Ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi oʻz joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi — Musulmonlari idorasi

09:34 04 Iyun 2021 Jamiyat
997 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati yoʻl harakati xavfsizligiga rioya qilish haqida fatvo berdi.

"Savol: Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari yaqin tariximizda insonlar tomonidan oʻylab topilgani maʼlum. Unga rioya qilishga Dinimizning munosabati qanday?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Muborak dinimiz koʻrsatmalari inson hayotining hamma jihatini oʻz ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi oʻrnini belgilab beradi. Islom shariati insonning hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish maqsadida odam bolasini aziz va mukarram deb eʼlon qilgan. Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday deb marhamat qiladi:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا

yaʼni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik” (Isro surasi 70-oyat).

Inson zotiga turli xil ulovlarning boʻysundirilishi, harakatlanishi uchun qulay imkoniyatlar qilingani, keyingi asrlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi – Alloh taolo tomonidan bandasiga ato etilgan ulugʻ neʼmatlardir. Bu haqda Alloh taolo Oʻz kalomida shunday marhamat qiladi:

وَتَحْمِلُ أَثْقَالَكُمْ إِلَىٰ بَلَدٍ لَّمْ تَكُونُوا بَالِغِيهِ إِلَّا بِشِقِّ الْأَنفُسِ ۚ إِنَّ رَبَّكُمْ لَرَءُوفٌ رَّحِيمٌ (7 ) وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً ۚ وَيَخْلُقُ مَا لَا تَعْلَمُونَ (8)

yaʼni: “Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni koʻtarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi 7, 8-oyatlar).

Islom shariati yoʻl harakati qoidalariga – ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yoʻl harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga yetishga xizmat qiladi:

Hayotni saqlash.

Avlodni saqlash.

Mulkni saqlash.

Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim boʻlgan koʻplab sunnatlar va odoblar mavjud. Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida oʻzi va oʻzgalarni xatarga qoʻymasligi, piyodalar, yoʻlovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yoʻl harakati ishtirokchilarining barchasi yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari lozim boʻladi. Qoidani buzish – boshqa bir yoʻl harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

Islomning asos qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ (رواه الامام ابن ماجه عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

yaʼni: “(Islomda) Zarar koʻrish ham zarar berish ham yoʻq” (Imom Bayhaqiy, 133-hadis). Ushbu sharʼiy qoidaga koʻra haydovchi oʻzgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar boʻladi. Faqat haydovchiga bogʻliq boʻlmagan, uning aybi yoʻq holatlar – bundan mustasno hisoblanadi.

Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish boʻyicha doimiy qoʻmitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yoʻl harakati qoidalariga amal qilish – vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga koʻra yoʻl qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qoʻllash joizligi kelib chiqadi.

Har bir musulmon haydovchi oʻzining beparvoligi, maʼsuliyatsizligi, avtotransportga xizmat koʻrsatish va yoʻl harakati tartib-qoidalariga rioya etmaslik oqibatida baxtsiz hodisa roʻy bersa, amaldagi qonunlar asosida javob berishi, shariat nuqtai-nazaridan esa gunohkor boʻlishi va Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida ham javob berishini unutmasligi lozim. Qurʼoni Karimda “Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u oʻzingizdandir....”, – deyilgan (Niso surasi 79-oyat).

Taʼkidlash joizki, ayrim mutaassib shaxslar: “Yoʻl harakati qoidalari Qurʼoni karimda ham, sunnatda ham vorid boʻlmagan, u islom shariatidan tashqaridagi narsa, demak, unga amal qilmasa ham boʻlaveradi” degan oʻta xatarli “fatvo”larni bermoqdalar. Baʼzi musulmonlarning bu kabi nayranglarga uchishi oqibatida bugungi kunda yoʻldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va yoʻl-transport hodisalari roʻy bermoqda. Aslida esa yoʻlda harakatlanishda qoidalarga rioya etish, odob va madaniyat borasida musulmonlar peshqadam boʻlishlari lozim.

Yoʻllardagi baxtsiz hodisalarning aksariyati tezlikni oshirish va qarama-qarshi yoʻlga chiqish oqibatida sodir boʻlmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda shoshqaloqlikdir. Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir ishda sahobalarni shoshqaloqlikdan qaytarib kelganlar va hadisi shariflaridan birida:

التَّأنِّي من اللهِ والعجَلَةُ من الشيطانِ (رواه البيهقي في “السنن الكبرى”)

yaʼni: “Bosiqlik – Allohdan, shoshqaloqlik – shaytondandir”, – deganlar (Imom Bayhaqiy, 20280-hadis).

Shuningdek, yoʻlning qatnov qismida toʻxtab, yoʻlovchi olish, harakatni toʻsib gaplashib turish yoki transport vositasini yoʻlning oʻrtasida qoldirib ketish ham shariat man etgan amallardan hisoblanadi. Sahl ibn Muoz oʻz otasidan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bu jonivorlarni yaroqli holida mininglar va yaroqli holida tark etinglar. Ularni yoʻl va bozorlarda gaplashish uchun kursilar qilib olmanglar”, – deganlar (Imom Hokim, 444-hadis).

Abu Sirmadan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tugʻdirsa, Alloh uni mashaqqatga qoʻyadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud, 3635-hadis).

Insonning hayoti va sogʻligʻi Alloh taolo tomonidan vaqtincha berilgan. Oʻz sogʻligʻiga zarar yetkazgan odam ushbu qilmishi uchun Yaratgan oldida javob beradi. Haydovchi va piyodalar transport yoʻllarida yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasligi, avvalo oʻz hayotlarini, qolaversa boshqa insonlarni ham xavf ostiga qoʻyadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni oʻz jonlarini tahlikaga solishdan qaytargan:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ

yaʼni: “Oʻzingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi 195-oyat).

Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yoʻlovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi oʻzining va boshqalarning hayotini xatarga qoʻyish boʻladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni muftiyati ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi oʻz joniga qasd qilgan boʻladi, deb fatvo bergan.

Taʼkidlash joizki, aksariyat yoʻl-transport hodisalari mast holda transport vositasini boshqarish sababli yuz beradi. Mast holda rulga oʻtirish amaldagi qonunlarni qoʻpol ravishda buzish, islomda esa ogʻir gunoh hisoblanadi. Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga masʼuldir. Haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin (javobgar) boʻladi. Haydovchi yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib oʻzgaga zarar yetkazsa, javobgar boʻladi. Chunki islom shariatida haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.

Haydovchi oʻzining, yoʻlovchilarning hamda boshqalarning xavfsizligiga va salomatligiga ham masʼul hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan uning yoʻl harakati xavfsizligiga rioya qilishi Islom shariatida vojib hisoblanadi.

Shunga koʻra, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaydigan kishiga transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas. Chunki u mazkur qoidalarni buzish orqali birovlarning haqlarini poymol qiladi, oʻzining ham, boshqaning ham hayotini xavf ostiga qoʻyadi hamda omma xalq manfaatlarini koʻzlab joriy qilingan nizomga qarshi chiqqan boʻladi. Bu esa – Islom shariatiga mutlaqo ziddir.

Imom Muslim Abu Bakra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon agar bir musulmon birodariga qurol oʻqtalsa, to uni tushirmaguncha farishtalar unga laʼnat aytadi”, – deganlar (Imom Muslim, 2616-hadis). Zamonamiz ulamolari temir transport vositasini belgilangan qoidalarga xilof ravishda haydab kishilarning hayotiga tahdid solayotgan haydovchi ham ushbu hadisi sharifga muvofiq farishtalar laʼnatiga duchor boʻladi, deydilar.

Ayrim holatlarda zaruratsiz signal chalish, ovoz chiqaradigan vositalarni baland qoʻyish bilan oʻzgalarga ozor berish hamda qorongʻi vaqtda koʻzni qamashtiradigan taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish holatlari kuzatiladi. “Qoʻli va tili bilan oʻzgalarga ozor bermagan kishi – (komil) musulmondir” deyilgan (Imom Buxoriy, 6484-hadis) hadisga koʻra bunday harakatlar dinimizda qaytarilgan amal hisoblanadi.

Transport vositasini yoʻl yurishga toʻliq javob beradigan darajada yaroqli boʻlishi ham dinimiz talablaridan sanaladi. Shu bois haydovchi transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va toʻliq jihozlanganligini tekshirishi va yoʻlga toʻla-toʻkis tayyorlashi kerak. Fiqhiy qoidaga koʻra, “Vojib usiz mukammal boʻlmaydigan ish ham – vojibdir”. Demak, transport vositasini haydash joiz boʻlishi uchun ushbu texnika yoʻlga toʻla yaroqli boʻlishi lozim. Transport vositalarining texnik holati va jihozlari meʼyoriy talablarga toʻla muvofiq boʻlishi kerak. Aks holda – transport vositasini haydash sharʼan mumkin boʻlmaydi. Shu jumladan, foydani koʻzlab yuk tashishga moʻljallangan transport vositasini belgilangan vazndan ortiq yuklash ham yoʻl harakati xavfsizligiga, demak, insonlarning hayotiga tahdid solishi sababli sharʼan joiz emas.

Islomda naqliyot vositalariga alohida eʼtibor beriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻsha vaqtda miniladigan barcha ulovlardan yaroqli holda foydalanishga, yaxshi parvarish qilishga buyurganlar. Transport vositasi yoʻlga yaroqli boʻlishi lozim boʻlganidek, uni haydovchi shaxs ham uni haydashga layoqatli boʻlishi sharʼan vojib. Yaʼni haydovchi oʻzi minmoqchi boʻlgan transport vositasini haydashga ayni vaqtda aqlan va jismonan layoqatli boʻlishi hamda kerakli bilim va tajribaga ega boʻlishi lozim. Aks holda, u oʻzining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qoʻyishi muqarrar. Bu esa sharʼan harom hisoblanadi. Shuning uchun, haydovchi shaxsning transport vositasini bezarar, oʻziga ham, boshqalarga zarar keltirmay boshqarishiga toʻla ishonchi boʻlmasa, ayniqsa, mastlik holatida, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas.

Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, baxtsiz hodisalarda eng koʻp aybdorlar yosh haydovchilardir. Ularning uquvsizligi va tajribasizligi borasidagi Alloh taoloning huzuridagi masʼuliyat – haydovchilarning oʻqitish tizimidagi masʼullarning zimmasidadir. Ular haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha zimmalaridagi vazifalarini vijdonan bajarishlari, yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan oʻquvchilarga haydovchilik guvohnomasini bermasliklari lozim. Aks holda malakasiz haydovchining sodir etayotgan yoʻlbuzarliklariga bu dunyoda ham, Qiyomatda ham tegishli tarzda javobgar boʻladilar. Hadisda taʼkidlangan: “Barchangiz qoʻl ostingdagilarga masʼulsizlar” (Imom Buxoriy, 2409-hadis).

Shuningdek, piyodalar ham yoʻl harakatida oʻz hayotlarini xatarga qoʻymasliklari talab etiladi. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yoʻlkasidan, faqat ular boʻlmagandagina ehtiyotlik bilan yoʻl yoqasidan yurishlari, yoʻlning qatnov qismini piyodalar oʻtish joylaridan, shuningdek yer osti va yer usti oʻtish joylaridan, ular boʻlmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yoʻl yoqasi boʻylab kesib oʻtishlari kerak. Ushbu qoidalarni buzish insonning bila turib oʻz hayotini xatarga qoʻyishi hisoblanib, bunday ish qilgan musulmon shariat nuqtayi nazaridan gunohkor boʻladi.

Yoʻl odoblaridan muhimlari – oʻzaro iltifot koʻrsatish va hurmat bilan munosabatda boʻlish hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga oʻn barobar (koʻpaytirib yozilur)...” deb taʼkidlagan (Anʼom surasi 160-oyat).

Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

- dunyodagi aksariyat fatvo uyushmalari va islom ulamolari xulosasiga muvofiq, yoʻl harakati qoidalariga amal qilish sharʼan vojib amal hisoblanadi. Zero, mazkur qoidalar shariatimiz taʼlimotlariga toʻgʻri keladi. Musulmonlar ushbu qoidalarga eʼtiqodan va qunt bilan amal qilishlari kerak;

- ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi sharʼiy jihatdan haddidan oshgan va oʻz joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi.

- yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaydigan yoki bunga layoqati boʻlmagan shaxslarning transport vositasini boshqarishi joiz emas;

- yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan holatda transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas;

- transport vositasi yoʻlga yaroqli boʻlmagan holatda undan foydalanish sharʼan man etiladi;

- yoʻl jamoa foydalanadigan tarmoq ekani sababli yoʻl harakati ishtirokchilari oʻzaro odob va madaniyat bilan munosabatda boʻlishlari, boshqalarga xalaqit berishdan, qoʻpol soʻz va xatti-harakatlardan saqlanishlari lozim.

Musulmon kishini yoʻl harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yoʻl harakati havfsizligi boʻlinmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yoʻl harakati qonun-qoidalariga amal qilish – Islom shariatining talabi deb eʼtiqod qilgan holda bajarishi kerak. Shunda yoʻlda yurish ham ibodatga aylanadi. Vallohu aʼlam" deyiladi ushbu fatvoda.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер