Saʼy-harakatlarni birlashtirmasak “yashil” va barqaror taraqqiyotga erisha olmaymiz
Tan olish kerak, XXI asrda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash, tabiatni muhofaza qilish bilan bogʻliq muammolar bir mintaqa yoki bir mamlakatgagina emas, balki barcha qitʼalarga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
Bugungi kunga kelib, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda boʻlish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, global ekologik inqirozga yoʻl qoʻymaslik insoniyat oldidagi turgan dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Ushbu global vazifani bajarish esa, hamjihatlikni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Seul shahrida videoanjuman shaklida oʻtgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammitida masalaning ayni shu jihatiga eʼtibor qaratib, “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish juda muhimligini alohida taʼkidladi.
Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻn bitta xalqaro konvensiya, bitim va ular doirasidagi yettita koʻp tomonlama xalqaro shartnomaga qoʻshildi. Jumladan, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 10 foiz qisqartirish boʻyicha majburiyat olgan. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekistonning Parij bitimiga qoʻshilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish boʻyicha davlat strategiyasi ishlab chiqilgan boʻlib, mamlakatimizda bu yoʻnalishda ekologik sof, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Misol uchun soʻnggi yillarda Orolboʻyi hududida bir nechta loyiha bajarildi. Buning natijasida Orol dengizining qurib qolgan hududida saksovul va choʻlga chidamli boshqa oʻsimliklar ekildi. Moʻynoq shahri infratuzilmasi keskin yaxshilandi.
Umuman olganda, mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini taʼminlash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash keyingi 5 yilda yangi bosqichga koʻtarildi.
Yana shuni aytish kerakki, bugungi globallashuv sharoitida sanoat keskin rivojlanmoqda. Bu esa barcha davlatlar oldiga ekologiya sohasida jiddiy bosh qotirish, zarur qonunlarni ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish masalasini qoʻymoqda. Aytish kerakki mamlakatimizda bu boradagi ishlar tizimli tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, Prezidentimiz 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida hukumat sanoat rivojini ekologiyaga taʼsirining oldini olish boʻyicha 2025-yilgacha moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishini, shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozimligini qayd etgan edi. Shu asosda Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va bugungi kunda keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalardan oʻtkazilmoqda.
Eʼtiborga molik jihati mazkur loyihada ekologiyaga oid qonunchilik bazasini tizimlashtirish hamda uni kodifikatsiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha vakolatli davlat organining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishda fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq hamda majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlari, ekologik ekspertizani oʻtkazish tartibi, tabiiy resurslardan foydalanishga qoʻyiladigan talablar hamda ekologik madaniyatni shakllantirish oʻz ifodasini topgan.
Xulosa qilib aytganda, “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti va unda qabul qilingan qarorlar atrof-muhitni muhofaza qilish, kelajak avlodga tabiiy boyliklarini bus-butun yetkazish, ekologik muammolarni bartaraf etish kabi global maqsad va vazifalarni amalga oshirishda xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Xolmaxamatova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring