Samarqand viloyatida suv taʼminotida muammolar koʻp, buning bir tomoni aholining qarzdorligiga ham bogʻliq
Foto: “Xalq soʻzi”
Yer yuzi aholisining asosiy muammosiga aylanib borayotgan ichimlik suvi yetishmovchiligi yurtimiz uchun ham dolzarb boʻlmoqda. Keyingi yillarda nafaqat daryolarimizda, balki yer ostida ham suvning kamayib borishi ichimlik suvi tanqis boʻlishiga olib kelyapti.
“Samarqand suv taʼminoti” MCHJ maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda viloyat aholisining ichimlik suvi va oqova xizmatlaridan 90 milliard soʻmga yaqin qarzdorligi mavjud. Bu esa soha rivojiga toʻsiq boʻlib, tizimni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, yangi suv inshootlari qurish imkonini bermayapti.
Bugungi kunda viloyat aholisining 70,6 foizi markazlashgan, 29,4 foizi esa turli suv manbalari orqali suv bilan taʼminlangan. 1126 ta mahallaning 543 tasi qisman, 137 ta mahalla aholisi esa markazlashmagan holda suvdan foydalanib kelmoqda.
— Yurtimizda aholi salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy va hududiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi 5-6 yilda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun davlat byudjetidan avvalgi yillarda nisbatan 6 baravar koʻp mablagʻ ajratildi, — deydi “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ direktori Komil Yusupov. — Isteʼmol qilingan suv uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmasa, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, yangi suv inshootlari qurish va taʼmirlash uchun mablagʻ yetishmasligi mumkin. Prezidentimiz aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratib, respublikamizdagi 30 ta tuman qatori viloyatimizdagi Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon, Jomboy tumanlarida ham ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash vazifasini qoʻydi.
Hozirda “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali boʻyicha qariyb 141 ming nafar isteʼmolchidan 63229 tasining 43 milliard 862 million soʻm qarzi mavjud. Qarzdorlikni kamaytirish boʻyicha shaharning barcha sektorlarida ishchi guruhlar tuzilib, xonadonma-xonadon ichimlik suvi va oqova xizmatlaridan qarzdorlikni undirish choralari koʻrilmoqda. Natijada bir haftada mavjud qarzdorlikni 38,6 milliard coʻmgacha kamaytirishga erishildi.
Biroq koʻp hollarda suv behuda yoʻqotilmoqda, isteʼmolning aniq hisobi yoʻq, ayrim suv nasoslari va soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan.
Qolaversa, bugungi kunda viloyatda 1837 ta suv inshootidan 650 tasi, 6412,6 kilometr suv tarmoqlarining 834,1 kilometri, yaʼni 13 foizi taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, shuningdek, aholi xonadonlarining bor-yoʻgʻi 18,3 foizi oqova suv xizmati bilan taʼminlangan.
— Joriy yilda turli dasturlar asosida 90 ga yaqin mahalladagi 160 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, 86 ming nafarga yaqin aholining suv taʼminoti yaxshilandi, — deydi “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ direktori oʻrinbosari Akram Siddiqov. — Yil yakunigacha aholi punktlarining markazlashgan suv taʼminotini 70,6 foizdan 74,5 foizga, oqova xizmatini esa 18,7 foizdan 20,6 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Jumladan, joriy yil oxirigacha Kattaqoʻrgʻon tumanida 35,1 milliard soʻm hisobiga 198,1 kilometr tarmoq va 23 ta suv inshooti quriladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 36,3 foizdan 59 foizga yetkaziladi. Shuningdek, Oqdaryo tumanida 15,1 milliard soʻm sarflanib, 33,1 kilometr tarmoq va 7 ta suv inshooti quriladi, taʼminot 43,6 foizga, Ishtixonda 66 milliard soʻm evaziga 37 kilometr tarmoq va 8 ta suv inshooti foydalanishga topshirilishi natijasida ichimlik suv taʼminoti 47,4 foizga yetkaziladi.
2024-yilda esa qariyb 100 kilometr ichimlik suvi, 19 kilometr oqova tarmoqlari, 4 ta ichimlik suvi, 2 ta oqova tozalash inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Ammo yuqorida aytilganidek, joylarda suv taʼminotining yaxshilanishi oʻzimizga bogʻliq. Chunki, isteʼmol qilingan suv uchun oʻz vaqtida qilingan toʻlov tizimni rekonstruksiya qilish va yangi suv inshootlari qurishga xizmat qiladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring