Samarqandda ilk bor oʻtkazilgan BMT konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etildi — Ibrohim Tiau

13:21 23 Noyabr 2023 Jamiyat
120 0

Samarqandda BMTning choʻllanish toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. 

Tadbirda BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha Konvensiyaning (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov, BMT UNCCD ijrochi kotibi Kseniya Sklenlon, Serbiya sogʻliqni saqlash instituti boʻlim boshligʻi, sogʻliqni saqlash boʻyicha mutaxassis Biljana Kilibarda, xorijiy delegatlar vakillari va mahalliy hamda xorijiy OAV ishtirok etdi.

“Birinchi marta konferensiya bunday yuqori darajada tashkil etildi. Samarqanddagi tadbir koʻlami, tadbirlar, koʻtarilgan mavzularning dolzarbligi bilan yodda qoladigan boʻldi. Qolaversa, bu galgi konferensiya ishtirokchilar soni jihatidan ham eng yaxshisiga aylandi, — dedi Ibrohim Tiau. — Biz millionlab insonlarning hayotini yaxshilash, dolzarb ekologik muammolar, xususan, qurgʻoqchilik, choʻllanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi, chang va qum boʻronlariga qarshi chora-tadbirlarni muhokama qildik. Shu bilan birga, oʻzbek xalqining mehmondoʻstligidan ham bahramand boʻldik”. 

Ibrohim Tiau konferensiya doirasidagi muhokamalar, taklif qilingan yechimlar, kelishuvlar bizni tashvishga solib kelayotgan global muammolarga yechim topishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, 5 kun davomida qatnashchilar yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlarni koʻrib chiqdi.

“CRIC-21 dunyoda chang va qum boʻronlari muammosi koʻtarilgan ilk global tadbirga aylandi, — dedi Obidjon Qudratov. — Shuningdek, sessiya davomida yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash kabi dolzarb masalalarni muhokama qildik. Qolaversa, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlarni ham koʻrib chiqdik”.

Taʼkidlash joizki, konferensiyada 1000 ga yaqin ortiq ishtirokchi, xususan, Konvensiyaga aʼzo davlatlar, Yevropa Ittifoqi, BMT, nufuzli xalqaro tashkilotlar, davlatlararo va nodavlat tashkilot vakillari ishtirok etdi. CRIC-21 doirasida 40 ga yaqin parallel sessiyalar tashkil etilib, sessiyada koʻrilayotgan mavzular batafsil yoritildi. Shu bilan birga, parallel tadbirlarda ushbu yoʻnalishda mintaqa va dunyodagi global muammolar yechimlari boʻyicha qilingan eng yaxshi natijalar namoyish etildi.

“Ushbu sessiya ishtirokchi davlatlar uchun umumbashariy muammolarni birgalikda bartaraf etish borasida oʻzaro fikr almashish, tajriba orttirish imkonini yaratdi, — dedi Biljana Kilibarda. — Mavzu juda dolzarb, koʻtarilgan muammolar jiddiy. Ishtirokchi davlatlar sessiya davomida kelajakda amalga oshirishlari lozim boʻlgan chora-tadbirlarni belgilab oldilar”.

Matbuot anjumani davomida 2024-yil dekabr oyida Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan 16-Tomonlar Konferensiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini koʻrib chiqish taklif qilindi.

Maʼlumot uchun, 2015-yildan beri taxminan 4 million km2 sogʻlom va unumdor yerlar yoʻqolgan, bu taxminan Oʻrta Osiyo hajmiga teng. 2030-yilga borib yerni barqaror boshqarish boʻyicha global maqsadlarga erishish uchun yerning keyingi degradatsiyasini zudlik bilan toʻxtatish va kamida 1 milliard gektar maydonni tiklash lozim. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi degradatsiyaning salbiy taʼsiri natijasida yiliga 6 mlrd. dollar zarar koʻrmoqda. Bu raqamlar Samarqanddagi sessiya bejizga tashkil qilinmagani, choʻllanish, qurgʻoqchilik kabi ekologik muammolar tobora jiddiy tus olayotganini va bu muammolarni hal qilish uchun birlashish lozimligini anglatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?