Malomat emas, daʼvat

09:31 30 Sentyabr 2025 Siyosat
204 0

Qalbni silkitadigan satrlar borki, ularni oʻqigan zahoti inson oʻzini nafaqat oʻquvchi, balki fikrda hamsafar, qalbda hamdard sifatida his qiladi. “Alamim bor...” nomli tahliliy maqolada muallif nafaqat tarixga nazar tashlamoqda, balki bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning maʼnaviy-ruhiy asoslarini, davlat rahbarining tafakkuri va maqsadlarini qalban anglashga intiladi.

Bu maqolada alam — malomat emas, balki maʼrifiy uygʻonish, ruhiy hushyorlik, milliy faxr va tarixiy adolat uchun daʼvatdir. Bu alam — xalqning dunyoda tutgan oʻrni qadrlanmaganidan, ajdodlar merosining koʻp yillar zabun va beeʼtibor qolganidan, yosh avlodning oʻz oʻtmishini anglashda ikkilanishi mumkinligidan tugʻilgan alamdir. Ammo bu alam — faqat oʻtmishga nazar bilan cheklanmaydi. U kelajakka ishonch, milliy ruhning uygʻonishi, yangi rivojlanish bosqichiga koʻtarilish uchun ichki zaxira, maʼnaviy kuch sifatida taqdim etiladi.

Muallif maqolada juda sezgir, oʻta murakkab masalalarni ehtirom va masʼuliyat bilan yoritgan. Xususan, Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati orqali mamlakatdagi siyosiy-mafkuraviy oʻzgarishlar, tarixga munosabatdagi burilishlar, uchinchi Renessans Qoyasining mohiyati haqida bildirilgan fikrlar oʻta teran va dalillidir. Maqolada keltirilgan Prezident soʻzlari bugungi siyosatning nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy, balki maʼnaviy va madaniy yuzini ham yaqqol namoyon qiladi.

Ayniqsa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo qilinishi orqali milliy oʻzlikni, maʼnaviy merosni tiklashga boʻlgan ulugʻvor harakat — bugungi kunning global mohiyatga ega tarixiy voqeligi bayon etiladi. Bu faqat arxitektura emas, balki gʻoyaviy va maʼrifiy inqilobdir. Bu haqda muallifning yurakdan chiqqan soʻzlari oʻquvchini ham oʻzi bilan birga oʻsha ruhiy safarga boshlaydi.

Har bir xalq tarixida unutilmas dardlar, tilaklar, oʻzligini topish sari urinishlar boʻladi. Ammo kamdan-kam millatgina ana shu urinishni mazmunli islohotga, gʻoyaviy harakatga, rivojga aylantira oladi. “Alamim bor...” — ana shunday harakatning maʼnaviy manifestidir.

Muallif tarixga nafaqat maʼlumot sifatida, balki xalqning ruhiy asosi, manbai sifatida qaraydi. Bu — jonkuyarlik va vatanparvarlikning aniq belgisi. Aslida, “Alamim bor” soʻzi taqdirga shikoyat emas, balki millat taqdiriga befarq boʻlmagan qalbning soʻzidir.

Siyosatshunos olim tarixiy haqiqatlarga suyangan holda madaniy infratuzilmani tiklashni maʼnaviy ozodlik, deb baholaydi. Bunda “Oʻtmishni unutgan kelajak qurolmaydi” degan gʻoya mujassam.

Ajdodlar merosiga munosabat

Aytish joizki, muallif tarixiy shaxslar — Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy hamda ilmiy merosi, dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini eslatib, bu merosga boʻlgan befarqlikdan yozgʻiradi. Bu, oʻz navbatida, maʼnaviy sustkashlik, ilmiy tan olinmaslik, oʻzlikni unutish kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishini ham mohirona ochib berolgan.

“Oʻzbek” deganda faqat paxta, osh va doʻppi xayoliga kelmasligi kerak, deyilishi esa aynan shu illatning ogʻriqli tahlilidir.

Bundan tashqari, maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning maʼnaviyat, tarix va madaniyatga aloqador fikrlari asosida uning siyosati shunchaki populizm emas, balki milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizga suyangan strategik yoʻnalish ekanligi dalillar asosida isbot qilingan. Darhaqiqat, uchinchi Renessans gʻoyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi, oʻtmishni tiklash orqali yangi tafakkurga yoʻl ochish — bu fikrlarning barchasi maʼnaviy mustaqillikka intilishni anglatadi.

Muallif Alber Kamyu, Frederik Star, Pol Uordsvort kabi mualliflar fikri orqali Gʻarbning ham bu mintaqa tarixi va intellektual bazasiga jiddiy eʼtibor qaratganini koʻrsatib beradi. Bu — nafaqat milliy, balki global nuqtayi nazardan ham Oʻzbekiston tarixiy salohiyatini ochishga xizmat qiladi. “Markaziy Osiyo faqat yoʻl emas — u sivilizatsiya markazi boʻlgan” degan qarashni ilgari suradi.

Muhim xulosalar va saboqlar

Tarixni bilish — kelajakni anglash, degani. Shu maʼnoda, muallif soʻzining oxirida “afsonalar oʻlmasin”, “tarix yana tiriklikka qaytsin” degan fikrni ilgari suradi. Bu — milliy gʻururni uygʻotish, oʻzlikni anglash va mustaqil fikrli avlod yetishtirish yoʻlida zarur chaqiriqdir.

Haq gap shuki, oʻz tarixingni oʻzing gapirmasang, boshqalar oʻzicha yozadi. Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiylarning arab yo fors deyilayotgani — bizning sukutimiz oqibatidir, degan fikr bugungi axborot maydonida oʻz oʻrnimizni belgilash kerakligini yana bir bor eslatadi.

Yana bir haqiqat, madaniyatsiz taraqqiyot boʻlmaydi. Iqtisodiy yutuqlar qay darajada boʻlmasin, agar maʼnaviy tafakkur yuksalmasa, rivojlanish mukammal boʻlmaydi. Bu maqolaning asosiy gʻoyasi.

Umuman, ushbu maqola nafaqat tahlil, balki mafkuraviy harakatga chaqiriqdir. Muallif tarix orqali millatni ruhan uygʻotish, oʻtmishni tiklash orqali kelajakka ishonch uygʻotishga uringan. Maqoladagi “alam” — muhabbatdan kelgan. Unda haqorat yoki nafrat yoʻq, balki masʼuliyat va milliy gʻururni uygʻotishga chaqiriq bor. Bu tahlil — targʻibot yoki siyosiy maqola emas. Bu — qalb soʻzi, millat qaygʻusi va umidlar mujassam boʻlgan mustahkam fikriy asosga ega nutqiy asar. U har bir oʻzbek oʻqishi va mulohaza qilishi kerak boʻlgan, milliy oʻzlik hamda kelajak haqidagi ochiq va samimiy mulohazalar majmuidir.

Bunday keng qamrovli va chuqur tahlilga ega maqolalarni ommaga yetkazish, yoshlar orasida milliy oʻzlikni anglashga katta yordam berishi bilan ahamiyatlidir.

Shuhrat BOYMURODOV,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori,

tibbiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер