Samarqand - Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi

11:23 05 Aprel 2023 Welcome to uzbekistan
2580 0

Foto: Xalq so'zi

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Turizm sohasi ham bundan mustasno emas.

Samarqand viloyatida ham turizmni yanada rivojlantirishga, sayyohlar uchun barcha qulayliklarni yaratishga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Natijada ko‘plab yangi-yangi sayyohlik yo‘nalishlari, turizm manzillari paydo bo‘lyapti.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatda 20 dan ortiq yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etildi. Samarqandda bugunga kelib ziyorat turizmi ob’yektlari soni 50 tadan oshdi. Shuningdek, 40 dan ziyod gastronomik turizm nuqtalari, 30 ga yaqin ekoturizm maskanlari, 20 ortiq tibbiy turizm muassasalari, qolaversa etnoturizm, agroturizm ob’yektlari tashkil etildi.
 
Bundan tashqari 2022 yilda 148 ta, xonalar soni 3 504 ta, o‘rinlar soni 9 219 ta bo‘lgan yangi mehmonxona, xostel va mehmon uylari ish boshladi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 4 ta (258 o‘rinli) mehmonxona, 10 ta (253 o‘rinli) xostel va 11 ta (110 o‘rinli) oilaviy mehmon uylari foydalanishga topshirildi.

Foto: Xalq so'zi

Ma’lumotlarga ko‘ra, sohada amalga oshirilayotgan yangi-yangi loyihalar natijasida o‘tgan yili Samarqandga 152 davlatdan 1 million 204 ming xorijiy va 4 million 247 ming nafar mahalliy turistlar kelgan. Ularga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksporti 197,6 million dollarni tashkil etgan.

- Joriy yilning dastlabki uch oyida ko‘hna kentga kelgan xorijlik sayyohlar 269 ming nafarni, mahalliy sayyohlar esa 814 ming nafarni tashkil etdi, - deydi Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. - Hozirda xorijiy turistlarning viloyatimizda qolishi o‘rtacha qolishi 2,7 kunni, kunlik xarajatlari esa 65-250 AQSH dollarini tashkil etayotgan bo‘lsa, bu yil sayyohlarning Samarqandda qolish kunlarini yana bir kunga uzaytirish va shu orqali turizm xizmatlari eksporti 14 million dollarga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Umuman, yil davomida 2,1 million nafar xorijlik, 4,5 million nafar mahalliy turistlar jalb etilib, xizmatlar eksporti 312 million AQSH dollariga yetkaziladi.

2022 yilda viloyatning tuman va shaharlaridagi 103 mahallada turizm sohasi asosiy drayver sifatida belgilanib, 491 ta xonadonda oilaviy mehmon uylari tashkil etilgan edi. Mazkur tarmoqda 5800 nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Bu yil turizm sohasi asosiy drayver sifatida tanlangan mahallalar soni 239 taga, xonadonlar esa 1144 taga yetkaziladi. Natijada 104 ta oilaviy mehmon uyi, 105 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etilib, sohadagi band aholi soni 7189 nafarga yetkaziladi.

Foto: Xalq so'zi

Viloyatda joriy yilda 197 ta qiymati 2,4 trillion so‘mlik investision loyihalar ishga tushiriladi.

- Toyloq tumanidagi Vorsin va Samarqand tumanidagi Yangiariq mahallalarida umumiy qiymati 127 milliard so‘mlik ikkita turistik majmua loyihasi amalga oshirilib, mehmonlarni qabul qila boshlaydi. Nurobod tumani Oqsoy mahallasida loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan osma dor yo‘li foydalanishga topshiriladi. Urgut, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 4 ta ekoturizm dam olish maskanlari ochiladi, - deydi Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. - Samarqand shahrida loyiha qiymati 4 trillion 542 milliard so‘m bo‘lgan savdo va ko‘ngilochar markaz faoliyat boshlaydi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on va Oqdaryo tumanlarida bittadan, Samarqand tumanida ikkita sog‘lomlashtirish markazi sayyohlarni qabul qiladi. Joylashtirish vositalarining umumiy soni 681 taga, o‘rinlar soni 18869 taga, turoperatorlar soni 250 taga, turizm qishloqlari 18 taga yetkazilib, 16 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Viloyatda ziyorat, biznes, klassik eko, agro, gastronomik va shopping turizm ob’yektlari, shuningdek diqqatga sozovor joylar, dam olish maskanlari turizm qishloqlari va ko‘chalari bo‘ylab 5 kunlik sayyohlik dasturi ishlab chiqilgan.

Joriy 2023 yil davomida Samarqandda 25 dan ortiq xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki boshqaruvchilar Kengashining 32-yillik yig‘ilishi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning 25-yillik Bosh assambleyasi tadbirlarida ham dunyoning 100 mamlakatidan turizm vazirlarining tashrifi kutilmoqda. Mazkur tadbirlar  “Silk Road Samarkand” Xalqaro Turizm markazida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu bois Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan keng foydagangan holda 2023 yilda haftalik aviaqatnovlar sonini 55 tadan 120 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirda Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Kazan Olmaota, Dubay, Baku yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Dushanbe, Qohira, Narita, Dehli, Yerevan, Bangok kabi yangi avia yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi. 

Foto: Xalq so'zi

“Qatar Airways” va “Flynas” kabi aviakompaniyalar Samarqand orqali Markaziy Osiyoning shaharlarini bog‘lash maqsadida Samarqand halqaro aeroportida beshinchi havo erkinligi joriy etilishi orqali xalqaro turistik xab sifatida doimiy foydalanish istagini bildirmoqda.

Ichki yo‘nalishlar bo‘yicha Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga qatnovlar mavjud, Toshkent – Samarqand – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga 4 tadan 6 tagacha oshiriladi.

Urganch va Nukus shaharlaridan viloyatga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida ushbu shaharlardan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ehtiyoj mavjud.

Shahrisabz va Sariosiyo aviaqatnovlarini tiklash hamda Zomin aeroportiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Tarmoqni rivojlantirish maqsadida kelgusidagi rejalar ko‘lami bundan ham keng. Maqsad bu qadim kentga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, faqat bahor va kuz oylarida emas, balki yil davomida kelishini ta’minlash va ularning bu yerda qolish muddatini oshirishdan iborat. 

Abdulaziz Yo‘ldoshev
“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер