Sayyohlar koʻngil uza olmayotgan Buxoroda sanʼat biyennalesi davom etmoqda

17:19 03 Noyabr 2025 Jamiyat
330 0

Xabar qilib borayotganimizdek, Buxoro shahrining tarixiy qismida xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi davom etyapti. U nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarning ham katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Aynan shu yirik koʻrgazma sharofati bilan koʻhna kentga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgani fikrimiz tasdigʻidir.

Maʼlumotlarga qaraganda, tadbir boshlangan 5-sentyabr sanasidan 15-oktyabrga qadar Buxoroga 1 million 224 ming nafardan ziyod turist tashrif buyurdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 baravarga koʻp.

Xitoylik Xao Ko hamda uning hamrohi Xu Meyni ham koʻhna shahar oʻziga tamoman rom qildi. XIX asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan Rashid madrasasida suhbatlashganimizda ular shuni alohida taʼkidlashdi.

— Biz sanʼat biyennalesi oʻtayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topib, Oʻzbekistonga, Buxoroga otlandik, — deydi Xao Ko. — Toʻrt kundan buyon yurtingizdamiz. Bu yerda juda yaxshi muhit hukmron. Tarix va zamonaviylik uygʻunlashib ketgan. Kishi oʻzini oʻzgacha bir madaniyat ogʻushida his etadi. Afsuski, safarimiz yakunlanmoqda. Ammo Buxorodan koʻngil uzolmayapmiz. Yurtingizga yana kelish niyatidamiz.

1570-yilda qurilgan “Govkushon” madrasasidan ham sayyohlar qadami uzilmayapti. Buni bir jihatdan madrasada biyennale dasturi doirasida oʻziga xos koʻrgazmalar tashkil etilgani bilan izohlash mumkin. Mediator Jasmina Saidqulovaning bildirishicha, har bir loyiha ramziy maʼnoga egaligi bilan ajralib turibdi. Deylik, poytaxtda yashab ijod qilayotgan Oyjon Xayrullayevaning “Sakkiz hayot” asarida odam organizmi tasviri vositasida inson va tabiatning uygʻunligi original tarzda aks ettirilgan. Madrasaning yana bir hujrasidan esa “Haqiqatni izlab” deb nomlangan installyatsiya oʻrin olgan. Cheksizlik ruhi singdirilgan bu asardagi ranglar kishini oʻziga tortadi.

— Buxoro biz kutgandan ham ajoyib shahar ekan, — deydi Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahridan kelgan mehmon Galina Terexova. — Bu yerdagi qadimiy yodgorliklar, xalqaro sanʼat biyennalesida namoyish etilayotgan asarlar, odamlarning mehmonnavozligi, milliy taomlar – hamma-hammasi unutilmas taassurot qoldirdi. Yurtimga qaytib borganimda doʻstlarimga Oʻzbekiston, Buxoro haqida albatta, soʻzlab beraman. Ular ham bu yerga kelishsa aslo afsuslanishmaydi.

Yana “Qalblar dardiga darmon” deb nomlangan biyennalega qaytamiz. Unda nafaqat mintaqamiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan musavvirlar, dizaynerlar, oshpazlar oʻz salohiyatlari, mahoratlarini namoyish etish imkoniga ega boʻlishayapti. Qolaversa, Buxorodagi bu nufuzli tadbirda ishtirok etish ular uchun ijodiy turtki vazifasini ham oʻtamoqda.

— Oʻzbekistonda avlodlararo bilim va hunar asrlar davomida koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinmoqda, — deydi pokistonlik rassom Xadim Ali. — Buxoro biyennalesi buning isbotidir. Ushbu munavvar goʻshaga kelish va asarlarimni namoyish etish hayotimdagi eng quvonchli voqeaga aylandi.

— Gapning ochigʻi, yurtingizda, xususan, Buxoroning qadimiy koʻchalarida yurish men uchun goʻyoki bir shirin tushga oʻxshaydi, — deydi yana bir suhbatdosh, Saudiya Arabistonidan kelgan musavvir va dizayner Ahmad Angavi. — Otam doim “Agar sen dizayn va arxitekturani chuqur oʻrganmoqchi boʻlsang Oʻzbekistonga borishing shart”, derdi. Buxoroga kelib bu soʻzlar bejiz aytilmaganiga ishonch hosil qildim. Koʻhna shahar meʼmorchilik juda ravnaq topgan goʻsha sifatida menga ilhom baxsh etyapti.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Buxoro xalqaro sanʼat biyennalesi milliy qadriyatlarimizni dunyoga tanitish, turizmni rivojlantirish, jahonning taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarning koʻnglidan chuqur joy olgan sanʼat bayrami 20-noyabrda yakun topadi.

Istam IBROHIMOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер