Sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturi boshlanadi

12:45 26 Dekabr 2025 Siyosat
165 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat boʻlgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida aytib oʻtdi.

“Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Qashqadaryoda 200 million dollarlik kimyo zavodining qurilishi boshlanadi. Bu maishiy kimyo, polimer, sintetik yoqilgʻi uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkonini beradi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollarlik, togʻ-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollardan, elektrotexnikada 2 milliard dollarlik, farmatsevtikada 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi.

Shu tariqa 2026-yilda jami eksport 40 milliard dollarga yetkazilib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushi 55 foizdan oshiriladi.

Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz oʻsishni taʼminlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va tannarx boʻyicha qattiq ishlansa, bu koʻrsatkichni yanada oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Shu bois, sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturi boshlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi boʻyicha alohida loyiha amalga oshiriladi.

Ushbu loyihaga xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar kredit va grant jalb qilinib, sanoat korxonalari uchun xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar olib kelinadi, biznes jarayonlari raqamlashtiriladi, energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish boʻyicha auditlar oʻtkaziladi, ilgʻor texnologiyalar transfer qilinadi.

Bu borada “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil qilinadi. Markaz negizida robototexnika, “buyumlar interneti”, “aqlli fabrika” kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun “tartibga solish mexanizmi” yaratiladi.

Bunda korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkoniga ega boʻladi.

Akkreditatsiya, metrologiya va standartlashtirish sohalaridagi islohotlar natijasida Oʻzbekiston “Global sifat infrastrukturasi” indeksida soʻnggi ikki yilda 15 pogʻona yuqorilab, 52-oʻringa koʻtarildi.

“Bu albatta yaxshi! Shu bilan birga, mahsulotlarimiz raqobatdoshligini yanada oshirish uchun texnik tartibga solish sohasini yangi bosqichga olib chiqamiz. Buning uchun “Davlat nazorati” tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan “Bozor nazorati” tizimiga oʻtamiz”, dedi Prezidentimiz.

Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar ragʻbatlantiriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.

Ana shunday islohotlar orqali kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi 30 ming dollarga yetkaziladi, 1 ming dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sarfi 1,5 barobar kamaytiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер