Samarqand va Fransiya hamkorligi yanada rivojlanadi
Samarqandda Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumon boshchiligidagi Fransiya delegasiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ta’kidlaganidek, Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkori hisoblanadi. O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari yuqori darajadagi siyosiy-diplomatik o‘zaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun salmoqli salohiyat mavjudligi bilan ajralib turadi.
Martabali mehmonning ushbu tashrifi ikki davlat Prezidentlari hamkorligi tufayli yanada mustahkamlangan madaniy aloqalarning davomi hisoblanadi. Fransiyada ikkita yirik ko‘rgazma ochildi: Bu Luvrda – “O‘zbekiston vohalarining ulug‘vorligi. Karvon yo‘llari chorrahasida”, Arab dunyosi institutida esa “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin moʻjizalari”dir.
Tomonlar ta’kidlaganidek, madaniy-iqtisodiy sohalarda loyihalarni amalga oshirish anchadan beri boshlangan va bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib boriladi. Delegasiya a’zolari ta’lim muassasalarida fransuz tilini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor uchun viloyat rahbariga minnatdorlik bildirishdi.
- O‘tgan yil noyabr oyi oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parijga qilgan tashrifi davomida Prezidentimiz Emmanuyel Makron bilan ajoyib uchrashuv o‘tkazdi, unda barcha mavzular muhokama qilindi. Fransiya Prezidentining vakili sifatida O‘zbekistonga tashrifim munosabatlarni har tomonlama yanada mustahkamlashga qaratilgan, - deydi Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumon. - Men sivilizasiya va madaniyatning muhim tarixiy shahri Samarqandda bo‘lib turganimdan mamnunman. Shuningdek, bu Fransiya va O‘zbekiston, Fransiya va Samarqand o‘rtasidagi madaniy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirish imkoniyati hamdir. O‘zbekiston bo‘ylab, xususan, Samarqandda madaniyat va til sohasida qo‘shma loyihalarimiz bor. Biz yaqin aloqada bo‘lgan 43 maktabga, shunindek Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand davlat Chet tillar institutiga tashrif buyuramiz. Iqtisodiy sohada, shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida rejalashtirilgan joriy va keyingi tashriflarim doirasida ko‘zda tutilgan har ikki tomonni ham qiziqtirgan muhim energetika loyihalari mavjud. Biz ularni rivojlantirish niyatidamiz. O‘zbekiston, o‘zbek xalqi meni o‘zgacha mehmondo‘stlik bilan qabul qilishganini alohida ta’kidlamoqchiman. Men juda xursandman, bu munosabatlarni mustahkamlash uchun yaxshi niyat belgisidir.
O‘tgan yilning noyabr oyida Parijda ikki davlat rahbarlari “ALLIANCE FRANCISES” assosiasiyasining Samarqandda vakolatxonasini tashkil etish masalasini muhokama qilishgan edi. Tashkilotning vazifasi fransuz tili va madaniyatini butun dunyoga yoyish, madaniyatlar muloqotini rag‘batlantirishdan iborat. Endi faqat ushbu loyihani amalga oshirish kerak, - dedi Fransiya prezidenti maslahatchisi Izabel Dyumon boshchligidagi delegasiya azolari.
Uchrashuvda faol siyosiy muloqotlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan “yashil” energetika, qazib chiqarish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, suv ta’minoti tizimi, transport va turizm infratuzilmasini modernizasiya qilish kabi yo‘nalishlarda birgalikdagi yirik loyihalarni ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev
“Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring