Salom – Mohlaroyim, xayr – Gʻanisher
Odatda biz bayramning ertasi kuni bayram qilamiz. Boisi shodiyona kunlarida xizmatda boʻlib, elimiz tinch va xotirjam xursandchilik qilishi uchun kamarbasta boʻlish sharafli burchimiz hisoblanadi.
Bu yil ham Yangi yil oqshomida Fargʻona shahri markazida joylashgan Ahmad Fargʻoniy nomidagi bogʻda oʻrnatilgan ulkan archa, musiqiy tadbirlar oʻtkaziladigan maydonlarda xizmatda boʻlamiz. Toki fayzli va shukuhli oqshomda hamyurtlarimizning bayram kayfiyatini buzadigan hech qanday koʻngilsizlik boʻlmasligi kerak.
Bayram kunlari esa xonadonimizda tongga qadar chiroq oʻchmaydi. Turmush oʻrtogʻim Barnoxon, 11 yoshli qizim Mohlaroyim, erkatoy oʻgʻlim Gʻanisher uyimiz oldida mashina tovushi eshitilsa, “Ana, dadam, dadajonim keldilar...” deya koʻchaga yugurishar ekan. Ota-onam shu haqda aytishganda, bunday kutishlar bolalarimni erta ulgʻaytirib qoʻygandek tuyuladi. Ammo 15-yildan ziyod vaqt mobaynida oila aʼzolarimiz bunga koʻnikib ketishgan.
Yaqinda ota-onamga Yangi yil oqshomida ishda navbatchi ekanimni aytsam, rosa shoʻxi chiqqan oʻgʻlim va qizim odatlari boʻyicha bir-biriga harbiycha jiddiy tus berib hazillashishdi:
—Salom – Mohlaroyim, xayr – Gʻanisher...
Sababi, hamisha navbatchilikdan uyga qaytganda quchogʻimga shoshadigan qizimni erkalab, ismini aytib, u bilan harbiycha koʻrishamiz. Ishga ketayotganda esa, oʻgʻlimga yigit kishi sifatida oilamiz tinchligini himoya qilishni senga ishonib ketyapman, deya xayrlashaman. Bunday salomlashish va xayrlashish allaqachon farzandlarimga yod boʻlib ketgan.
Ishonamizki, bu yil ham Yangi yil tuni tinch va osoyishta oʻtadi. Buning uchun guruhimiz bilan belgilangan hududlarda sidqidildan faoliyat olib boramiz. Nuroniylar duoga qoʻl ochganda, begʻubor qalbli bolajonlar yayrab-quvnaganda, shodon davralarda kattayu kichik miriqib raqsga tushganda har qanday charchoq unutiladi.
Elimizning shodiyona kunlari koʻp boʻlib, bayramlar bayramlarga ulanaversin.
Gʻolibjon TOJIQULOV,
Fargʻona shahar favqulodda vaziyatlar boʻlimi 1-yongʻin-qutqaruv qismi boshligʻi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring