Raqamli hisoblar, koʻrinmas milliardlar va oltin: dunyoda qancha pul bor?
Insoniyat sivilizatsiyasi shakllanganidan buyon pul jamiyat hayotining ajralmas qismi boʻlib kelmoqda. U davlatlar iqtisodiyotini, siyosiy qarorlarni va hatto insonlarning kelajak haqidagi rejalarini ham belgilab kelmoqda. Bugungi globallashuv zamonida pul tushunchasi faqatgina qogʻoz banknotlar yoki tangalardan iborat emas.
Koʻpchilik “dunyoda qancha pul bor?” degan savolni eshitganda, koʻz oldiga faqat muomaladagi naqd mablagʻlar kelishi mumkin. Aslida esa bu — ulkan global moliya tizimining bir qismi, xolos. Bugungi kunda pul banklardagi raqamli hisoblar, fond bozoridagi aktivlar, kriptovalyutalar va asrlar davomida oʻz qiymatini saqlab kelayotgan oltin zaxiralari koʻrinishida ham mavjud.
Ushbu maqolada global moliya tizimining turli qatlamlarini tahlil qilib, yer yuzida mavjud umumiy boylik hajmi qanchalik ekanini aniq raqamlar va ishonchli manbalar asosida koʻrib chiqamiz.
Hamyonimizdagi boylik hajmi
Hozirgi vaqtda mavjud banknotlar va tangalarni dunyodagi jami boylikka nisbatan hajmini hisoblasak, raqamlar kutilganidan koʻra ancha “kamtarona” koʻrinish oladi.
Soʻnggi iqtisodiy tahlillarga koʻra, dunyo boʻylab muomaladagi naqd pullarning umumiy miqdori taxminan 8,3 – 8,5 trillion dollar atrofida baholanmoqda. Bu ulkan summaning asosiy ulushi dunyoning eng yetakchi valyutalari hissasiga toʻgʻri keladi. Jumladan, qariyb 2,33 trillion dollari bevosita AQSH valyutasiga, ikkinchi oʻrinda turuvchi Yevro zonasi pullari taxminan 1,6 trillion dollarga, uchinchi oʻrindan joy olgan Xitoy yuani esa taxminan 1,5 trillion dollar ekvivalentiga tengdir.

Ushbu raqamlarni tasavvur qilish uchun bir qiziqarli faktga eʼtibor qaratamiz. Agar dunyo boʻylab barcha muomaladagi naqd pullarni bitta joyga toʻplash imkoni boʻlganida, ular dunyodagi eng yirik futbol stadionini atigi bir necha metr balandlikda toʻldirishi mumkin edi, xolos. Bundan kelib chiqadiki, biz har kuni ishlatadigan qogʻoz pullar aslida global iqtisodiyotdagi umumiy boylikning juda kichik bir boʻlagidir.
Koʻrinmas milliardlar
Naqd pullardan keyingi navbat yanada ulkanroq va asosan koʻzga koʻrinmas boʻlgan raqamli pullarga keladi. Iqtisodiy tilda M1 va M2 agregatlari deb ataluvchi bu qatlam banklardagi barcha joriy hisob raqamlarni, chek daftarchalarini va muddatli omonatlarni oʻz ichiga oladi. Bu turdagi pullarning umumiy miqdori taxminan 95 – 100 trillion dollarni tashkil etadi. Bu raqam muomaladagi naqd pullardan deyarli 12 barobar koʻpdir.

Bunday katta farqning asosiy sababi zamonaviy bank tizimining ishlash mexanizmi bilan bogʻliq boʻlib, bugungi kunda dunyodagi pullarning 90 foizidan ortigʻi faqatgina raqamli hisoblar koʻrinishida mavjud. Odamlar oʻz maoshlarini bank plastik kartalarida olishi, onlayn xaridlar va davlatlararo yirik oʻtkazmalar ushbu koʻrinmas, lekin real iqtisodiy kuchga ega boʻlgan elektron mablagʻlar hisobiga amalga oshadi.
Raqamli inqilob: Kriptovalyutalarning paydo boʻlishi
Anʼanaviy bank tizimidan butunlay mustaqil boʻlgan yangi turdagi pul — kriptovalyutalar dunyo moliya xaritasini keskin oʻzgartirib yubordi. 2024-yil yakuni va 2025-yil boshidagi hisob-kitoblarga koʻra, kriptovalyuta bozorining umumiy kapitallashuvi taxminan 2,5 – 3 trillion dollarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich hali naqd dollar yoki yevro miqdoriga yetmagan boʻlsada, kriptovalyutalar allaqachon global boylikning sezilarli qismiga aylanib ulgurgan. Ushbu bozorda Bitcoin (BTC) mutlaq yetakchi boʻlib, jami kripto-mablagʻlarning yarmidan koʻpi aynan uning hisobiga toʻgʻri keladi. Kriptovalyutalarning oʻziga xosligi shundaki, ular hech qanday markaziy bankka boʻysunmaydi va faqat blokcheyn texnologiyasi hamda foydalanuvchilarning ishonchi asosida qiymatga ega boʻladi.

Bu pullar qoʻlimizdagi hamyonimizda emas, balki raqamli kalitlar koʻrinishida saqlanadi. Dastlab kriptovalyutalarga shunchaki vaqtinchalik “oʻyinchoq” sifatida qaralgan boʻlsa, bugungi kunda yirik investitsiya fondlari va hatto ayrim davlatlar ularni oʻz zaxiralarining bir qismi sifatida tan olmoqda. Biroq, kripto-pullarning qiymati juda tez oʻzgaruvchan boʻlgani uchun, ular dunyodagi jami pullar statistikasida eng beqaror va kutilmagan qatlam hisoblanadi.
Global oltin zaxiralari: Haqiqiy qiymat oʻlchovi
Pul miqdori haqida gap ketganda, koʻp asrlar davomida dunyo iqtisodiyotining ustuni boʻlib kelgan oltinni chetlab oʻtib boʻlmaydi. Garchi bugungi kunda aksariyat davlatlar oltin standartidan voz kechayotgan boʻlsada, bu qimmatbaho metall hali ham eng ishonchli boylik ramzi boʻlib qolmoqda. 2025-yil holatiga koʻra, insoniyat tarixida qazib olingan barcha oltinning umumiy hajmi taxminan 209,000 – 212,000 tonnani tashkil etadi. Ushbu oltinlarni joriy bozor narxlarida pulga aylantirsak, uning umumiy qiymati taxminan 14 – 15 trillion dollarga yetadi.

Bundan kelib chiqadiki, dunyodagi barcha oltinning qiymati muomaladagi barcha naqd pullardan qariyb ikki barobarga koʻpdir. Bu oltinlarning taxminan 20 foizi dunyo mamlakatlarining markaziy banklarida rasmiy zaxira sifatida saqlanadi. Qolgan qismi esa zargarlik buyumlari, investitsiya quymalari va sanoat texnologiyalarida taqsimlangan. Oltin — iqtisodiy inqirozlar va inflyatsiya davrida qogʻoz pullar oʻz qiymatini yoʻqotganda ham, oʻzining real qiymatini saqlab qoladigan yagona “haqiqiy pul” hisoblanadi.

Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda. Naqd puldan foydalanish qisqarib borayotgani, kriptovalyutalarning rivojlanishi va markaziy banklar tomonidan raqamli valyutalarning joriy etilishi pul haqidagi anʼanaviy tasavvurlarni tubdan oʻzgartirmoqda.
Kundalik hayotda foydalaniladigan naqd pullar umumiy boylikning juda kichik qismini tashkil etsada, iqtisodiyotda eng tez aylanuvchi va real muomalada boʻlgan vosita sifatida hamon oʻz ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring