Samarqand yana sivilizatsiyalararo muloqot markaziga aylanmoqda

13:46 03 Noyabr 2025 Siyosat
259 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqini tinglab…

2025-yil 2-aprel. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “Telegram” kanalida shunday yozgan edi:

YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va YUNESKO oʻrtasidagi kelishuv imzolanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Samarqand endi rasman Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi oʻtkaziladigan joy sifatida belgilandi. Bu biz uchun katta sharaf va masʼuliyatdir, negaki, soʻnggi 40-yil davomida ushbu konferensiya Parijdan boshqa yerda oʻtkazilmagan. Bu ijodiy industriyaning mashaqqatli mehnati, xalq diplomatiyasi va eng yuqori darajadagi kelishuvlar samarasidir. Bu — jahon hamjamiyatining mamlakatimiz ochiqligi, oʻziga xos anʼanalari va madaniy merosi, boy tarixi, musiqasi, adabiyotiga katta qiziqish bilan qarayotganidan dalolat. Biz madaniyat va sanʼat vositasida mamlakatimizni xalqaro maydonda targʻib etmoqdamiz, dunyo ahliga yanada yaqinlashtirmoqdamiz. Bu aloqalar bevosita iqtisodiy natijalarga ulanib, qoʻshma loyihalar va umumiy gʻoyalarga aylanmoqda.

Xush kelibsan, YUNESKO! Samarqandda uchrashguncha!

2025-yil 30-oktyabr. Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tantanali ochildi.

Dunyo nigohi yana ushbu azim shaharga qaratildi. Samarqand jahonning siyosiy, madaniy, tarixiy poytaxti sifatida oʻz oʻrnini tobora mustahkamlamoqda.

Samarqand — tarixlarni, taqdirlarni oʻzgartirishga qodir buyuk kent.

Samarqand — dunyo tarixida muhim oʻrin tutadigan, qarorlar qabul qilinadigan qarorgoh.

Samarqand — butun dunyoga tinchlik taratadigan, totuvlikka undaydigan, tenglikka chaqiradigan ulugʻ manzil.

Samarqand — urushlarga xotima yasaydigan, ziddiyatlarga barham beradigan, barqarorlikka erishadigan tabarruk shahar.

Bu haqiqatlar Prezidentimizning YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi tarixiy nutqida ham yana bir bor namoyon boʻldi: “Konferensiyamiz soʻnggi 40-yil ichida ilk bor YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida — koʻhna va hamisha navqiron Samarqand zaminida boʻlib oʻtmoqda. Bu bizga albatta katta iftixor bagʻishlaydi”.

Bir paytlar Sohibqiron Amir Temur Samarqandni kuch va qudrat bilan dunyo markazlaridan biriga aylantirgan edi. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandni jahon diplomatiyasining eng ulugʻ manzillaridan biri boʻlishiga erishmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqida alohida qayd etganidek, anjuman insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik gʻoyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida oʻtkazilayotganida chuqur ramziy maʼno bor.

Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda bugun ochiqlik siyosati tamoyillariga toʻla amal qilinmoqda. Oʻzbekiston tinchlik, taraqqiyot, barqarorlik, soʻz erkinligi, demokratik tamoyillarga sodiqligini amalda namoyon etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra oladigan siyosati tufayli Markaziy Osiyoning tinchligiga, totuvligiga, hamkorligiga erishildi.

Oʻzbekiston rahbari soʻzda emas, amalda buni butun dunyoga koʻrsata oldi. Nutqda aytilganidek, nufuzli forumning mamlakatimizda oʻtkazilayotganini Tashkilotga aʼzo davlatlarning Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, jadal islohotlarga boʻlgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi, deb qabul qilamiz.

Tarix shafqatsiz. U oʻz davrida yaratiladi. Tarixni oʻzgartirish, soxtalashtirish hech qachon ijobiy natija bermagan.

Biz avlodlarga ulugʻ tarix qoldirgan ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Samarqand nafaqat muqaddas qadamjo, balki dunyo ilm-fanining eng yuqori nuqtasi, choʻqqisi boʻlganini ham alohida eʼtirof etish zarur: bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan boʻlgan. Birgina misol. Ulugʻ hukmdor va alloma Mirzo Ulugʻbek barpo etgan rasadxona gumbazlari ostida noyob yulduzlar jadvali yaratilgan. Bu jadval keyinchalik Kopernik va Kepler kabi mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlari ochilishiga xizmat qilgani tarixdan yaxshi maʼlum.

Mirzo Ulugʻbekning davomchisi, vorisi Ali Qushchi bundan salkam olti asr ilgari Samarqanddan Istanbulga borib, bugungi kunda dunyoga mashhur boʻlgan Istanbul universitetining tamal toshini qoʻygani ham fikrimiz dalilidir.

Samarqandimizning mezbonlik mavqei tobora yuksalayotgani, jahon xalqlarini oʻziga chorlayotgani bizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklashini unutmasligimiz kerak.

Samarqand YUNESKOning 40-yillik tarixini, anʼanalarini oʻzgartira olganligi har birimizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

Bir vaqtlar biz xalqaro institutlar eshigiga borgan boʻlsak, bugun dunyo bizga intilmoqda. Dunyo oʻzaro muloqot qilishga bizni munosib koʻrmoqda. Bunga Prezident Shavkat Mirziyoyevning juda katta mehnatlari, mashaqqatlari bilan erishganligimizni unutmasligimiz kerak.

Prezidentimizning nutqida taʼkidlanganidek, biz YUNESKOning oliyjanob va ezgu maqsadlariga qatʼiy sodiq ekanimizni yana bir bor taʼkidlaymiz. Oʻzbekiston Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasida uygʻunlik koʻprigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni boʻlishga hamisha tayyor.

Oʻzbekiston rahbari sessiya ishtirokchilari hukmiga bir qator dolzarb, muhim taklif va tashabbuslarini havola etdi.

Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng qoʻllash borasida YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv taʼlim platformasini joriy etish gʻoyasi ilgari surildi.

Jismoniy va ijtimoiy cheklanishlardan qatʼi nazar, har bir bolaga taʼlim olish imkoniyati yaratilishi shart va zarur. Bu borada tashabbusni YUNESKO oʻz qoʻliga olishi xalqaro miqyosda mazkur muammoning yechilishi tezlashishiga olib keladi.

Bugungi dunyoni sunʼiy intellektsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Yuqori texnologiyalarning hayotimizning har bir jabhasiga kirib kelayotgani bor gap. Bunday vaziyatda nima qilmoq kerak?

Prezidentimiz oʻz nutqida yurtimizda YUNESKO ishtirokida “Sunʼiy intellekt — maktab” namunali loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanimizni bildirdi. Shuningdek, YUNESKO shafeligida barcha qitʼalarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari ishtirokida sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha xalqaro anjuman oʻtkazishni taklif etdi.

Nazarimda, “sunʼiy aql” boʻyicha juda koʻp fikr-mulohazalar bildirilayotgan bir davrda sunʼiy intellekt etikasi zarurati haqida birinchi boʻlib Prezidentimiz gapirdi. Darhaqiqat, bu juda zarur va muhim. Chunki har qanday ezgulikni oʻz maqsadlariga boʻysundiruvchi kuchlar, albatta, bor. Buni unutishga haqqimiz yoʻq.

Prezidentimiz Jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi. YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish muhimligiga ham alohida toʻxtaldi. 19-noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni” deb eʼlon qilish taklifini bildirdi.

YUNESKO tashkiloti bu borada muhim qadamlar tashlashi kerakligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Afsuski, urushlar, ziddiyatlar, ayirmachiliklar tufayli jahonning juda koʻp nomoddiy madaniy merosi yoʻqolib ketayotgani yoki kimlarningdir shaxsiy mulkiga aylanayotgani gʻoyatda achinarli. Insoniyat yaratgan nomoddiy madaniy merosni saqlash yoʻlida zamonaviy usullardan foydalanish zamon talabi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yana qator tashabbus va takliflar, nazarimda, YUNESKO tashkilotining kelgusi faoliyatida muhim oʻrin tutadi. Mazkur tashkilotda Oʻzbekistonning nufuzi, oʻrni yanada mustahkamlanishiga asos boʻladi.

Nafaqat Samarqand, balki Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizga ham YUNESKOning eʼtibori yanada ortishiga olib keladi.

Yangi Oʻzbekiston va uning Prezidenti ilgari surayotgan gʻoyalar dunyoga chiqayotgani, jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani esa har birimizga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер