“Saʼy et, jadal et, ilmu fununa harakat qil...” — maʼrifatparvar kuychining soʻnmas saboqlari
Zamon va davr talabi har qanday jamiyatda avvalo barkamol shaxsni tarbiyalashni, kamolga yetkazishni taqozo etadi. Ilmu maʼrifat taraqqiyotning muhim omilidir. Zotan, qaysiki jamiyat, qaysiki davlat boʻlishidan qatʼiy nazar, uning taqdiri, kelajagi va taraqqiyoti albatta yetishib kelayotgan yosh avlodning aqlu zakovatiga daxldor.
Har bir millatning maʼnaviy boyligi milliy va umuminsoniy qadriyatlar birligidan tashkil topadi. Maʼnaviy meros — oʻtmishning kelajak avlodlarga tuhfa etgan merosidir. Uni toʻla egallash va rivojlantirish esa hozirgi avlodlarning ota-bobolar oldidagi burchidir. Oʻz madaniy merosi, necha asrlik qadriyatu anʼanalarini bilmaslik yoki mensimaslik madaniyatsizlik belgisi. Ularni boyitish va yuksak darajaga koʻtarishga intilmaslik esa millat hamda uning istiqboli uchun katta ziyon. Axir maʼnaviyati taraqqiy etgan insongina istiqlol va istiqbol ravnaqi uchun kurashga oʻzida qudrat hamda iroda topa oladi, toʻgʻrimi?!
Qayd etish joizki, xalqimiz taʼlim-tarbiyaga oid boy xazinaga ega boʻlib, oʻz avlodlarida necha davru zamonlardan buyon insonparvarlik, kamtarlik, mehnatsevarlik, doʻstlik, mehr-oqibat, birodarlik kabi umuminsoniy fazilatlarni shakllantirib keladi. Sharq mutafakkirlarining taʼlim-tarbiyaga oid asarlari ham ana shunday boy meros sirasiga kiradi. Albatta, merosimiz va undagi odob-axloqqa oid durdonalardan yetarlicha foydalanish, oʻqib-oʻrganish va hayotga tabligʻ etish bugunimiz uchun juda dolzarb.
Hozirgi kunda oldimizda maktablarimizdagi taʼlim-tarbiyaviy ishlarda bu durdonalardan toʻlaroq foydalanishdek katta vazifa paydo boʻlayotgani rost. Shu maʼnoda, taʼlim dargohlarimizda har bir sinf uchun har haftada oʻtiladigan tarbiyaviy-axloqiy soatlarni tom maʼnodagi maʼnaviyat darslariga aylantirish bu ishni ado etish uchun yaxshi imkoniyatlar ochib beradi. Deylik, oʻquvchiga katta sinf emas, ayni 5 sinfdan boshlab buyuk mutafakkir allomalar — Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Saʼdiy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ulugʻlarimizning xulq-odobga oid asarlarini, shuningdek, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini oʻrganishga, ularning mazmunini sharhlashga kirishilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Chunki jamiyatda yashayotgan har bir kishi maktab partasida oʻtirar ekan, bu oʻgitlarni oʻrganishi ongiga istasa-istamasa faqat va faqat ijobiy taʼsir etadi.
Shaxsning maʼnaviy madaniyatini shakllantirishga qoʻyiladigan hozirgi zamon talablarini amalga oshirish muammolari oʻzgaruvchan xarakterga ega boʻlib, ijtimoiy tuzum taraqqiyoti bilan ham bogʻliq.
Maʼlumki, oʻziga xos maqsad va vazifalar bilan jamiyat tarkibiga kirib kelgan pedagogik qarashlar XIX-XX asrlar oraligʻidagi buyuk maʼrifiy gʻoyalar tarkibini tashkil qildi. Buning asoschisi sifatida bir qancha maʼrifatparvarlar orasida Abdulla Avloniyni alohida tilga olish joiz. U ayni maʼnoda oʻzbek adabiyoti tarixida “maʼrifatparvar kuychi” sifatida eʼzozlanadi. Uning sheʼrlari, doston va dramatik asarlari oʻzining badiiy pishiqligi, hozirjavobligi hamda odob-axloq borasidagi yetilgan qarashlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Abdulla Avloniy bolalarning taʼlim-tarbiyasiga oid koʻplab asarlar ijod etgan. Ayniqsa, adibning “Vatan”, “Gulistondan bir manzara”, “Bola ila gul”, “Maktab bolasi”, “Yolgʻonchi choʻpon”, “Yalqov” kabi sheʼrlarida ham bu masala yanada yorqinroq koʻrinadi.
Qayd etish lozim, oʻz davrida Avloniy maktabi gumanistik va erkin tarbiya asosida qurilgan, dunyoviy va ilgʻor ilm-fanni bolalarga oʻrgatishni oʻz oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan, yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralasha olish qobiliyatiga ega boʻlishini taʼminlaydigan haqiqiy xalq maktabi boʻldi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzdi. Muallif bizga “Muallimi avval”, “Muallimi soniy”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kitoblarining muallifi sifatida ham ayricha qadrlidir.
Abdulla Avloniyning pedagogikaga oid asarlari ichida “Turkiy guliston yoxud axloq” asari XX asr boshlaridagi pedagogik fikrlar taraqqiyotini oʻrganish jihatidan katta ahamiyatga molik. Mazkur asar axloqiy va taʼlimiy-tarbiyaviy qarashlar jamlangan muazzam manbadir. Asarda insonlarni “yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlardan qaytaruvchi” ilmu axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatdan qaraganda ushbu asar Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Nosir Xusravning “Saodatnoma”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul- qulub”, Ahmad Donishning “Farzandlarga vasiyat” asarlari shaklidagi oʻziga xos tarbiyaviy kitobdir.
Adib asarda pedagog sifatida bola tarbiyasining roli jamiyatdagi haqida qayd etib, “Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, axloqsiz boʻlib oʻsdimi, allohu akbar, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq yerdan turub yulduzlarga qoʻl uzatmak kabidur”, deydi. Mutafakkirning fikricha, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofidagi kishilar nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Shu oʻrinda asarda axloq tushunchasining tarkibiga kiruvchi bir qator muhim masalalar tahlil etilgani borasida ham baʼzi mulohazalar yuritsak. Unda Abdulla Avloniy bola tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi toʻrt boʻlimga ajratadi: 1. Tarbiyaning zamoni; 2. Badan tarbiyasi; 3. Fikr tarbiyasi; 4. Axloq tarbiyasi.
Xususan, asarning “Tarbiyaning zamoni” qismida tarbiyaning uyda, soʻngroq maktab-madrasada olib borilishi hamda bunday ishga imkonsiz xalqning ogʻir moddiy tirikchiligi yoʻl qoʻymayotgani borasida fikr yuritiladi. Unda ayniqsa “Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda oʻqimagan, “usuli taʼlim koʻrmagan muallimlar”, “matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislar” oʻtkir hajv ostiga olinadi. Bu bilan tarbiyani yoshlikdan berish zarurligi, bu ishga hamma — ota-ona, muallim, hukumat va boshqalar birdek kirishishi kerakligi taʼkidlanadi. Mazmun-mundarijasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ushbu asar asrimiz boshlaridagi pedagogik fikr taraqqiyotidagina emas, balki davrning ijtimoiy-estetik tafakkur rivojida ham sezilarli darajada iz qoldira oldi.
Shuningdek, adib fikriga koʻra tarbiya zurriyot dunyoga kelgandan boshlanib, umrning oxiriga qadar davom etishi darkor va u bir qancha bosqich — uy, bogʻcha, maktab hamda jamoatchilik tarbiyasidan tashkil topadi.
Abdulla Avloniy tarbiya doirasini keng maʼnoda anglaydi va uni birgina axloq bilan chegaralab qoʻymaydi. Adib asari orqali birinchi navbatda bolaning sogʻligi haqida gʻamxoʻrlik qilish lozimligini uqtiradi. Yaʼni, sogʻlom fikr, yaxshi axloq, ilm-maʼrifatga ega boʻlish uchun badanni tarbiya qilish zarur: “Badanning salomat va quvvatli boʻlmogʻi insonga eng kerakli narsadur. Chunki oʻqumoq, oʻqutmoq, oʻrganmoq va oʻrgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdur”. Abdulla Avloniy badan tarbiyasi masalasida soʻz yuritib, bolani sogʻlom oʻstirishda ota-onalarga murojaat qiladi, uni fikriy tomondan tarbiyalash uchun esa muallimlarning faoliyatlariga alohida eʼtibor beradi. Ayni zamonda adib taʼlim va tarbiya uzviy bogʻliq ekanini ham taʼkidlab: “Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor boʻlsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur”, deydi.
Abdulla Avloniy ilm toʻgʻrisida yozar ekan, “Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun gʻoyat oliy, muqaddac bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakatimizni oyina kabi koʻrsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi oʻtkur qilmoq, Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...” deya urgʻulaydi.
Adib ilmning amaliy va hayotiy foydalarini alohida qayd etib, “Bizlarni jaholat, qorongʻulikdan qutqarur. Madaniyat insoniyatni maʼrifat dunyosiga chiqarur, yomon feʼllardan, buzugʻ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va odob sohibi qilur. Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, gʻayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilma bogʻlidur”, deya taʼkidlaydi. Adibning obrazli ifodasiga koʻra, ilm bamisoli bodomning ichidagi magʻiz. Uni qoʻlga kiritish uchun mehnat qilish, yaʼni chaqib, uni poʻchogʻidan ajratib olish darkor.
Shulardan anglashiladiki, adib ilmning jamiyat taraqqiyotidagi rolini teran anglagan. Shuning uchun ham u yoshlarni ilm sirlarini bilish, hodisalar mohiyatini yechish, kitob mutolaa qilishga chaqirgan.
Shuningdek, Avloniy idrok va zakoni maʼrifatparvarlik bilan bogʻlab, “Yoshlikdan boshlab zehn va idrokimizni quvvatlandurmoq uchun aziz umrimizni oʻyin-kulgu, safsata kabi behuda soʻzlar ila oʻtkazmay, har xil kitob, gazeta va jurnallarni oʻqub, fikrimizni ochmoq, zehnimizni quvvatlandurmoq lozimdur”, deya qayd etadi. Bu esa adibning xalqni maʼrifat va maʼnaviyatga tashviq qilganidan dalolatdir. Xususan, uning quyidagi sheʼri ham fikrimizni dalillaydi:
Idrok ila aqling-la ayur yaxshi-yomonni,
Behudaga sarf etma shu qimmatli zamonni.
Saʼy et, jadal et, ilmu fununa harakat qil,
Boq, nayladilar hikmat ila ushbu jahonni.
Tarix silsilasi maʼrifatparvar bobomizning asrlar osha yurtimiz va millatimiz taqdiri uchun qaygʻurganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Shunday ekan, bugungi shiddatkor davrda barkamol shaxsni kamol toptirishdek masʼuliyatli, sharafli vazifani egallab turgan kasb egalari, umuman olganda, barchamiz ulugʻ ajdodlarimizning oʻgit va koʻrsatmalariga amal qilsak, aynan Abdulla Avloniy saboqlarini oʻrganib, hayotimizga dasturilamal sifatida joriy etsak nur ustiga nur boʻlajakdir.
Boʻri QODIROV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
huzuridagi Ijtimoiy maʼnaviy tadqiqotlar
instituti boʻlim boshligʻi, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring