Agar unga 1 trillion dollar toʻlanmasa, Mask Tesla kompaniyasini tark etishi mumkin

10:00 29 Oktyabr 2025 Dunyo
509 0

CNBC News xabariga koʻra, Tesla bosh direktori Ilon Mask kompaniyani tark etishi mumkin — agar unga 1 trillion dollarlik kompensatsiya paketi toʻlanmasa.

Xabarda aytilishicha, Tesla kuzatuv kengashi raisi Robin Denholm aksiyadorlarga yuborgan maktubida ogohlantirgan:

“Agar Maskka toʻlov tasdiqlanmasa, u kompaniyani tark etishi mumkin. Ilonsiz Tesla oʻz qiymatining katta qismini yoʻqotadi, chunki bizni endi kelajakdagi innovatsion kompaniya sifatida emas, oddiy avtomobil ishlab chiqaruvchi sifatida koʻrishadi”.

Denholmning soʻzlariga koʻra, Mask kompaniyaning kelajagini belgilovchi asosiy shaxs boʻlib, Tesla endi “faqat navbatdagi avtomobil ishlab chiqaruvchi” emas — balki toʻliq avtopilot tizimi va “Optimus” robotlari yoʻnalishida faol rivojlanmoqda.

U, shuningdek, bu masala “pul yoki mukofot miqdoriga qaraganda koʻproq — taʼsir va nazorat haqida” ekanini taʼkidladi. Mask, xususan, sunʼiy intellekt ustidan xavfsiz nazoratni saqlash uchun yetarli darajadagi taʼsir kuchiga ega boʻlishni istayotganini bildirgan — u ilgari “Optimus robotlar armiyasi” ustidan nazorat yoʻqolishidan xavotir bildirgan edi.

Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyida Tesla Ilon Mask uchun yangi kompensatsion toʻlov rejasini taklif qilgan edi. Rejaga koʻra, u 10-yil ichida 1 trillion dollargacha mukofot olishi mumkin boʻladi. Shartlarga muvofiq, kompaniyaning bozor qiymati oʻsishi talab etiladi. Shartlar bajarilsa, Mask Tesla aksiyalarining 25 foiziga egalik qiladi.

Biroq bu taklif kuchli qarshilikka duch keldi. Institutional Shareholder Services (ISS) konsalting firmasi bu “astronomik miqdor”ni tanqid qilib, aksiyadorlarga qarshi ovoz berishni tavsiya etdi.

Bundan tashqari, kasaba uyushmalari va korporativ kuzatuvchilar guruhi ham Maskning siyosiy faoliyati brend imijiga zarar yetkazayotganini aytib, paketga qarshi kampaniya boshladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер