Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish holati muhokama qilindi

12:18 22 Iyun 2024 Siyosat
297 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ishlar holati tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishda qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Xususan, mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2023-yil boshidan 783,3 mingta xonadon xatlovdan oʻtkazilgan, daromad topishga harakat qilayotgan va istagida boʻlgan 298 ta xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 tasi savdo va xizmat, 264 tasi dehqonchilik va issiqxona, 123 tasi bogʻdorchilik, 34 tasi kichik ishlab chiqarish, 10 tasi hunarmandchilik va 66 tasi boshqa yoʻnalishlarda aholi daromadlarini oshirish choralari koʻrilgan.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda jami 423 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. “Onlayn mahalla” platformasida 5441 ta mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida loyiha qiymati 1 270 mlrd soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 23507 nafar fuqaro ishli boʻlgan.

Ixtisoslashgan mahallalarga yaqin hududlarda 44 ta mikromarkaz tashkil etilib, 507 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Viloyatda 2024-yilning 1-yanvar holatiga faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining soni 2023-yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan. Ishchi sonini umuman koʻrsatmagan korxonalarning 322 tasida jami 518 nafar nolegal ishchilar mavjud boʻlib, ulardan bir yilda kamida 800 mln soʻm daromad soligʻi yoʻqotilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan 1,5 trln soʻmlik kreditning 72,3 mlrd soʻmi muammoli kreditga aylangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmagan.

Viloyatda tadbirkorlar murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishda ham kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, murojaatlarning 205 tasi boʻyicha koʻrib chiqish muddati buzilgan.

Samarqand shahrida, Pastdargʻom, Urgut, Ishtixon, Narpay, Payariq, Bulungʻur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari koʻrib chiqilishida qonun buzilishga yoʻl qoʻyilgan.

Senatorlar tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar masʼul vazirlik va idoralarga koʻrsatib oʻtildi hamda bu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish boʻyicha qator takliflar bildirildi.

Xususan, viloyatda hududlarining xususiyatlari, “oʻsish nuqtalari” va salohiyatini inobatga olib, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish, “Onlayn mahalla” elektron platformasini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan toʻliq integratsiya qilinishini taʼminlash lozimligi qayd etildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер