Samarqandda chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan “Duty Free” savdo doʻkoni ochildi

11:54 10 Noyabr 2022 Jamiyat
429 0

Bugun, 2022-yil 10-noyabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet ellik shaxslar uchun ichki hududda faoliyat yuritadigan birinchi boj olinmaydigan savdo doʻkonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov, Qozogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qoʻmitasi Raisi D.Janalinov hamda viloyat hokimligi vakillari, tadbirkorlar va bojxona xodimlari ishtirok etishmoqda.

Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga ilgʻor xorijiy tajribalarga asoslangan qulayliklar yaratish orqali ularning sonini bir necha barobar oshirish maqsadida, Davlat Rahbarining tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet ellik shaxslar uchun ichki hududda faoliyat yuritadigan boj olinmaydigan savdo doʻkonlarining uchinchi turi qonunchiligimizga kiritildi.

Samarqandda aynan shu turda Respublikadagi birinchi doʻkon oʻz ishini boshladi.

Ushbu doʻkon Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet ellik shaxslarga xizmat qiladi va bu yerda chet el va Oʻzbekiston tovarlari Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida va (yoki) chet el valyutasida chakana tartibda realizatsiya qilinadi.

Mazkur turdagi doʻkonlar faoliyat yuritishini tashkillashtirishda Janubiy Koreya tajribasi asos boʻldi.

Doʻkondagi chet el tovarlari shaxsni tasdiqlaydigan hujjat va uchib ketish aviachiptasi taqdim etish orqali tanlab olinadi va tanlangan tovarlar shaxsning uchib ketish kunida xalqaro aeroportlarda taqdim etiladi.

Bu kabi doʻkonlar sayyohlar uchun qulaylik yaratadi.

Taʼkidlash joizki, 10 yil oldin “Duty Free” faoliyati bilan 2-3 ta tadbirkorlik subyektlari shugʻullangan boʻlsa, bugungi kelib tadbirkorlarga berilgan yengilliklar va bu sohada yaratilgan shaffofliklar natijasida koʻplab ishbilarmonlarimiz shu turdagi doʻkonlarni ochish niyatini bildirishmoqda.

Tadbirkorlarning takliflari asosida Buxoro, Xorazm va Fargʻona viloyatlari ichki hududida ham “Duty Free” doʻkonlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bunda bojxona organlari doimo tadbirkorlarga koʻmak berishga tayyor ekanligi taʼkidlandi.

Marosimda “Central Asia Megastar” tadbirkorlik subyektiga bojsiz savdo doʻkoni faoliyati bilan shugʻullanish uchun tegishli litsenziya topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yil 1-yanvardan respublikamizda xorijiy sayyohlar uchun yana bir yangi qulaylik - tax free tizimi ham joriy qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?