Samarqand qogʻozining siri

15:03 27 Mart 2025 Jamiyat
109 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEVXalq soʻzi. Maʼlumki, Samarqand VII asrdan boshlab qogʻoz ishlab chiqarish bilan mashhur boʻlgan. Uning qogʻozlari turli mamlakatlarga koʻp miqdorda olib ketilgan. Bu qogʻozlarning taʼrifi “Samarqand sulton qogʻozi”, “Samarqand shoyi qogʻozi”, “Mir Ibragimiy”, “Nimkanop” nomlari ostida jahonga yoyilgan. Bunday qogʻoz turlarini yaratishda xomashyo sifatida paxta, ipak va tut daraxti poʻstlogʻidan keng foydalanilgan. Ipak tolalaridan tayyorlangan qogʻozlar oʻta sifatli, pishiq, yuzasi juda silliq novvot rangda boʻlgan. Ushlaganda yoqimli boʻlib, “ipak” deb atalgan. Siyob arigʻi boʻyida ikki mingga yaqin suv tegirmonlari ishlab turgan. Ularning 400 dan ortigʻida qogʻoz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Buyuk sanʼatkor-xattot Sulton Ali Mashhadiy: “Har qancha sinasang ham Xitoy qogʻozidan yaxshisi yoʻq. Ammo Samarqand qogʻozi bebahodir... Undagi yozuv ravon va goʻzal boʻladi” desa, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur: “Olamda yaxshi kogʻaz Samarqanddin chiqar, Juvozi kogʻazlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”, deya yuksak eʼtirof etgan. Kulollari bilan dunyoga mashhur Konigil qishlogʻi 2020-yilda turistik qishloq maqomini oldi. Endilikda bu joyga ekskursiyalar uyushtirilmoqda. Sayyohlar Siyob daryosi boʻyidagi obod qilingan hudud boʻylab sayr qiladi. Mahalliy hunarmandlarning ustaxonalarida mahorat darslarida qatnashadi. Shu yerda ishlangan esdalik sovgʻalarini xarid qiladi.

— 1995-yilda Buxoroning Kogon shahrida oʻtkazilgan YUNESKOning xalqaro konferensiyasida Samarqand qogʻozini ishlab chiqarishni qayta yoʻlga qoʻyish loyihasi bilan qatnashgandim, — deydi “Konigil Meros” korxonasi rahbari Zarif Muxtorov. — Dastlab bu amaliy sanʼat turini oʻz xonadonimda tikladim. Samarqand qogʻozi yaratilishi sir-sinoatlarini toʻliq oʻzlashtirganimdan keyin Konigil qishlogʻining Siyob arigʻi oqib oʻtadigan eng soʻlim goʻshasida “Konigil-Meros” qogʻoz ishlab chiqarish hunarmandchilik markaziga asos soldim. Hozirda kuniga 100 donadan ortiq turli hajm va rangdagi qogʻoz ishlab chiqaryapmiz. Samarqand qogʻozidan kiyimlar, yoʻl xaltalari tayyorlayapmiz. Ularni yuvib, uzoq vaqt ishlatsa boʻladi. Chunki Samarqand ipak qogʻozi suvda ivimaydi. Bu qogʻozlar noyob mahsulot sifatida miniatyurachi rassom va kalligraflar uchun ham qoʻl kelmoqda. Hatto Yaponiyada qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta taʼmirlashda keng foydalanilmoqda.

Samarqandlik xattot Abdujalil Ergashev ham 60x80 hajmdagi katta Qurʼon kitobini Samarqand qogʻozida yozdi.

— Ulugʻ kalom bitilgan kitobni uch yil davomida 310 varaqqa, ikki tomonlama 620 sahifada yozishga muvaffaq boʻldim, — deydi mohir xattot. — Bir paytlar Samarqand qogʻoziga sharqona taʼrif berilib, Sultoniy hamda Xuroson qogʻozi kabi terminlar ishlatilgan. Ular sifati bilan ajralib turgan. Shu sababli, Samarqand qogʻoziga koʻchirgan mazkur kitob ham oʻzining qadimiyligi va nafisligi bilan bebahodir.

Shaharning bir chetida joylashgan ushbu hunarmandlik markazida qadimiy Samarqand qogʻozlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyilgani shu mahallada yashovchi koʻplab yoshlarni ish bilan taʼminladi. Ular ajdodlarining hunari va sanʼatlarini dunyoga koʻz-koʻz qilib kelmoqda. Shu bois bu yerdan xorijlik sayyohlarning qadami uzilmaydi. Negaki, qoʻl yordamida oddiy usulda qogʻoz ishlab chiqarish va undan turli mahsulotlar tayyorlash jarayoni koʻpchilikka qiziq.

“Konigil meros” xususiy korxonasi rahbari Zarif Muxtorovning xizmatlari inobatga olinib, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Konigil qishlogʻidagi tarixiy binolarning qiyofasi tiklandi. Mehmon uylari, ovqatlanish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, mehmonlarning tabiat qoʻynida dam olishlari uchun Siyob arigʻi atrofida piyodalar yoʻlagi, dam olish maskanlari tashkil etildi. Azaldan jahon bozorlarini egallab olgan Samarqand qogʻozi kelgusida ham eng koʻp xarid qilinadigan noyob tovarga aylanishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер