Sayyohlik salohiyati yuqori zamin

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Tabiatan mehmondoʻst va bagʻrikeng xalqimiz har bir hududning sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanayotganligini Navoiy viloyatida ham kuzatish mumkin. Bugun hududning sayyohlik jozibadorligiga eʼtibor qaratsak, 70 ta arxitektura, 306 ta arxeologiya va 45 ta monumental obyektlar mavjud boʻlib, xorijlik sayyohlar bilan ishlovchi 60 ta turistik kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
— Sayyohlar uchun 40 dan ziyod yoʻnalishlar boʻyicha sayohatlarni taqdim etmoqdamiz, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Xoʻjayev. — Xususan, ekoturizm, ziyorat turizmi, agroturizm yoʻnalishlarida jami 340 kilometr masofada 60 ta obyektdan iborat 14 ta turizm marshrutlarini oʻz ichiga olgan Navoiy “turizm halqasi” tashkil qilinib, natijada ilgari viloyatimizda xorijlik sayyohlarning qolishi salkam ikki kunni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 4,5 – 5 kunga yetkazildi.
Turkompaniyalarda ishlayotgan xodimlarning malaka, kasbiy bilim va mahoratlarini oshirish maqsadida Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, viloyatning Xatirchi, Nurota va Qiziltepa tumanlari turistik salohiyatini oshirish, har bir hududning turizm obyektlari tarixini oʻrganib, ular toʻgʻrisidagi kontentni boyitish maqsadida ilmiy xulosalar tayyorlandi. Ushbu tumanlardagi 40 ga yaqin turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontenti yaratilib, 12 tilga tarjima qilindi. Ularning maʼlumotlar bazasini yaratishda Oʻzbekiston Milliy arxivi hujjatlaridan tashqari, tarixchi va ekspertlarning tadqiqotlaridan keng foydalanildi.
— Viloyatimizda turizm sohasi boʻyicha rejalashtirilgan 97 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi mehmonlarni joylashtirish manbalarining sonini 238 taga yetkazdi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Saʼdulla Mirzayev. — Nurota tumanidagi “Sentob”, Xatirchi tumanidagi “Langar” qishloqlari “Turizm qishlogʻi” maqomiga ega boʻldi. Oʻtgan yilda viloyatga 420 ming nafardan ortiq xorijiy, 2 mln 485 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilib, 2023-yilga nisbatan oʻsish koʻrsatkichi 2,6 barobarga oshdi.Turizm eksporti hajmi 105,0 mln dollarga yetkazildi.
Karmanadagi “Mavlono Orif Dehgaroniy”, “Qosim-Shayx”, “Mirsaid Bahrom”, Qiziltepadagi “Xoʻja Boyazid Bastomiy”, “Toshmasjid”, “Xoʻja Hasan Andoqiy”, Konimexdagi Qilich ota, olis Uchquduqdagi Qanarboy ota kabi madaniy meros obyektlari, qozoq xalqining kichik juz ajdodlaridan biri alloma Ayteke biyning Nurotadagi qadamjosi ziyoratgohga aylantirildi.
— Oʻtgan yili Ayteke biy qadamjosini ziyorat qilishga kelgandim, — deydi qoʻshni Qozogʻistonning Taraz shahrilik Nurboy Sodiqov, — Bugun yana bir guruh asli navoiylik qarindoshlar bilan sayohatga keldik. Ulugʻ bobomizning muqaddas qadamjosini ziyorat qildik. Doʻstlar, qarindoshlarning diydoriga toʻydik. Albatta, bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik aloqalarining kundan-kunga mustahkamlanib borayotganligi samarasidir.
Viloyatda joriy yil sayyohlikdan tushumlarni bir yarim hissaga oshirish rejalashtirilgan. Tabiiyki, bu sayyohlik xaritasini yanada kengaytirish hamda xizmat koʻrsatish sifati va jozibadorligini oshirishni taqozo etadi. Mazkur masalalar joriy yilning 9-aprel kuni mamlakatimiz Prezidenti raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham bosh mavzu boʻlib, hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirishning ustuvor vazifalari belgilandi.
— Sayyohlar uchun 40 dan ziyod yoʻnalishlar boʻyicha sayohatlarni taqdim etmoqdamiz, — deya davom etdi D. Xoʻjayev. — Tabiiyki, bunday salohiyat keng targʻibot orqaligina oʻz samarasini beradi. Shu maqsadda qator mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, viloyatimizning sayyohlik salohiyat va jozibadorligi dunyodagi 17 tilda targʻib etmoqdamiz. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ichki va tashqi turizmni barqaror rivojlantirish surʼatlari va soha uchun kadrlar tayyorlash raqamli texnologiyalarni qoʻllash orqali turizm xizmatlarining raqobatbardoshligini oshirish choralari koʻrilmoqda.
Albatta, mazkur loyihalar har bir hudud uchun qoʻshimcha yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Hududlardagi madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar atrofida xalqaro turizm talablariga javob beradigan oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yoʻl infratuzilmalari yaxshilanishi tufayli mahalliy aholining ham farovonligi yuksaladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring