Samarqandda “Discovering Uzbekistan II” xalqaro turistik konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda

15:22 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
420 0

Samarqand shahrida xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar vakillari, shuningdek, diplomatik korpus, vazirliklar, idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonda jamlagan “Discovering Uzbekistan” ikkinchi turizm konferensiyasi boʻlib oʻtdi. 

Ushbu anjumandan koʻzlangan maqsad “Oʻzbekiston” deb nomlangan turizm mahsuloti haqida soʻz yuritish va mamlakatimizni xorijlik sayyohlar uchun ochishdir.

«Oʻzbekiston hayratlanarli tarixiy merosga, rang-barang tabiiy landshaftga va qulay geografik joylashuvga ega mamlakatdir. Bu ajoyib zamin butun dunyodan kelgan sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy boʻlishi kerak. Biz esa Oʻzbekistonni mahalliy sayyohlar uchun ham, tashqi turistlar uchun ham ochishimiz lozim. Barcha qirralarni bir kunda qamrab olish mumkin emas. Bugun biz faqat kichik bir qismni koʻrsatamiz: qiziqarli joylar, ajoyib sayohatlar va viloyatlardan biri — Qoraqalpogʻiston. 

Turizmning rivojlanishi havo qatnovining rivojlanishi bilan uzviy bogʻliqdir. Turizm mahsulotlariga talabning yuqoriligi aviakompaniyalarning qiziqishini oshirmoqda. Bizning vazifamiz odamlarga Oʻzbekistonni koʻrsatish, sayyohlarni jalb qilish, yangi yoʻnalishlar ochish, yangi aviatashuvchilarni jalb qilish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, shu orqali mamlakat aeroportlarini rivojlantirishdan iborat», — dedi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.

Konferensiya doirasida turizm va aviatsiya sohalarining muammoli masalalari muhokama qilindi, alohida hududlar va noodatiy turistik joylar taqdimoti amalga oshirildi, Oʻzbekiston aeroportlarining imkoniyatlari va reyslar sonini koʻpaytirish rejalari haqida soʻz yuritildi, shuningdek, yangi mintaqaviy aviakompaniya — “Silk Avia” taqdimoti oʻtkazilmoqda. Tadbirning asosiy tashkilotchilari — “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati, Turizmni rivojlantirish, Tashqi ishlar hamda Transport vazirliklari va Samarqand turistik markazi boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер