Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar taʼlim vazirlarining yigʻilishi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Shu yilning 13-14-iyuni kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti taʼlim vazirlarining navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston fan va taʼlim vazirliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.
Tadbirning birinchi kuni taʼlim vazirliklari masʼul xodimlari uchrashib, yigʻilish kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻzaro fikr almashishdi. Bevosita vazirlar oʻrtasida muhokama qilinishi lozim boʻlgan masalalar muhokamasiga bagʻishlangan ishchi guruh uchrashuvida kelgusidagi qator vazifalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli xulosalar bildirildi.
14-iyun kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda masʼullar har bir ishtirokchi davlatda taʼlimni rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlangan takliflarni ilgari surishdi.
Xususan, Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova tomonidan uchta tashabbus ilgari surildi. Bular Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida maktabgacha taʼlim tizimini yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, qardosh davlatlar maktablar dasturlarini batafsil konsepsiyasi va yoʻl xaritasini ishlab chiqish, aʼzo davlatlar oʻquvchi talabalari oʻrtasida xalqaro Al-Xorazmiy yosh matematiklar olimpiadasini oʻtkazishdan iboratdir.
Oʻz navbatida yigʻilishda kelgusi yil ushbu Xalqaro olimpiadani Toshkent shahrida oʻtkazish taklif qilindi.
Shuningdek, yigʻilishda Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi Orxun almashinuv dasturining hozirgi holati, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida tarmoqli universitet taʼsis etish hamda keyingi yili mazkur tadbirga raislik qiluvchi tomon va oʻtkazish joyini aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar har bir mavzu boʻyicha oʻz munosabati va fikrini bildirdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi taklif etgan barcha tashabbuslar maʼqullanib, yigʻilish ishtirokchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.
— Biz kecha va bugungi uchrashuvlar doirasida Turkiy davlatlar oʻrtasida maktabgacha, maktab va oliy taʼlim sohalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildik, — deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev. — Unda taʼlim vazirlari maxsus dasturlarni ishlab chiqadi. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, nufuzli olimpiadalar oʻtkazish, startap loyihalarni amalga oshirish borasida kelishib olindi.
Turkiy davlatlar tashkiloti taʼlim vazirlarining yigʻilishidan soʻng mehmonlar Samarqanddagi Prezident maktabi, 48-maktabgacha taʼlim tashkiloti, Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurishdi. Shuningdek, “Boqiy shahar” majmuasi bilan tanishishdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring