Samarqandda qurilish sohasidagi ishlar koʻlami kengayib bormoqda

13:27 11 Sentyabr 2023 Jamiyat
353 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand viloyatida “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da inson qadr-qimmatini ulugʻlash yoʻlida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, hududlarda xizmat koʻrsatish shoxobchalarini yaratish maqsadida birgina joriy yilda 10 ming 243 xonadonli 203 ta koʻpqavatli uy bunyod etilyapti. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun 172 ta suv inshooti qurildi, 1045 kilometr tarmoq tortildi. Buning natijasida 160 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda, 90 ming nafarga yaqin aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Umuman, 2023-yilda viloyatdagi mingdan ziyod obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Xususan, 158 ta umumtaʼlim maktabi, 54 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 41 ta tibbiyot muassasasi, 14 ta jismoniy tarbiya va sport muassasalari, 6 ta oliy taʼlim muassasalarini rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 13-yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda ehtiyoj yuqori boʻlgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlash maqsadida oʻtgan oʻquv yilida tashkil etilgan Samarqand davlat universitetining Urgut filiali joriy yangi oʻquv yilini zamonaviy binoda boshladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Urgut tumani viloyatimizda Samarqand shahridan keyin aholisi eng koʻp hududlardan biri hisoblanadi, — dedi Oliy majlis Senati aʼzosi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. — Tabiiyki tumanda pedagogika va bugungi zamonaviy kasblarni egallagan mutaxassislarga talab yuqori. Shu sababli davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yil Urgutda universitetimizning filiali tashkil etildi. Dastlabki oʻquv yilidayoq 12 taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 516 nafar talaba oʻqishga qabul qilindi. Bu yil esa ular safiga yana 450 nafar yigit-qizlar qoʻshildi. Talabalarning qulay sharoitda bilim olishlari uchun filialga ajratilgan bino bir yil davomida mukammal taʼmirlanib, jihozlandi. Zamonaviy oʻquv laboratoriyalar tashkil etildi, axborot texnologiyalari joriy etildi. Ayni paytda talabalar uchun 600 oʻrinli yotoqxona binosi qurilmoqda va bu bino ham yaqin orada foydalanishga topshiriladi.

Toyloq tumanidagi 21 umumtaʼlim maktabida ham 360 oʻringa ega boʻlgan qoʻshimcha bino qurilib foydalanishga topshirildi. 4 milliard 220 million soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan mazkur qoʻshimcha bino barcha shart-sharoitlarga ega, zamonaviy oʻquv laboratoriya, ixcham va yangicha dizayndagi sinfxonalardan iborat.

Foto: “Xalq soʻzi”

Bularning barchasi yurtimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, maktabgacha va maktab taʼlimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlarning natijasidir.

Bundan tashqari joriy yilda viloyatda 1000 kilometrdan ortiq yoʻllar taʼmirlandi. Samarqand shahrida aholi va mehmonlar uchun qulay infratuzilma yaratish maqsadida 2 ta tunnel, 2 ta koʻprik va 11,5 kilometr yoʻl, 8 ta ichimlik suvi inshooti qurishga kirishildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari barpo etilmoqda. Samarqandda mazkur bogʻ uchun keyingi yillarda yangi aholi yashash maskani sifatida koʻp qavatli turar joylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilgan Qorasuv massivi tanlandi. Qoradaryo boʻyidagi 50 gektar maydon obod qilinib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 9 ming tupdan ortiq manzarali va butasimon daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Ushbu daraxt, gul va maysalar purkatish va tomchilatish tizimi orqali sugʻorilmoqda. Shuningdek, bogʻda aholining maroqli hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Veloyoʻlak, sport maydonchalari tashkil etildi, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.

Aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi ishlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?