Raqamli kelajak uchun yangi “yoʻl xaritasi”
Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti nafaqat tabiiy resurslar, balki maʼlumotlar va algoritmlar ustiga qurilmoqda. Shu sababli, hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli boʻlish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim.
Mamlakatimizda IT, sunʼiy intellekt (SI), fintex, konsalting, transport-logistika kabi katta daromad keltiradigan servislarni koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligida unumdorlikni oshirish uchun biomuhandislikdan keng foydalanish, ilgʻor agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qoʻllash, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish kabi maqsadlar kun tartibiga qoʻyilgan. Bu esa kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 mlrd. dollardan oshirish imkonini beradi.
Yaqinda Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan taqdimotda belgilab berilgan muhim yoʻnalishlar yurtimizning raqamli kelajagi uchun yangi “Yoʻl xaritasi” boʻlib xizmat qiladi. Endilikda mamlakat raqamlashtirish sohasida faqatgina boshqalarga yetib olish emas, balki mintaqada trendlarni belgilash va yetakchi boʻlish bosqichiga oʻtdi.
Oʻzbekistonning startap ekotizimi soʻnggi yillarda misli koʻrilmagan oʻsish dinamikasini koʻrsatdi. Ekspertlar baholashiga koʻra, sohaning qiymati 3,9 mlrd. dollarga yetgani bu shunchaki raqam emas, balki xalqaro investorlarning mamlakatimiz intellektual salohiyatiga boʻlgan ishonchidir. 750 dan ortiq startap hamda 180 mln. dollardan ortiq venchur investitsiyalari, bu — poydevor xolos. 2030-yilgacha belgilangan 5000 ta startap maqsadi esa mamlakatimizni “innovatsiyalar fabrikasi”ga aylantirishni koʻzda tutadi.
Islohotlarning xalqaro eʼtirofi
Aytish joizki, 2026-yilning yanvar oyi yurtimiz uchun tarixiy xushxabar bilan boshlandi. Oʻzbekiston dunyodagi eng tez oʻsayotgan ikkinchi startap ekotizimi va Markaziy Osiyoning mutlaq yetakchisi sifatida eʼtirof etildi. Bu shunchaki reyting emas, balki oxirgi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning xalqaro tan olinishidir.
Eng muhimi, maqsad nafaqat sonda, balki sifatda ham namoyon boʻlmoqda. 200 ta startapning eksport bozorlariga chiqishi mamlakatimizning intellektual mahsulot yetkazib beruvchi global ishtirokchiga aylanishini anglatadi. Ikki mlrd. dollarlik venchur investitsiyalari esa Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va istiqbolli davlat sifatida mustahkamlaydi.
Kezi kelganda aytmoqchimizki, Oʻzbekiston joriy etayotgan toʻrt bosqichli yangi tizim sohadagi muammolarga yechim berdi. Bunda ilk qadamlarni grantlar bilan tashlash, mahsulotni yaratish uchun soliq imtiyozlari berish, qoʻshma moliyalashtirish orqali bozorga kirishni tezlashtirish, eksport xarajatlarini qoplash bilan xalqaro maydonga olib chiqish muhim yoʻnalish sifatida belgilab olindi. Bunday yaxlit zanjir yosh tadbirkorlarga nafaqat sarmoya, balki muvaffaqiyatga boʻlgan institutsional kafolatni ham taqdim etdi.
Xizmat koʻrsatishdan intellektual modelgacha
Elektron hukumat sohasida Oʻzbekiston xizmat koʻrsatish modelidan intellektual modelga oʻtayotgani ham katta yutuq. Raqamli xizmatlar sonini 900 taga yetkazish va 50 dan ortiq xizmatlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish davlat idoralarini fuqaroga yanada yaqinlashtiradi. Endilikda bank kartasini ochish, SIM-karta olish yoki sugʻurta rasmiylashtirish uchun navbatlarda turish tarixga aylanadi. Hammasi “my.gov.uz” mobil ilovasida bir necha soniyada hal boʻladi.
Tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda xodimlarni hisobga olish kabi murakkab jarayonlarning raqamlashishi “yashirin iqtisodiyot”ga chek qoʻyib, biznes muhitini shaffoflashtiradi. Joriy yilda tashlangan bu qadamlar 2030-yilga borib Oʻzbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki jahonning eng ilgʻor texnologik markazlaridan biriga aylantiradi. Biz dunyodagi ikkinchi eng tez oʻsayotgan ekotizim boʻlishdan toʻxtamaymiz, maqsad — birinchilikka erishish.
Oʻzbekistonning milliy sunʼiy intellekt infratuzilmasini yaratish, jumladan, superkompyuterlar xarid qilish va 15 ta SI laboratoriyasini tashkil etish rejasi mamlakatning texnologik mustaqilligini taʼminlaydi. Shaxsiy maʼlumotlarni mahalliy serverlarda saqlash talabi va ayni paytda xalqaro standartlarga muvofiq transchegaraviy maʼlumot almashinuviga ruxsat berilishi — oltin oʻrtalikni topish, demakdir.
Bu yondashuv bir tomondan fuqarolar xavfsizligini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, xalqaro fintex hamda toʻlov tizimlari uchun eshiklarni ochiq qoldiradi. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun, avvalo, ulkan hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlay oladigan infratuzilma kerak. Shu maʼnoda, yurtimizda tatbiq etiladigan zamonaviy superkompyuterlar tarixiy ahamiyatga ega. Bu qurilmalar shunchaki texnika emas, balki milliy SI ekotizimining dvigateli hisoblanadi. Ular orqali mahalliy til modellarini oʻqitish, murakkab iqtisodiy prognozlarni ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlarni rekord darajadagi qisqa vaqt ichida amalga oshirish imkoni tugʻiladi.
Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi
Taʼkidlash joizki, ilgʻor texnologiyalarni sotib olishning oʻzi bilan kifoyalanib boʻlmaydi. Uni boshqaradigan va yangi yechimlar yaratadigan mutaxassislar kerak. Shu maʼnoda, 15 ta oliy taʼlim muassasasida SI laboratoriyalarining tashkil etilishi taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlaydi. Bu laboratoriyalar milliy SI mahsulotlarini yaratish, yosh dasturchilarning global bozorda raqobatbardosh boʻlishini taʼminlash, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot uchun aqlli yechimlar ishlab chiqish markazlariga aylanadi. Qolaversa, infratuzilma faqat kompyuterlardan iborat emas. Maʼlumotlarning tezkor almashinuvi uchun sifatli aloqa zarur. Shu yilda “5G” texnologiyalarini keng joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olish darajasini oshirish — bu SI tizimlarining “asab tolalari”ni shakllantirish, demakdir. Sunʼiy yoʻldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejasi esa mamlakatning eng chekka hududlarini ham raqamli taraqqiyot zanjiriga ulaydi. Bu raqamli tengsizlikni bartaraf qilish yoʻlidagi eng samarali qadamdir.
Darvoqe, data-markazlar tarmogʻini kengaytirish va maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash masalasi davlatimiz rahbari tomonidan alohida taʼkidlandi. Raqamli dunyoda maʼlumotlar — bu yangi “neft”dir. Ularni mahalliy data-markazlarda saqlash hamda himoya qilish mamlakatning axborot suverenitetini va fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini kafolatlaydi.
Raqamli texnologiyalar shunchaki qulaylik emas, balki iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va aholi hayoti sifatini yaxshilash vositasi. Joriy yil uchun belgilangan ushbu vazifalar mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi texnologik yetakchiligini taʼminlash bilan birga, yurtimizni global raqamli xaritada muhim xabga aylantirishga xizmat qiladi.
Yangi Oʻzbekistonning raqamli strategiyasi endi nazariyadan amaliyotga — aniq hisoblash quvvatlari va yuqori texnologiyalar bosqichiga oʻtdi. Sohadagi bunday katta oʻzgarishlar kelgusida ulkan natijalarga poydevor boʻladi, albatta.
Baxtiyor MAHKAMOV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent
axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring