Ruslardan oldinga yurish, AQSHda prezidentlik poygasi va Oʻshda sel (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Bayden “otdan tushsa ham egardan tushmayapti”
AQSH prezidenti Jo Bayden muvaffaqiyatsiz saylovoldi debatidan soʻng demokrat donorlarini noyabrda boʻlib oʻtadigan saylovlarda gʻalaba qozonishga ishontirdi.
81 yoshli prezident shanba kuni Nyu-York va Nyu-Jersidagi bir qator mablagʻ yigʻish tadbirlarida qatnashdi. Payshanba kuni oʻtgan debat haqida gapirar ekan “Men muvaffaqiyatli kechani oʻtkazmadim. Tramp ham yaxshi natija qayd etgani yoʻq. Men sizga vaʼda beraman biz bu saylovda gʻalaba qozonamiz”, — degan amaldagi prezident.
Bir qancha demokratlarda saylov oldi bahsidagi chiqishdan soʻng Bayden toʻgʻri nomzodmi yoki yoʻqmi degan xavotirlarni kuchaytirgan. Demokratlar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi Bayden yaxshi chiqish qilmaganini aytgan. Prezident xavotirlarni tushunishi lekin qattiqroq kurashishga vaʼda bergani maʼlum. Baydenning yaqin doʻsti, sobiq prezident Barak Obama ham ijtimoiy tarmoqlarda munozara kechasi yaxshi oʻtmaganini yozgan.
Tramp esa oʻz tarafdorlariga debat katta gʻalaba olib kelganini taʼkidlagan. “Jo Baydenning muammosi uning yoshida emas. Gap uning malakasida. U qoʻpol va qobiliyatsiz”, — dedi 78 yoshli Tramp.
Avvalroq qator nashrlar Bayden oilasi, jumladan, Baydenning rafiqasi Jill Bayden, uning singlisi Valeri Bayden, 85 yoshli Ted Kaufman, prezidentning uzoq yillik doʻsti va doimiy maslahatchisi, shuningdek, Oq uy maslahatchilarining kichik guruhi prezidenti saylovda qatnashishdan voz kechishga koʻndirmoq ekanligini yozgan edi.
Rus askarlari Ukrainaning ikkita qishlogʻini egallab oldi
Rossiya Mudofaa vazirligi Donetsk viloyatida joylashgan Spornoye va Novoaleksandrovka qishloqlarini egallab olganini maʼlum qildi.
Soʻnggi oylarda Rossiya qoʻshinlari sharqda ukrain mudofaasini bosqichma-bosqich yorib oʻtayotgani aytilmoqda. Jumladan, Moskva bir necha haftadan beri Ukraina sharqidagi qishloqlarni nazoratiga olgani haqida yozgan. Kam sonli qoʻshin va qurolga ega boʻlgan ukrainaliklar dushman kuchlarining hujumini qaytarishga harakat qilmoqda.
Okkupatsiya qilingan Ocheretinoning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan Novoaleksandrovka qishlogʻi hozirda Moskva nazoratiga oʻtgan. Kichik Spornoye qishlogʻi esa Donetsk viloyatining shimolida, qoʻshni Lugansk viloyati bilan chegara yaqinida joylashgan.
NATO va Rossiya suv osti kemalari Boltiq dengizida toʻqnashdi
Rossiyaning ikki suv osti kemasi NATO kemalari bilan Boltiq dengizida toʻqnash keldi.
Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu insident NATOning Boltiq mintaqasida oʻz harbiy mashgʻulotlarini oʻtkazgan paytda sodir boʻldi. Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qoʻshilishi Boltiq dengizining hozirda “NATO koʻli” laqabini olishiga sabab boʻlgan edi. Rossiyaning floti joylashgan Kaliningrad anklavi ushbu mojaro uchun muhim strategik nuqtaga aylandi.
Boltiqboʻyi mashgʻulotlari NATOning “Baltops” harbiy mashgʻulotlari doirasida boʻlib, unda Shvetsiya birinchi marta ishtirok etmoqda. Ushbu harbiy mashqlar suv osti kemalarini aniqlash va dengiz minalarini tozalash kabi vazifalarni qamrab oladi.
Eslatib oʻtamiz, harbiy mashgʻulotlar 9-iyulda boshlanadigan Vashingtondagi NATO sammiti oldidan oʻtkazilmoqda.
Qirgʻizistondagi sel oqibatida 9 kishi halok boʻldi
30-iyun kuni Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida sodir boʻlgan sel oqibatida 9 kishi, jumladan, bolalar halok boʻldi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bergan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, halok boʻlganlarning olti nafari 8 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan bolalardir. Ularning barchasi bir oila vakillari ekani aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, qidiruv tadbirlarida 373 kishi qatnashgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring