Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahri hududi 2,9 ming gektarga kengaymoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning oʻninchi yalpi majlisida Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahri, Kattaqoʻrgʻon va Nurobod tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.
Ushbu masala aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, buning uchun muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini, shuningdek, ijtimoiy soha (maktab, bogʻcha, kasalxona) obyektlarini barpo etish, yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Kattaqoʻrgʻon shahri Samarqand viloyatining geografik nuqtayi nazardan shimoliy-gʻarbida joylashgan boʻlib, bugungi kunda shahar aholisi soni qariyb 95 ming kishini, umumiy yer maydoni 4,4 ming gektarni tashkil etadi.
Shahar aholisining oʻsish surʼati oxirgi 5-yilda har yili oʻrtacha 1,1 ming kishini tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, Kattaqoʻrgʻon shahrida doimiy roʻyxatdan oʻtmagan 4 mingga yaqin aholi va talabalar istiqomat qilmoqda.
Aholi zichligi 1 kvadrat kilometr maydonga 9,5 kishiga toʻgʻri kelib, Samarqand viloyati boʻyicha aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi.
Shu bois Senat qarori loyihasida quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Kattaqoʻrgʻon shahar hududini kengaytirish maqsadida unga chegaradosh boʻlgan Kattaqoʻrgʻon tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar, jami 2,9 ming gektar yer maydonini shahar tarkibiga oʻtkazish, shuningdek, Nurobod tumanining Kattaqoʻrgʻon tumani bilan chegaradosh boʻlgan hududlaridan 600 gektar yer maydonini Kattaqoʻrgʻon tumaniga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
Chegara hududining kengayishi hisobiga Kattaqoʻrgʻon shahar aholisi soni 2030-yilga borib 150 ming kishidan oshishi mumkin.
Shahar hududining kengayishi natijasida Kattaqoʻrgʻon oʻrta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga oʻtkazilib, shahar aholisi uchun kulay sharoitlar yaratish, xususan, yangi infratuzilma obyektlari hamda koʻp qavatli turar-joy komplekslari barpo etish, urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirish imkoni yaratiladi.
Yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etiladi hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi.
Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektarda 3 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Muhokama soʻnggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring