Samarqandda bu yil qariyb 11 mingta kvartiradan iborat 200 dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurilmoqda
Foto: «Xalq so‘zi»
So‘nggi 5-6 yil Samarqand viloyati uchun ham jiddiy o‘zgarishlar yili bo‘ldi, desak xato qilmaymiz. Garchi hali mavjud imkoniyatlar natijalardan ko‘proq bo‘lsa-da, odamlar o‘z turmushlarida islohotlar samarasini sezib bormoqda.
Davlatimiz rahbari har safar Samarqand viloyatiga tashriflari chog‘ida shahrdagi ijtimoiy soha ob’yektlari, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari qurilishini davom ettirish yuzasidan topshiriqlar berib, hududlarda ko‘p qavatli uylar qurilishini ko‘paytirish orqali aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zarurligini ham qayd etadi.
Shu asosda viloyatda aholini uy-joy bilan ta’minlash, buning uchun zamon talablariga to‘la javob beradigan ko‘p qavatli uylar bunyod etish katta e’tibor qaratilib, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston” massivlariga asos solindi.
Fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida joriy yilda viloyatda 1868 kvartirali 24 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi.
Yangilanishlar viloyatning barcha hududlarida davom etyapti. Viloyatda qurilishi davom etayotgan 203 ta ko‘p qavatli uy-joyning 2502 ta kvartirali 69 tasi Urgut va Bulung‘ur tumanlaridagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etilmoqda.
Prezident farmoni asosida qurilayotgan Urgut tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tumanning Kamongaron mahallasidan qariyb 40 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, 4 yil davomida 2916 ta xonadonga mo‘ljallangan 58 ta ko‘p qavatli uy, 2 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi hamda oilaviy poliklinika qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish uyi, o‘yingoh, mehmonxona, kinoteatr, EKO-bozor, IT-park, hammom va kimyoviy tozalash syexi, dorixona va boshqa ob’yektlar qurilishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yili 18 ta 5 va 9 qavatli uy hamda bittadan maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi. Joriy yilda ham 908 ta xonadonli 9, 12, 16 qavatli 17 ta turarjoy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda 2024 yilda qurilishi mo‘ljallangan yana 22 ta qo‘p qavatli turarjoy binolari uchun yer maydonlari auksion savdo maydonchasiga joylashtirilgan.
Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston” massivida 30 dan ziyod qurilish korxonalarining mingga yaqin quruvchilari uy-joylar qurilishini davom ettirishmoqda. Jumladan, “Bright Future Textile” MCHJ quruvchilari tomonidan 270 xonadonli 5 ta ko‘p qavatli uyning barchasida so‘nggi ta’mirlash-pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “Abdullayeva Gulshan Bahrullayevna” xususiy korxonasi ham 216 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy qurishni o‘z zimmasiga olgan. Ayni vaqtda 2 ta uyning poydevori uchun handaqlar qazilib, beton qorish ishlari olib borilmoqda. Korxona qoshida kuniga 100 kub beton aralashmasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kichik korxona ishlab turibdi.
“Kamila” xususiy korxonasi tomonidan o‘tgan yili qurilishi boshlangan, loyiha qiymati 20,5 milliard so‘m bo‘lgan 1680 o‘rinli maktab, “7-sonli MKK” MCHJ pudratchiligidagi 6,5 milliard so‘m sarflangan 150 o‘rinli MTT binosining qurilish-montaj ishlari yakunlanib, hozirda so‘nggi pardozlash ishlari ham nihoyasiga yetkazilmoqda.
- Muassasani muntazam issiq suv bilan ta’minlash maqsadida 1,5 tonnalik geokollektor ham o‘rnatildi, - deydi “7-sonli MKK” ish boshqaruvchisi Shuhrat Narzullayev. - So‘nggi bo‘yoqlash-pardozlash ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda. 100 nafarga yaqin ishchilar mehnat qilgan bolalar bog‘chasi yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.
Yangi massivda ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlari tortishga ham katta ahamiyat berilmoqda. Massivdan 11 kilometr uzoqlikdagi Gʻishtmasjid mahallasi hududida yangi suv oqova tozalash stansiyasi qurish ishlari yakuniga yetkazilyapti. Ayni paytda “Shohruh Temurbek” MCHJ ishchilari tomonidan beshta suv qudug‘i kovlab o‘rnatildi. Ming kub sig‘imdagi rezervuarlar qo‘yilib, 12 kilometr masofaga oqova tarmoqlar tortish ishlari olib borilmoqda.
- Loyiha qiymati 26 milliard so‘m bo‘lgan mazkur qurilish-montaj ishlarining ancha qismi bajarib qo‘yildi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Jamshid Bobonov. - Bu yil mazkur loyihada o‘zgarishlar qilindi. Masalan, rejadagi sig‘imlar o‘rniga diametri 800 mm. bo‘lgan quvurlar qo‘yilyapti. Qariyb 4 kilometr masofada qazish ishlari olib borilib, asosiy magistral quvurlari tashlandi. Ishni belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazishga harakat qilamiz.
Bugungi kunda Urgutdagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 6 ta 12 qavatli, 11 ta 5 qavatli uylarda aholi istiqomat qilmoqda. Joriy yil yakunigacha yana mingdan ziyod aholi barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy xonadonlarga ko‘chib o‘tadi.
- 5-6 yil oldin tumanlarda ham mana shunday osmonupar uylar quriladi deyishsa hech kim ishonmas edi. Bugun esa bu haqiqatga aylanib ulgurdi, - deydi shu yerdan yangi xonadon xarid qilgan uy bekasi Guli Uzoqova. - Uylarimizning eng yuqori va quyi qavatlaridagi xonadonlarda ham havo harorati bir xil ekan. Tashqarida havo juda issiq bo‘lsa ham uyning ichi isib ketmaydi. Xonalar keng, yorug‘. Eshik va derazalar zamonaviy materiallardan tayyorlangan, sifatli. Oshxonadan hammomgacha barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bu bizga juda ma’qul.
Prezidentimizning taklifiga binoan joriy yildan boshlab foydalanishga topshiriladigan barcha ko‘p qavatli uylarning tomlariga quyosh panellari va issiq suv tizimi, ya’ni geokollektorlar o‘rnatiladigan bo‘ldi. Bu esa yangi uylarga ko‘chib o‘tadigan aholining elektr energiyasidan bo‘lgan muammolarini ham bartaraf etish imkonini beradi.
Samarqand viloyatida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi ulkan bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari shubhasiz xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirib, odamlarni hayotdan rozi bo‘lib yashashga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlanishga xizmat qiladi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring