Sahna sirtidagi saboq
"Rahbar bo’lsang, kitob o’qi" ma’naviy-ma’rifiy loyihasi doirasida
Teatr aktyori — chin ma’noda ijod kishisi. Uni san’atkor deb atashimiz faqat muxlislar ko’z o’ngida tomosha ko’rsatishi uchungina emas. O’zi o’ynagan obrazni ishonarli, tabiiy talqin etish uchun butun ongu tafakkurini safarbar qilishi, mahoratni ishga solishi haqiqiy san’atkorona mehnatni talab qiladi.
Sahnada o’ynalgan rol dramaturg, rejissyor va aktyorning uyg’unlashgan mehnati samarasidir. Uch xil mashg’ulot vakillarini birlashtirib turgan narsa, bu — so’zdir. So’z qancha ta’sirchan bo’lsa, uni qabul qiluvchi shuncha ma’nodor fikrga ega bo’ladi.
Nafaqat tomoshabinga, balki o’quvchiga, kitobxonga ham fikr aytish ehtiyoji aktyorlarda paydo bo’lishi badiiy ijodning qonuniy ko’rinishidir. Bunga jahon teatr aktyorlari, qolaversa, o’zbek sahna san’ati vakillari ijodida misollar juda-juda ko’p.
Qo’liga qalam olib, ko’nglida tug’ilgan fikrlarni, kitobxonga aytadigan muhim gaplarni qog’ozga tushirayotgan san’atkorlarimizdan biri — O’zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullaevdir. Ilgari mazkur muallifning “Qismatim” va “O’kinch” kitoblarini muxlislar zo’r qiziqish bilan kutib olishgandi. “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Meni kechir” sarlavhali kitob ham mushtariy qalbidan joy olishi, shubhasiz. Ushbu kitob bir qissa va o’ndan ziyod voqeiy hikoyalardan iborat.
Qissada insonlar hayotidagi charog’on va bulutli kunlar nihoyatda qiziqarli bayon etilgan. Ko’rinishidan hammaning havasini keltiradigan ziyoli yigit unashtirilgan Bahrixon degan qizni olib qochadi. Hali hayotning past-balandini ko’rmagan qizgina yigitning shohona turmush haqidagi cho’pchaklariga laqqa tushadi. Bevafo yigit ko’p o’tmasdan yuqori idorada ishlayotgan kattakonning qiziga uylanib, imtiyozlarga ega bo’ladi, Bahrixonni taqdir hukmiga tashlaydi. Orada ko’p suvlar oqib, nihoyat yigitning ikkinchi “muhabbati” “Bevafoga” deb she’r yozgan shoirdan ajrab, Bahrixonga chin g’amxo’rlik ko’rsatadi, uni dastlab unashtirilgan yigiti bilan hayot qurishiga yordam beradi. Bunday kutilmagan voqealar qanday ro’y berganligini bilmoqchimisiz, marhamat, kitobni o’qib ko’ring.
Kitobdagi hamma hikoyalar hayotda ro’y bergan voqealar asosida yozilgan. Unda muallif va u kishining hayotdagi hamda sahnadagi yo’ldoshi Gulchehra Sa’dullaevani el-yurt nazariga tushishlarida sababchi bo’lgan mehribon ustozlar xizmati, ezgu maqsad yo’lida qilingan fidoyi mehnatning quvonchli samaralari, ba’zan hasad degan illat keltirgan oqibatlar qog’ozga tushirilgan.
Bu voqealardan voqif bo’lar ekanmiz, o’tgan asrda sahna san’atining Yalangto’shi Shukur Burxonovning qanotli iborasi xayolimizga keladi. San’atimiz darg’asi ijodining eng gullagan davrida teleekran orqali “Shu yo’ldan keldim, shu yo’ldan ketay”, degan ta’sirli so’zlarni aytgandi. Buning ma’nosi butun umr haqiqatni, to’g’ri so’zni aytib keldim, birovlarga yaxshi ko’rinish uchun laganbardorlik qilmadim, endi ham ana shu aqidamdan chekinmayman, degan yorqin fikrni anglatgandi. Lutfulla Sa’dullaev ham ixlos qo’ygan ustozi izidan borib, hamisha haqiqatni gapirib kelgan. Ochiqdan-ochiq, ro’y-rost chin so’z poymol bo’lganda, sukut saqlamagan, adolat tantanasi uchun, kerak bo’lsa, hayqirgan. O’z iste’dodi, muttasil mehnatiga ishonib, g’irromlik qilgan rahbarlarning yuz-ko’ziga oyna tutqazgan. Nafaqat sahnada, sahna sirtida ham saboq olgan. Shunday keskin muomalaga, har qanday diplomatiya yo’liga yurmaganligi uchun turmush o’rtog’i Gulchehra Sa’dullaeva sevimli teatrida ishlamayotganini izohlaydi. Va keng kitobxonlar huzurida “Meni kechir” deya nido qiladi. Ana shu so’z kitobga sarlavha bo’ladi.
Aslida Lutfulla Sa’dullaev va Gulchehra Sa’dullaevaning ibratli hayoti, bir-birlariga sadoqati har jihatdan namuna olgulik. Bu gapni shuning uchun aytyapmizki, ba’zan “Darakchi” sahifalarida estrada olamiga endi qadam qo’yayotgan yoshlar el ko’zida katta to’y qilib hayot qurishayotganligi, oradan ko’p o’tmay arzimas sabablar bilan ajrab ketayotganligi haqida o’qib qolamiz. Oiladagi muhitni birday saqlash, hayotda duch kelgan to’siqlarni sabr-matonat bilan engib o’tishni hamma ham uddalayvermaydi. Bunga qanday erishilayotganligi to’g’risida mazkur kitob sahifalarida aniq javoblar, hayotiy saboqlarga asoslangan mulohazalarni o’qish mumkin.
Albatta, boshqa hikoyalarda ham hayotning turfa ko’rinishlariga Lutfulla Sa’dullaev ko’zi bilan nazar tashlaymiz. Ularni ajib bir hayajon, entikish bilan o’qiymiz. Voqealar echimidan o’zimizga kerakli xulosa, aniqrog’i, saboq olamiz. Shunday bo’lgan bo’lsa, muallif o’z maqsadiga erishibdi, desak, fikrimizga qo’shilarsiz...
Shuhrat JABBOROV,
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring