Samarqand — yirik geosiyosiy muloqot maydoni

Arxiv foto
Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi rahbarlari hamda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida tarixiy voqea — “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga toʻplanishadi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladigan mazkur sammitda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari qatnashadi. Eslatib oʻtamiz, aslida 2024-yilda oʻtkazilishi rejalangan bu sammit YIdagi saylovlar tufayli 2025-yilga koʻchirilgan edi. Mazkur sammit Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi geosiyosiy manfaatlarini namoyish etish uchun muhim imkoniyat ekani taʼkidlanmoqda.
Yirik geosiyosiy muloqot markazi sifatida qadimiy Samarqand shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu shahar tarixan Ipak yoʻli markazi, sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlib kelgan. Endi u xalqaro siyosiy va iqtisodiy muloqotlar, oliy darajadagi forumlar va sammitlar markaziga aylanmoqda.
Har gal Samarqandda yirik tadbirlar oʻtkazilar ekan, beixtiyor AQSH diplomatlaridan biri Jon Kerrining gaplari yodga tushadi. 2015-yil 3-noyabr kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi Davlat kotibi Jon Kerri Qozogʻiston poytaxti Ostonada talabalar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti aslida Samarqandda tashkil etilgani borasida taʼkidlagandi. Jon Kerri oʻsha yilning 1-noyabr kuni Samarqandga tashrif buyurgan va u yerda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokida muzokaralar oʻtkazgandi. U koʻhna shahar haqidagi fikrlarni Samarqandning oʻzida bildirishi mumkin edi. Bu holda uning fikrlari shunchaki mezbonlarga minnatdorchilik belgisi sifatida qabul qilinardi. Shu sababli mohir diplomat samimiy fikrlarini qoʻshni davlat poytaxtida bildirdi.
“Men togʻlar va dashtlar osha odamlar uchrashgan, turli mintaqalarning mahsulotlari va gʻoyalari toʻqnashgan joyni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Men mana bu gʻoyat ajoyib hikoyani yana bir bor takrorlashni istardim. XV asr boshida Kastiliya qiroli Genrix III oʻz elchisi de Klavixoni Amir Temurning oldiga yuborgan. De Klavixoning uzoq sayohati Konstantinopol, Trapezund orqali, shundan soʻng Shimoliy Erondan oʻtib, Oʻrta Osiyoga, Samarqandga qadar davom etgan. Shu yerda u Amir Temur tomonidan qabul qilingan, — dedi Kerri. — De Klavixo oʻz kundaliklarida Gʻarb uchun yangi, shu vaqtgacha nomaʼlum boʻlgan turmush tarzining qiziqarli manzarasini tasvirlagan. U madaniyatlar, sanʼat, savdo va gʻoyalar chorrahasiga taʼrif bergan. Samarqandda siz qimmatbaho ipak, sanoat mahsulotlari va tilla, moviy shisha va chinnini topishingiz mumkin edi. Bu shaharda bir vaqtning oʻzida turklar, arablar, musulmonlar, yahudiylar, yunonlar, armanlar, nasroniylar, katoliklar va nestorianlar oʻzaro muloqot qilgan”.
Shu soʻzlarni aytar ekan, “Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan 70-yil avval Nyu-Yorkda tashkil etilgan, deb hisoblaymiz. Yoʻq, aslida bu hodisa bundan yuz yillar avval Samarqandda yuz bergan”, – deya qoʻshimcha qildi AQSH Davlat kotibi.
“Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti haqida soʻz borganda, avvalo, “C5+1” formatlari haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtish lozim.
2016-yilda Oʻzbekistonda yuz bergan oʻzgarishlar, hamda 2017-yildan boshlab mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida jahon hamjamiyatining Markaziy Osiyoga qiziqishi kuchaydi. Bunga birinchi navbatda mintaqadagi barcha davlatlar bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati sabab boʻlgani aytiladi. Soʻnggi yillarda tilimizga “C5+1” formati degan ibora kirib keldi. Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat ishtirokidagi “C5+1” formati AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, shuningdek Yevropa Ittifoqi bilan yoʻlga qoʻyilgan. Turli siyosiy oʻyinchilarning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro munosabatlarining hozirgi mashhur “C5+1” formati ilk bor Yaponiya tomonidan 1997-yilda taklif qilingan. Oʻshanda Yaponiya Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqot uchun platforma yaratishni taklif qildi. Maʼlumki, dunyodagi uchinchi iqtisodiyot hisoblanmish Yaponiya anʼanaviy ravishda “Katta yettilik” va ASEAN kabi guruhlarga aʼzo rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikka eʼtibor qaratadi va AQSHni asosiy ustuvor sherik hisoblaydi.
Biroq, XX asrning eng katta asosiy hodisasi boʻlmish Sovet Ittifoqining tarqab ketishi va Markaziy Osiyoda yangi mustaqil davlatlarning paydo boʻlishi Yaponiya tashqi siyosati yoʻnalishlarini tahrir qilishga olib keldi. Tashqi siyosat ustuvorliklarini qayta koʻrib chiqishga birinchi urinish 1997-yilda sodir boʻldi. Oʻsha vaqtdagi bosh vazir Xasimoto Ryutaro yuqori darajadagi Korporativ rahbarlar Assotsiatsiyasida qilgan chiqishida “Yevroosiyo diplomatiyasi” deb nomlangan yangi siyosatni eʼlon qildi. Ushbu diplomatiya doirasida Yaponiyaning “Buyuk Ipak yoʻli” oʻtgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bilan aloqalari mustahkamlangani eʼlon qilindi. Keyinchalik uning nomi “Buyuk Ipak yoʻli diplomatiyasi” deb oʻzgartirildi. “Buyuk Ipak yoʻli diplomatiyasi” uchta tamoyildan – oʻzaro ishonchni mustahkamlash uchun siyosiy muloqot mexanizmlarini ishlab chiqish, mintaqaviy farovonlikni rivojlantirish uchun iqtisodiy hamkorlik hamda yadro qurolini tarqatmaslik rejimini saqlab qolish, demokratiyani rivojlantirish va siyosiy barqarorlikni saqlash maqsadida hamkorlik qilishdan iborat edi.
2004-yilning 28-avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguti Qozogʻiston poytaxti Ostonada Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan ilk bor uchrashdi. Mazkur “Markaziy Osiyo + Yaponiya” uchrashuv-muloqoti yakunida “Yaponiya va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar yangi davrga kirmoqda” nomli istiqbolli sarlavha ostida press-reliz eʼlon qilindi. Vazirlar uchrashuvida Yaponiya va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotganligi ramzi boʻlgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi muloqot eʼlon qilingani taʼkidlanadi.
Maʼlumki, bu format avval boshdanoq faqat bitta mamlakatga qaratilmagan, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga kompleks yondashuvga asoslangani bilan eʼtiborli boʻldi. Shu sababli Yaponiya mintaqaga istiqbolli, yaxlit organizm sifatida yondashgan ilk davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur konsepsiya Yaponiya tomonidan “ASEAN+” modeli asosida qabul qilingan boʻlib, u dunyoning yangi mintaqasi — Markaziy Osiyo uchun buyuk davlatlar bilan muloqotda siyosiy mavqei va iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun mos deb hisoblagan. Shu tariqa Yaponiya mintaqani yagona organizm deb hisoblagan birinchi mamlakat boʻldi.
Toʻgʻri, Tokioning Markaziy Osiyodagi diplomatik faoliyati darajasi boshqa koʻplab mamlakatlarga nisbatan bir necha sabablarga koʻra past boʻldi. Birinchidan, geografik masofa boʻlsa, ikkinchidan Yaponiyada boshqa tashqi siyosat ustivorliklar, uchinchidan, mintaqada investitsiyaviy va siyosiy xavflar ham bor edi. Yaponiya mintaqada faolligini 2013-yildan keyin qayta tikladi. Mamlakat tarixida ilk bor oʻsha vaqtdagi bosh vazir Sindzo Abe 2015-yil oktyabrida Markaziy Osiyoning beshta davlatiga tashrif buyurdi (bungacha Yaponiya bosh vazirlari faqat Oʻzbekiston va Qozogʻistonga kelgan edi). Tashrif davomida Sindzo Abe transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyo uchun muhim vazifalar ekani va Yaponiyaning ushbu sohalarda yordam koʻrsatishga tayyorligi haqida gapirdi. Sindzo Abening 2015-yilda Markaziy Osiyoga tashrifidan keyin dunyoda geosiyosat va geoiqtisodda koʻplab oʻzgarishlar yuz berdi.
Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalariga qaratilgan strategiyasi Oʻzbekistonning tashqi siyosatiga mos keladi. Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari shundan dalolat beradi. Mintaqadagi barcha mamlakatlar jamoatchiligi va siyosiy rahbariyati mintaqaviy hamkorlik mamlakatlar uchun faqat foyda ekanligini tushunib yetdi. Markaziy Osiyo jahon hamjamiyatida ajralmas mintaqa sifatida qabul qilinmoqda. Bu besh mamlakatning mintaqaviy integratsiyasi foydasiga qoʻshimcha dalil boʻlishi va bu jarayonda yangi dinamikani ragʻbatlantirishi tobora ravshanlashib bormoqda.
Bugun dunyoning nigohi Samarqandga qadagan. Chunki bu yerda kelajakni shakllantiradigan tashabbuslar muhokama qilinadi. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va diplomatik salohiyatini yorituvchi muhim voqea hisoblanadi. YIning Oʻzbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati tarqatgan xabarda taʼkidlanganidek, Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyoning ilk sammitida ishtirok etish uchun 3–4-aprel kunlari Oʻzbekistonda boʻlishadi.
Dunyoda “tartibsizlik va boʻlinish kuchaygan”iga eʼtibor qaratgan Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshtaning fikricha, “Yevropa Ittifoqi uchun yagona toʻgʻri yoʻl mustahkam hamkorliklar oʻrnatish orqali tinchlik va farovonlikni taʼminlashdir. Koʻp qutbli dunyo sharoitida yanada faol va yoʻnaltirilgan hamkorlik zarur”.
Tahlilchilarning fikricha, soʻnggi yillarda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuqori lavozimli rahbarlari oʻrtasida oʻzaro aloqalar faollashganiga guvoh boʻlish mumkin. 2022-yilning oktyabr oyida Qozogʻistonda, 2023-yilning iyun oyida esa Qirgʻizistonda yetakchilar uchrashuvi boʻlib oʻtgan. Bundan tashqari, bir qator vazirlik darajasidagi muhokamalar ham oʻtkazilgan. Bunday uchrashuvlarning soʻnggisi 2023-yili Lyuksemburgda oʻtkazilgan boʻlib, unda YI va MO oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi” qabul qilingan.
Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilib, bu hamkorlik ustuvor yoʻnalishlarda jadal rivojlanib bormoqda. Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024-yilda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi. Oʻtgan yili oʻta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Transport va raqamli oʻzaro bogʻliqlik, “yashil” iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda. Samarqandda boʻlib oʻtadigan sammit esa bu aloqalarni yanada kuchaytirishi shubhasiz.
Sharofiddin TOʻLAGANOV, sharhlovchi (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring