Samarqandda “Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” boʻlib oʻtdi
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand viloyatida ikki kun davom etgan “Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” tadbirlari ikki xalq ijodiyotining yorqin ifodasi sifatida oʻzaro ahillik va mehr-muhabbat, ogʻa-inichilik rishtalari gʻoyat mustahkam ekanligini koʻrsatdi.
Xalqlarimizning azaldan bir butunligi, doʻstligi qadimiy dostonlarimizdan ham maʼlum. Bizdagi “Alpomish”, “Shahriyor”, “Goʻroʻgʻli”, “Gʻarib Oshiq” dostonlari qoraqalpoqlarda ham keng tarqalgan.
Oʻzbeklar qoraqalpoq xalqining «Yedige», «Qublon», “Qirq qiz” dostonlarini sevib oʻqishadi. Adabiyotimizning ulugʻ salaflari ham doʻstlik va ijodiy hamkorlik, bordi-keldi, toʻy-tomoshalarni oʻrniga qoʻygan. Yosh avlod maʼnaviyatining yuksalishiga xizmat qilgan.
Samarqandda oʻtgan Qoraqalpoq adabiyoti kunlari munosabati bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov boshchiligidagi 14 nafar taniqli yozuvchi, shoirlarning Samarqandga kelishi katta adabiyot va sheʼriyat bayramiga aylab ketdi.
Mehmonlarni temiryoʻl vokzalida Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir, Oliy Majlis Senati aʼzosi Farmon Toshev, viloyat hokimning oʻrinbosari R.Qobilov hamda viloyatimiz ijodkorlari kutib oldi. Qardosh xalq ijodkorlarining yangilanib borayotgan Samarqand bilan tanishuvi qadimiy obida – Hazrati Xizr majmuasidan boshlandi. Bu yerda mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlab, qabriga guldastalar qoʻydi.
Samarqandning zamonaviy xalqaro aeroporti mehmonlarda oʻziga xos taassurot uygʻotdi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “turli gʻoyalar va ilm doimo qaynab turgan” manzilning havo darvozasida elimiz non qadar eʼzozlaydigan kitob shakli, uning tom qismida buyuk astronom Mirzo Ulugʻbekning «Ziji Koʻragoniy» kitobidagi yulduzlar xaritasi aks etgani, binoning xalqaro andoza va talablar asosida qurilgani, yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlardan mehmonlar mamnun boʻldi.
Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, muzeyidagi tarixiy ashyolar, rasadxonaning koʻrinishi ulardagi ajdodlarimiz zakovati, dunyoni anglash yoʻlidagi ulugʻ kashfiyotlar, sirli olam moʻjizalari ularda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar yana bir qadamjo — Xoʻja Doniyor majmuasini ham ziyorat qilib, qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Qoraqalpogʻistonlik ijodkorlar viloyat Matbuot uyida ham boʻlib, milliy matbuotimiz, matbaachilik ishlari tarixi, “Zarafshon” va «Samarkandskiy vestnik», “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, tahririyatlar xodimlari bilan ijodiy muloqot qildi.
Bugun kuhna va hamisha navqiron shaharda ulkan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari avjida. Yangi Oʻzbekistonning yangi marralariga birgina shu shaharda ham guvoh boʻlish mumkin. Ijodkorlar kechga yaqin tungi Samarqandning yorugʻ va obod koʻchalari, xiyobonlarida sayr qildi. “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida boʻlib, “Boqiy shahar” majmuasini tomosha qildi. Ulkan favvoralar, meʼmorchilikning yorqin namunalari, soʻlim bogʻlar ularga ilhom va mavzu berdi. Qalblarda yangicha ragʻbat uygʻotdi.
Viloyat yoshlar markazida Qoraqalpoq adabiyoti kunlarining ochilish marosimi boʻldi. 600 nafarga yaqin sheʼriyat muxlislari, ijod ahli va yoshlar ishtirok etgan anjumanni Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid ochib, tadbir qatnashchilarini qizgʻin tabrikladi. Oʻzbek-qoraqalpoq adabiyoti salaflari, oʻzaro doʻstlik, ijodiy hamkorlik natijalari, oʻtkazilayotgan tadbirdan koʻzlangan maqsad haqida batafsil toʻxtaldi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov ikki xalq adabiyotining uzviy rishtalari, adabiy aloqalarning bugungi jarayonlari haqida soʻzladi.
Qoraqalpoq adabiyoti kunlari tadbiri qizgʻin mushoiraga aylanib ketdi. Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, shoir Gʻayrat Majid, “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, shoirlar Xalila Davlatnazarov, Sogʻindiq Egamberdiyev, Oʻrazboy Satboyev, Oʻmirboy Oʻtauliyev, viloyat ijodkorlaridan Jumagul Suvanova, Yormamat Rustamov va boshqalar adabiyotning qudrati, bugungi kundagi oʻrni va roli, ayniqsa, adabiyotni yoshlar toʻliq oʻrganishi nechogʻlik muhimligini taʼkidlab ikki xalq doʻstligi, tutash tomirlarimiz, yuksak marralarimiz haqida yozilgan sheʼrlaridan oʻqib berdi. Adabiy anjumanda ishtirok etgan adabiyot muallimlari, talaba yoshlar, maʼnaviyatchilar chinakam adabiyot sabogʻini oldilar.
— Samarqandda ijodkorlarga berilayotgan eʼtibor, maʼnaviy hayot va ijodiy jarayonlardan xabardorman, — deydi Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov. — Buni Respublika va viloyat miqyosidagi ijodiy uchrashuv va muloqotlar, turli adabiy tadbirlar shukuhidan bilish mumkin. Uyushma aʼzolarining soni yanada oshayotgani, kitob taqdimotlari bundan darak beradi. Samarqandga tashrifimiz, diydorlashuvdan juda xursandman. Hozirda nafaqat adabiy aloqalar, balki Nukus tumanidagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlarida samarqandliklar biz qoraqalpoqlarga yaqindan koʻmak berib kelayotgani, birdamligimiz hamda doʻstligimizni yanada mustahkamlaydi.
Ikki qardosh xalq adiblari muloqoti va mushoirasidan soʻng Qoraqalpoq xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning “Ibrohim Yusupov” roman-essesi taqdimoti ham oʻtkazildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon muallifning hayot yoʻli va ijodi, kitobda qalamga olingan voqealar, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Yusupovning ijodi haqida samarqandliklarga soʻzlab berdi. Xalq shoirining qoraqalpoq va oʻzbek sheʼriyatiga qoʻshgan hissasi alohida tilga olindi.
Samarqand shahridan boshlangan Qoraqalpoq adabiyoti kunlari tadbirlari viloyatning Oqdaryo, Urgut, Bulungʻur, Jomboy, Ishtixon kabi tumanlarida davom etdi. Har bir tumandagi mahalla va taʼlim muassasalarida tashkil etilgan tadbirlarda 3 ming nafardan ziyod aholi va yoshlar vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar tumanlarda ikki xalq ijodkorlari, xalqimiz turmush tarzi, erishayotgan yutuqlari, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish bilan birga, taʼlim muassasalarida yoshlar, aholi va ijod ahli bilan qizgʻin adabiy kechalarda hamsuhbat boʻldi. Qoraqalpoqcha sheʼr va oʻlanlar ijro etildi. Chekka tumanlar va mahallardagi yangi nomlar, jarangdor ovozlarni kashf etishdi. Oʻzlarining kitoblarini sovgʻa qilishdi.
Qoraqalpoq adabiyoti kunlari Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida mushoira, qizgʻin taassurotlar izhori va viloyat va qoraqalpoq ijodkorlarining diltortar ashulalari ijro etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, "Xalq soʻzi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring