Bokuda II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumi boʻlib oʻtdi

Foto: Trend
Fazliddin Abilov/“Xalq soʻzi”, Ozarbayjon, Boku. Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan “Raqamli transformatsiya va media” mavzusidagi II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir ikki mamlakat oʻrtasida media sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan videorolik namoyishi bilan boshlandi.
Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi ijroiya direktori Ahmad Ismoilov forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi asrlar davomida shakllangan tarixiy rishtalar bugun Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi va yetakchiligi tufayli yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, strategik sheriklik darajasiga yetgan ikki tomonlama munosabatlar mediani rivojlantirish, raqamli muhitni tartibga solish, yangi texnologiyalarni joriy etish va jurnalistikaning kasbiy standartlarini mustahkamlashda oʻzaro tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiya departamenti sektor mudiri Dilshod Saidjonov ikki qardosh mamlakat media sohasida hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatini taʼkidlab, dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashish, axborot xavfsizligini mustahkamlash va oʻzaro axborot almashinuvini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Ozarbayjon Respublikasi Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov raqamli medianing rivojlanishi audiovizual kontent ishlab chiqarish va sohaga yangicha yondashuvlarni joriy etishni talab qilayotganini aytib oʻtdi. Uning taʼkidlashicha, bu jarayon xalqaro hamkorlik va professional jurnalistika tamoyillarini yanada mustahkamlashni taqozo etadi.
Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxanov ham soʻzga chiqib, axborot va media sohasidagi hamkorlikni ikki davlat strategik sherikligining muhim yoʻnalishi sifatida baholadi. Uning fikricha, qoʻshma platformalar orqali axborot almashinuvi xalqlarimizning umumiy qadriyatlarini targʻib qilishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori, PhD Nozima Muratova media taʼlim va ilmiy sohadagi hamkorlik imkoniyatlarini taʼkidlab, forum kelgusi jurnalistlar raqamli koʻnikmalarini rivojlantirish va zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim platforma ekanini bildirdi.
Shuningdek, forum doirasida ikki asosiy panel sessiya boʻlib oʻtdi.
Birinchi sessiya — “Raqamli davrda media hamkorligi: axborot xavfsizligi yoʻnalishida qoʻshma tashabbuslar” mavzusida boʻlib oʻtdi. Unga “Trend” axborot agentligi bosh muharriri Emin Aliyev moderatorlik qildi. Panelda Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi Xalqaro aloqalar departamenti direktori Rasim Bagirov, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Ozarbayjon Audiovizual kengashi apparati rahbari Fozil Novruzov va Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi bosh direktori Abduaziz Abutolipov qatnashdi.

Muloqotda raqamli davrda axborot xavfsizligi, sunʼiy intellekt, dezinformatsiyaga qarshi birgalikdagi kurash, davlat organlari va media tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiya — “Raqamli axborot muhitida etik masʼuliyat” mavzusida oʻtkazildi. Moderatorlikni PhD Nozima Muratova qildi. Panelda “AZƏRTAC” agentligi boshqaruvi raisining oʻrinbosari Sevinch Abdullayeva, Oʻzbekiston Milliy ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi kuzatuv kengashi raisi Akramjon Fozilov, “1news.az” bosh muharriri Kamola Mamedova va “Oʻzbekiston 24” telekanali bosh prodyuseri Haydar Hasanov ishtirok etdi.
Mulohazalarda raqamli maydonda etik normalarga rioya qilish, jurnalistlarning jamoat oldidagi masʼuliyati va manipulyativ kontentga qarshi professional standartlarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar axborot xavfsizligi va raqamli mediada etik meʼyorlarni rivojlantirish boʻyicha qator takliflar bildirishdi. Forumda ikki mamlakat media tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma loyihalar amalga oshirish va raqamli davrda axborot xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: II Ozarbayjon–Oʻzbekiston media forumi media sohasida raqamli transformatsiya, axborot xavfsizligi va etik meʼyorlarni mustahkamlash borasida ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadini koʻzlaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring