Samarqandda mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun yangi binolar qurilmoqda

14:00 17 Noyabr 2025 Jamiyat
675 0

Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun zamonaviy binolar qurilib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda va mahalla yettiligi faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, kuni kecha Urgut tumani Sanchiqul mahallasida fuqarolar yigʻini uchun yangi maʼmuriy bino foydalanishga topshirildi. Ushbu obyekt tuman mahalliy byudjetining ortiqcha mablagʻlari va homiylar tashabbusi bilan 280 million soʻmga qurib bitkazildi. Binoda xonalar ixcham va yorugʻ, kompyuter jamlanmalari va mebel jihozlari bilan taʼminlangan.

Yangi binoning ochilish tadbirida Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi, Mahalla akademiyasi direktori Xurshid Ochilov, uyushmaning Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi Isroil Jabborov hamda tuman hokimligi vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Shuningdek, Toyloq tumani “Talliota” mahalla fuqarolar yigʻinida ham yangi maʼmuriy bino foydalanishga topshirildi. Ushbu binoga 700 million soʻm sarflanib, unda mahalla yettiligi uchun barcha sharoitlar, jumladan kompyuter jamlanmalari va mebellar taʼminlangan.

Nurobod tumanida Nurdum mahallasi uchun bunyod etilgan yangi xizmat binosi ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Yangi binoda mahalla yettiligi faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, aholiga sifatli va qulay xizmat koʻrsatish imkoni taʼminlandi.

— Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida yil boshidan buyon viloyat boʻyicha 28 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun yangi binolar qurib, foydalanishga topshirildi, — deydi Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohboz Mamarayimov. — Viloyatda hozirgi kunda yana 30 dan ortiq mahallalarning yangi binolari qurilmoqda. Maqsad ularda ham mahalla yettiligi uchun barcha zarur qulayliklarni yaratgan holda, aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashdan iborat.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер