Sadoqat va matonat timsoli
9-may — Xotira va qadrlash kuni
Tarix silsilasida biz guvohi boʻlayotgan koʻplab voqea-hodisalar orasida ona Vatanga fidokorona xizmat qilgan insonlar haqidagi hikoyalar alohida oʻrin tutadi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, fidoyi pedagog Bekseyit ota Boymirzayevning hayot yoʻlini jasorat va fidokorona mehnat qissasi, yosh avlodni ilhomlantiruvchi va xalq xizmatida boʻlish qanchalik saodat ekanini eslatuvchi ibrat namunasi, deyish mumkin.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida oddiy dehqon oilasida 1924-yil 10-may kuni dunyoga kelgan Bekseyitning bolaligi ogʻir kunlarda oʻtdi, lekin u oʻzining hayotiy tamoyilini aynan shu sinovlarda tobladi. Yoshligidayoq el-yurtga xizmat qilish, muhtojlarga yordam berish majburiyatini his etib voyaga yetdi.
Bolalik davri — ogʻir ocharchilik yillaridan eson-omon oʻtib, oʻn yoshida maktab ostonasini hatlab, birinchi sinfga bordi. 1941-yilda ilmga tashna oʻsmir qishloq maktabining 7-sinfini tugatib, Toshkentdagi pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi. 1942-yilning kuzida u frontga ketdi.
Ikkinchi jahon urushi paytida u 2-Ukraina fronti tarkibida jang qiladi va gʻalabani Pragada nishonlaydi. Keyin uni taqdir soʻqmoqlari Sharqqa yetakladi va yapon imperialistlari bilan kechgan urushda qatnashadi. Asosiy janglar Uzoq Sharq mintaqalarining, yaʼni Yaponiyaning asosiy quruqlikdagi kuchlari boʻlmish Kvantun armiyasi joylashgan hududlarda kechadi. Nihoyat mazkur armiyaning magʻlubiyati Yaponiyaning soʻzsiz taslim boʻlishiga olib keladi. Bekseyit otaning jasorati, Vatanga sadoqati jang va sinovlarda koʻp marta namoyon boʻlib, u qator orden va medallar bilan taqdirlanadi. Va 1947-yilgacha serjant unvoni bilan armiya safida qoladi.
Ona zaminga qaytgach, tumandagi 24-umumtaʼlim maktabida jismoniy tarbiya oʻqituvchisi sifatida ishlay boshlaydi. Bekseyit ota yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish barobarida urush tufayli uzilib qolgan pedagogika bilim yurtidagi oʻqishini davom ettirib, uni muvaffaqiyatli tamomlaydi. Oradan bir necha yil oʻtib, oʻsha vaqtdagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini sirtdan tamomlab, oliy maʼlumotli mutaxassis boʻlib yetishadi. Yillar davomida u oʻqituvchilikdan maktab direktorligigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtadi.
Bekseyit ota muhim yutuqlaridan biri deb, oʻzi istiqomat qilayotgan qishlogʻida 1972-yilda foydalanishga topshirilgan yangi maktab binosini biladi. Bu hududda taʼlim rivojiga qoʻshilgan muhim hissa boʻlib, oʻquvchilarga yaxshi bilim olish uchun sharoitlar yaratib berdi. Natijada maktab bitiruvchilari orasida turli kasb-hunarlarni egallagan oliy maʼlumotli mutaxassislar safi kengaydi.
Tajribali oʻqituvchi, tashabbuskor rahbar, xalq taʼlimi aʼlochisi Bekseyit otaning maorif tizimidagi koʻp yillik samarali mehnati, yosh avlodni oʻqitish va tarbiyalashda erishgan yutuqlari yuksak mukofotlarga loyiq topilgan.
— Bekseyit otaning faoliyati faqat taʼlim bilan chegaralanib qolmadi, — deydi respublika Qozoq milliy madaniy markazi viloyat boʻlimi rahbari Damir Qaldiboyev. — Hozir ham oʻz hududidagi aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etib kelmoqda. U hamisha aholi turmush tarzini yaxshilashga intilib keladi, muhtojlarga yordam berishga doimo tayyor.
Otaxon turmush oʻrtogʻi Gulayim opa bilan toʻrt nafar farzandni voyaga yetkazdi, ularning barchasi oliy maʼlumotli, oilasi badastir. Katta oʻgʻli Quralbek neft va gaz sanoati mutaxassisi, qizlari Gulnora va Qarligʻash, kenja oʻgʻli Sirimbek ota izidan borib, pedagoglik kasbini tanladi. Nabirasi Dilbar esa koʻplab goʻzal va shinam binolarning muallifi va meʼmoridir.
— Mamlakatimizda urush va mehnat faxriylari doimo hurmat va eʼzozda, — deydi Bekseyit ota mamnuniyat bilan. — Har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan biz kabi urush qatnashchilari va front orti mehnatkashlari moddiy ragʻbatlantiriladi. Bunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun chin dildan minnatdorman. Davlatimiz rahbari va yaqin insonlarimning qoʻllab-quvvatlashi men uchun katta ahamiyatga ega. Yaxshi soʻzlar va iliq tilaklar qalbimni quvonch va baxtga toʻldirmoqda.
Mana shunday qutlugʻ ayyom kunlari Bekseyit ota oilasida oʻzgacha shodiyona, katta tantana. Urush va mehnat faxriysi Bekseyit otani qutlugʻ 100 yoshga toʻlishi munosabati bilan farzandlari, nabiralari, shogirdlari, qarindosh-u mahalladoshlari, tuman va viloyat rahbariyati mutasaddilari, respublika Qozoq milliy madaniyat markazi vakillari tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va fayz-u baraka tilamoqda. Ularning har birining dilida shunday tilak mujassam: “Ona Vatanimizni himoya qilishda koʻrsatgan jasoratingiz uchun tashakkur. 9-may — Xotira va Qadrlash kuni qalbingizni faxr hamda iftixorga toʻldirsin, siz kabi vatandoshlarimizning urush yillari koʻrsatgan qahramonligingiz hamisha qalbimiz toʻrida boʻladi. Sizning sadoqatingiz va matonatingiz yosh avlodni buyuk ishlarga ilhomlantiradi. Bayramingiz muborak boʻlsin!”
Nurlan USMONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Inson hayotidagi bosqichli davrlar. Qarish jarayoni bir tekis kechmasligi maʼlum boʻldi
- Ostonadagi kinoteatrda yirik yongʻin yuz berdi (+video)
- Tailand va Kambodja oʻrtasida toʻqnashuvlar avj oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring