Samarqandda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʻtkazildi

14:43 18 Aprel 2025 Jamiyat
108 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. “Sof Expo Samarkand” majmuasida tashkil etilgan koʻrgazmada turizm, elektrotexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati, gilam mahsulotlari va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yurituvchi korxonalar hamda oliy taʼlim muassasalari va yoshlarning startap loyihalari namoyish qilindi.

Koʻrgazmaning ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etib, hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi mahalliy sanoat salohiyatini koʻrsatish, xorijiy va mahalliy investorlar bilan hamkorlik kelishuvlari tuzish, korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va mahalliylashtirilgan mahsulotlarni koʻpaytirishga, korxonalarimizda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, Samarqand viloyatining 2024-yildagi mahalliylashtirish dasturida 64 ta korxonaning 105 ta loyihasi doirasida 2,8 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja 119,2 foizga bajarildi. 550 ta yangi ish oʻrni yaratilib, 114,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Viloyatning bu yilgi mahalliylashtirish dasturiga 119 ta loyiha boʻyicha 2,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yarmarka davomida 2024-yil yakuni boʻyicha “Sanoat korporatsiyasi sohasida yilning eng namunali korxonasi”, “Mahalliylashtirish dasturining eng namunali korxonasi”, “Sanoat sohasida eng namunali eksportyor korxona”, “Yilning eng namunali brendi” nominatsiyalari gʻoliblari taqdirlandi.

Bugungi kunda tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va sohadagi yangiliklar toʻgʻrisida seminar tashkil etilib, korxona va tashkilotlarning axborotlari eshitildi.

Yarmarka doirasida tarmoq va hududiy korxonalar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kengaytirish uchun B2B, B2G formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Ikki kunlik hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davomida ishtirokchilar oʻzaro hamkorlik va mahsulotlar xaridi borasida bir qator yirik kelishuvlarga erishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер