijodkor xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash hamda isteʼdodli xilqat egalarining qalb oyinasi boʻlayotgan nashrlarga har tomonlama koʻmaklashish har qachongidan kuchaygan. Ushbu kechada jurnal jamoasiga davlat rahbari sovgʻasi oʻlaroq “BYD CHAZOR” avtomobili topshirilgani ham soʻzimizning dalilidir.

Qayd etish joizki, ayolning buyukligi va hamisha yuksak marralar tomon odimlashi “Saodat”ning bosh mavzusi boʻlib kelgan. Xalqimiz bugun chin qalbdan va samimiy gʻurur tuyayotgan nashr sanoqsiz ijodkorlarga ilhom manbai boʻlgan, desak, mubolagʻa emas.

Maʼlumki, jurnalning ilk soni 1925-yilda “Yangi yoʻl”, 1936-yilda “Yorqin turmush”, “Yorqin hayot” nomlari ostida chop etilgan. Undagi materiallar tobora faollashayotgan Oʻzbekiston ayollari hayotining koʻzgusiga aylangan. 1941-yilda nashr toʻxtab qolgan. 1950-yilda esa “Oʻzbekiston xotin-qizlari” nomi bilan oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. 1966-yildan xotin-qizlarimizning intilishlari va yurak amriga hamohang shaklda “Saodat” deb nomlangan. Ha, yuu paytgacha jurnal millionlab xonadonlarga kirib bordi, haqiqiy maʼrifat chashmasi hamda mushtariylarning hammaslagiga aylandi.

Nashr tarixiga nazar tashlasak, unga bir asr davomida Oʻzbekistonning eng koʻzga koʻringan ayollari, yozuvchi va jamoat arboblari rahbarlik qilganiga guvoh boʻlamiz. Jurnalda Zulfiyaxonim, Oydin Sobirova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Feruza Jalilova kabi koʻplab taniqli ijodkorlar faoliyat olib borgan. “Saodat” jamoasi bugun ham oʻquvchilariga sodiq, jurnal anʼanalariga sadoqat bilan ishlamoqda. 

— Vatanimiz istiqloli jurnalimizga yangicha nafas bagʻishladi. “Mustaqil Vatan tayanchlari”, “Tadbirkorlik kaliti”, “XXI asr ayoli”, “Ogoh boʻling, odamlar”, “Ayol va siyosat”, “Maʼnaviyat bekati”, “Jahonga mashhur xonimlar” kabi ruknlar ostida tahliliy, maʼrifiy, tanqidiy ruhdagi maqolalar berila boshladi, — deydi jurnal bosh muharrir oʻrinbosari Feruza Oripova. — Shuningdek, “Ilk qadam”, “Suyunchi”, “Koʻngilning nozik sirlari”, “Uyingizda qiz oʻsyapti” kabi sahifalar tashkil etildi. Bugun ham zimmamizda turgan vazifa nashrimiz mavzularini yanada boyitish, xalqimizga oʻqishga arziydigan va foydali materiallarni yetkazishdan iborat. 100-yillik toʻyimiz bilan qutlab kelgan hamkasblarimiz va doʻstlarimizga katta rahmat. Zero, ularning qoʻllab-quvvatlovi bizga yanada kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

Kecha davomida ayolning serjilva dunyosi, mehridaryo qalbi va tuganmas ziyosini ulugʻlagan kuy-qoʻshiqlar yangrab, qatnashchilarga bayramona shukuh bagʻishladi.

Rahmatjon BOBOJONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?