Samarqandda Zomin seminarining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi

13:04 12 May 2023 Madaniyat
659 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Samarqand shahridagi A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida “Iste’dod maktabi” yosh ijodkorlar Zomin seminarining hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Unda Jizzax va Samarqand viloyatidan 35 nafar yosh ijodkor nasr, nazm, bolalar adabiyoti, badiiy publisistika, badiiy tarjima yo‘nalishlarida ishtirok etishdi. Yoshlarning ijodini Toshkent shahridan kelgan nufuzli hay’at a’zolari, taniqli shoir va yozuvchilar - Nodir Jonuzoq, Aziz Said, Salim Ashur, Nurilla Chori, Adiba Umirova, Luqmon Bo‘rixonlar ko‘rib chiqdi. Yoshlar bilan muloqot qilib, jodiy saboqlar berishdi.

Hay’at tomonidan samarqandlik ijodkorlarning adabiy saviyasi va asarlari yuqori darajada ekanligi e’tirof etildi.

Ular orasidan tanlab olingan yetuk yoshlar 2023 yilning iyul oyida Zominda o‘tkaziladigan Respublika seminariga taklif etiladi.

- Zomin seminarida qatnashish niyatidaman, - deydi Jizzax viloyati vakili Noila Davlatova. - Bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha hikoyalarimni topshirdim. O‘zim ham doimo bolalar uchun ijod qilayotgan adiblarning asarlarini o‘qiyman. Saralash bosqichida ustozlar bilan yuzma-yuz bo‘lish, ularning maslahatlarini tinglash maroqli bo‘ldi.

Tadbir doirasida tarixchi olim Komilxon Kattayev, taniqli shoira Fazilat Abdullayevaga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik biletlari ham topshirildi.

Seminar yakunida yoshlar va Hay’at a’zolariga badiiy asarlar jamlanmasi va sertifikatlar, esdalik sovg‘alari berildi. Ikki viloyat yoshlarining ijodiy muloqotlari, mushoira va do‘stlik rishtalariga ulanib ketdi.

Seminar ishtirokchilari ulug‘ shoir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?