Samarqandda baliq yetishtirish hajmi ortmoqda
Joriy yilda Samarqandda mavjud 545 ta baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan 30 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan, amalda buni ortigʻi bilan uddalashga erishilmoqda.
Qoradaryo sohilida 5 gektar maydonni egallagan “Luqmai halol” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2009-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2017-yilda bankdan ajratilgan 6 milliard 200 million soʻmlik kredit mablagʻi hisobiga hududi 10 gektarga kengaytirilgan.
— Natijada bu yerda baliq yetishtirish hajmi 40 tonnadan 90 tonnaga yetdi, — deydi korxona rahbari oʻrinbosari Maqsud Akramov. — Yetishtirilgan mahsulot asosan ichki bozorga yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, “Oq Amur baliqlari” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga qarashli mavjud 105 gektar yer maydonining 22 gektarida suv havzalari tashkil etilgan boʻlib, joriy yilda yuz tonnaga yaqin baliq mahsulotlari aholi dasturxoniga yetkazib berildi.
— Shu kunga qadar mamlakatimizda karp baliqlarini koʻpaytirishda yerda qurilgan havzalardan foydalanilgan, bu havzalarda asosan ekstensiv usulda baliq yetishtirilgan va hosildorlik 10-20 sentnerni tashkil etgan, — deydi xoʻjalik ish boshqaruvchisi Osmon Asanov. — Endilikda akvakulturaning boshqa sohalari, jumladan, sadok baliqchiligi, basseyn baliqchiligi tarmogʻi rivojlanmoqda. Xoʻjaligimiz suv havzalarida yetishtirilgan baliqlarni yarim tayyor holga keltirib saqlash uchun 200 tonna sigʻimga ega boʻlgan maxsus muzlatgich ham qurganmiz. Bundan tashqari ichki turizmni rivojlantirish maqsadida baliq ovlashdan tortib uni taom holatiga keltirguncha boʻladigan barcha jarayonlarni sayyohlarning bevosita kuzatishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Yana bir gap. Mazkur koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tomonidan viloyatdagi baliqchilik yoʻnalishidagi korxonalar uchun sazan, doʻngpeshona, oq amur, zogʻora singari oʻnlab turdagi baliq chavoqlari maxsus laboratoriya orqali koʻpaytirilib, yetkazib berilishi ham yoʻlga qoʻyilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring