Sahro bagʻrida moʻjiza yaratib
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro neftni qayta ishlash zavodining mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan oʻrni xususida koʻp yozilgan. Biz yiliga 2,5 milliard tonna gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega ekanligini, Oʻzbekistonda faqatgina ushbu korxonada aviayonilgʻi tayyorlanishini, bu yerda ayni chogʻda 3368 nafar ishchi – xodim mehnat qilayotganini aytish bilan kifoyalanmoqchimiz.
Eʼtiborlisi, Qorovulbozordagi qip-qizil sahro bagʻrida bundan 37-yil muqaddam barpo etilgan zavodda ekologik barqarorlikka faoliyatning asosiy yoʻnalishlaridan biri deb qaralmoqda. Bu hali korxona hududiga bormay turib koʻzga tashlanadi. Tasmadek tizilgan yoʻl yoqalarida saksovulzorlar barpo etilgan. Manzarali daraxtlar qad rostlab turibdi.
– Hududimizdagi 168 gektar maydonda 110 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan, – deydi korxona bosh ekologi oʻrinbosari Aʼzam Hasanov. – Keyingi bir yilda ular soni 20 ming tupga koʻpaydi. Kuzda ham 10 ming tupdan ziyod koʻchat oʻtqazish taraddudidamiz. Har bir daraxt, koʻchat raqamlashtirilgan. Ularni parvarishlash, zararkunandalardan himoya qilish doimiy eʼtiborimizda.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan butun yurtimiz boʻylab keng quloch yoygan “Yashil makon” dasturi doirasidagi ishlarimiz qamrovi kengaymoqda, – deydi yana bir suhbatdoshimiz, korxona xoʻjalikni boshqarish xizmati rahbari Ilhom Hakimov. – Zavodimiz hududida 10 gektar maydondan iborat “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” barpo etilgani fikrimiz isbotidir. Bu yerda 5300 tup mevali daraxt koʻchatlari parvarish qilinmoqda.
Zavodning yon-atrofida saksovulzoru yantoqzorlar yastanib yotibdi. Ular bilan shundoq yonma-yon yerda olmazor yaratilgan. Bir paytlar qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan sahroda shunday koʻrkam bogʻning barpo etilgani koʻzni quvontiradi. Darvoqe, olmazorda tomchilatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, bu suv sarfini uch baravar kamaytirish imkonini bermoqda.
Korxonada yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar ham eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Shu maqsadda maxsus oʻquv markazi tashkil etilgan. “Ustoz – shogird” anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Oliy oʻquv yurtini tugatgan yosh mutaxassislar ham dastavval markazdagi 148 soatlik mashgʻulotlarda bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashadi. Shundan soʻng toʻlaqonli ishga kirishadi. Behzod Haydarov shu oʻziga xos maktabda saboq oʻtagan yoshlardan.
– 2011-yilda Buxoro gaz sanoati kasb-hunar kollejida oʻqib, yoʻllanma bilan zavodga ishga kelganman, – deydi ayni paytda texnik boʻlim boshligʻi sanalgan Behzod. – Keyin Buxoro muhandislik texnologiya institutida tahsil oldim. Shundan soʻng zavodga qaytib operator, innovatsiya boʻlimi mutaxassisi kabi bir qator vazifalarda ishladim. Kasbim ortidan xorijda boʻlib, xalqaro Yoshlar forumida, qator koʻrgazmalarda qatnashdim. Jamoada menga oʻxshagan yoshlarning oʻz kasb mahoratlarini oshirib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Yaqinda zavod rahbariyati tomonidan korxonada ekologik tashabbuslar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va gender tenglik masalalariga bagʻishlab press – tur tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari korxonada shu yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Zavodning salomatlik markazi, madaniyat saroyi hamda muzeyida boʻlishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring